O‘zbekiston | 12:13 / 04.04.2025
2308
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya O‘zbekistonda "halol" standarti asosida oziq-ovqat ishlab chiqarishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning CB Synergy kompaniyasi bosh direktori Shaxzeli bin Shaxzulkarib boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda O‘zbekistonda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari xususida fikr almashildi.

Malayziya kompaniyasi rahbari mamlakatda mahalliy go‘shtni qayta ishlash orqali "halol" standartlari asosida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda kichik gidroelektr stansiyalarini qurish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini jiddiy ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

Shaxzeli bin Shaxzulkaribning aytishicha, O‘zbekiston kelajakda Markaziy Osiyoda "halol" mahsulotlar habiga aylanishi hamda mamlakatimizda "halol" standartlari asosida mahsulotlar ishlab chiqarish istiqbolli bo‘lishi mumkin.

"Kompaniyamiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda "halol" go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash loyihasini amalga oshirish maqsadida Perak Halal Corporation Sdn Bhd davlat kompaniyasi hamda Ramly Food Processing Sdn Bhd, CP Food Malaysia kabi xususiy "halol" oziq-ovqat kompaniyalari bilan konsorsium tuzish bo‘yicha kelishuv ishlab chiqilmoqda", dedi u.

Shuningdek, CB Synergy kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Ng Su Bun O‘zbekistonda mavjud daryo va kanallarda suv oqimidan oqilona foydalangan holda kichik gidroelektr stansiyalarini qurish loyihasini mahalliy hamkorlar bilan birga amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida belgilangan loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o‘rganish uchun kompaniya rahbariyatining O‘zbekistonga safarini tashkil etishga kelishib olindi.

Mavzuga oid