Jahon | 10:17 / 28.10.2025
1451
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada kabelga o‘t qo‘yilishi temiryo‘l qatnovining buzilishiga olib keldi

Marsel va Parij orasidagi yo‘nalishda qasddan kabel yoqib yuborilishi tufayli Fransiyada taxminan yuzta tezyurar poyezd harakati izdan chiqdi. 70 000 yo‘lovchi zarar ko‘rdi. Tiklash ishlari davom etmoqda.

Foto: Reuters

Fransiyaning janubi-sharqida, Valans shahri yaqinida temiryo‘l kabeliga o‘t qo‘yilishi natijasida, dushanba, 27 oktabr kuni taxminan yuzta tezyurar poyezd harakati to‘xtatildi. Bu «qasddan qilingan harakat», deb ta’kidladi Fransiya transport vaziri Filipp Tabaro ijtimoiy tarmoqlarda.

Hodisa Fransiyaning eng gavjum temiryo‘l tarmog‘i — Parij va Marselni bog‘laydigan yo‘lda poyezdlar harakatining buzilishiga sabab bo‘ldi. SNCF Fransiya temiryo‘l kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, uzunligi 25 metr bo‘lgan qismda hozir 16 ta kabelni almashtirish kerak. Doimiy qatnov 28 oktyabr tongidan erta tiklanmaydi, deb kutilmoqda.

Tabaro ta’kidlashicha, hodisadan taxminan 70 000 yo‘lovchi jabr ko‘rgan. «Uzunligi 28 000 kilometr bo‘lgan temiryo‘l tarmog‘imizda diversiyalar va kabel o‘g‘irlanishiga qarshi kurash jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda», — dedi u X mikroblogida.

Xabar chop etilgan paytga qadar kabellarni yoqib yuborish uchun kim javobgar bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot kelib tushmagan.

Hodisadan so‘ng Parijdagi Lion vokzalida Marselga ketishi kerak bo‘lgan bekor qilingan poyezdlar uchun chiptani qaytarishni istaganlar navbatlari hosil bo‘ldi.

Fransiyada oxirgi oylarda poyezdlar harakatidagi uzilishlar birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Jumladan, iyun oyida mamlakatning shimolida kabel o‘g‘irlanishi Parij va London o‘rtasidagi Eurostar poyezdlari harakatini bir necha kunga izdan chiqargan edi.

Mart oyida esa Parij atrofida Ikkinchi jahon urushi davriga tegishli 500 kilogrammli bomba topilishi ortidan minglab yo‘lovchilar poytaxtda qolib ketgandi.

Germaniyada ham oxirgi oylarda bir necha bor kabellarni yoqib yuborish va temiryo‘l infratuzilmasiga boshqa zarar yetkazish holatlari qayd etildi, bu esa uzoq masofaga harakatlanuvchi poyezdlar qatnovida katta ko‘lamli uzilishlarga olib kelgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid