Jahon | 22:39 / 01.11.2025
2662
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda 600 ming migrant Rossiyada ijtimoiy-madaniy moslashuv kursidan o‘tdi

Bu chet el fuqarolarining deviant xulq-atvorini kamaytirishga, oldini olishga qaratilgan ma’rifiy ish ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: RIA Novosti / Yevgeniy Yepanchinsev

2025 yilning to‘qqiz oyida 600 mingdan ortiq migrant ijtimoiy-madaniy moslashuv kursidan o‘tdi, dedi Rossiya Milliy ishlar bo‘yicha federal agentlik (FADN) rahbari Igor Barinov. Uning so‘zlariga ko‘ra, moslashtirish markazlariga kurslarni tamomlagan 55 ming nafar chet el fuqarosi kelgan.

«Mana, hududlardan bu ish haqida shunday ijobiy fikrlar kelmoqda - ular natijani ko‘rmoqda. Bu chet el fuqarolarining deviant xulq-atvorini kamaytirishga, oldini olishga qaratilgan ma’rifiy ishdir», dedi Barinov «Rossiya xalqlari» Butunrossiya forumi yig‘ilishida.

FADN rahbari, shuningdek, moslashuv dasturi migrantlarning «asosiy ommasi» foydasiga ishlayotganini, biroq u «terrorchilar yoki Rossiyaga jinoiy maqsadlarda kelgan odamlarni qayta tarbiyalashi» dargumonligini aytdi.

FADN moslashuv kursini ishlab chiqqani haqida 2024 yil iyul oyida xabar bergan edi. U 70 daqiqalik ma’ruza bo‘lib, xorijliklarga Rossiyaning migratsiya va mehnat qonunchiligi qoidalari, shuningdek, mamlakat va muayyan hududlardagi xulq-atvor qoidalari haqida ma’lumot beradi. 15 iyul kuni agentlik rahbari o‘rinbosari Stanislav Bedkin kurs Rossiyaning to‘rtta mintaqasida, shu jumladan Moskva viloyatida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini ma’lum qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid