Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
HAMAS yana uch nafar garovga olingan shaxsning jasadini Isroilga topshirdi
Qizil Xoch vositachiligi orqali uch nafar halok bo‘lgan garovdagi shaxsning tobutlari Isroil Mudofaa armiyasi (TSAHAL) va Umumiy xavfsizlik xizmati (ShABAK)ga topshirildi. Milliy sud-tibbiyot markazida jasadlar ekspertizadan o‘tkazilmoqda.
Isroil Falastinning HAMAS harakati tomonidan G‘azo sektorida ushlab turilgan yana uch nafar garovdagi shaxsning jasadlarini qabul qildi. Bu haqda 2 noyabr kuni kechqurun Binyamin Netanyahu devoni xabar berdi. “Isroil Qizil Xoch orqali uch nafar halok bo‘lgan garovdagi shaxsning tobutlarini qabul qildi, ular G‘azo sektorida TSAHAL va ShABAK kuchlariga topshirildi”, — deyiladi bayonotda.
Keyinroq Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili ma’lum qilishicha, jasadlar milliy sud-tibbiyot markaziga “shaxsni aniqlash hamda o‘lim holati va sabablarini tekshirish” uchun yetkazilgan, deb xabar berdi AFP. Markaz mutaxassislari so‘ngra halok bo‘lganlarning oilalari bilan uchrashadi.
HAMASning jangovar qanoti bildirishicha, jasadlar avvalroq 2 noyabr kuni sektorning janubiy qismidagi tunnellardan biri yonida topilgan. AFP yozishicha, so‘z ehtimol uch nafar askar haqida ketmoqda. Hozirgacha garovdagi 28 nafardan 17 nafarining jasadi qaytarilgan — shulardan 15 nafari isroillik, biri Tailand, yana biri Nepal fuqarosi.
2023 yil 7 oktyabr kuni hamaschilar Isroilga hujum uyushtirgani Yaqin Sharq mojarosining yanada keskinlashuviga start berdi. U paytda jangchilar Isroilga raketa zarbalari berib, uning hududiga kirib borgan va taxminan 1200 kishini o‘ldirgan. Shuningdek, 250 nafar odam garovga olinib, G‘azo sektoriga olib ketilgan. Keyinchalik ularning bir qismi almashinuv natijasida qaytarilgan, yana bir qismi halok bo‘lgan.
Isroil javoban HAMASga urush e’lon qildi. Quruqlik operatsiyalari va G‘azoga aviahujumlar davomida 68 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, yana 170 mingdan ziyod kishi yaralandi.
13 oktyabr kuni Sharm ash-Shayxda bo‘lib o‘tgan xalqaro “tinchlik sammiti”da G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha deklaratsiya imzolandi. U yerda otashkesim kuchga kirdi, TSAHAL yaqindagi janglar hududining taxminan yarmidan qo‘shinlarni olib chiqdi. Isroil qariyb 2 ming falastinlik mahbusni ozod qildi. HAMAS jangchilari so‘nggi tirik garovdagilarni qaytargan, ammo halok bo‘lgan ayrim garovdagilar jasadlarini hali ham ushlab turibdi.
Otashkesim shartlariga ko‘ra, YeI va AQShda terroristik deb tan olingan HAMAS harakati qurolsizlanishi va G‘azo sektoridagi hokimiyatdan chetlashishi kerak edi. Ammo jangchilar qurolni topshirmadi va siyosiy raqiblarga nisbatan sudsiz qatllar amalga oshirgani haqida xabarlar bor.
Mavzuga oid
12:25 / 29.05.2026
Netanyahu harbiylarga G‘azodagi nazoratni 70 foizgacha kengaytirishni buyurdi
20:01 / 27.05.2026
Isroil HAMAS harbiy qanotining yangi rahbarini yo‘q qildi
23:08 / 21.05.2026
Parij Falastin xalqiga faxriy fuqarolik bermoqchi
20:09 / 08.05.2026