20:51 / 24.02.2021
12988
SSV Farg‘onada dordan yiqilgan dorboz vafot etgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onadagi sirkda arqon uzilib ketishi oqibatida dorboz boshi bilan yerga tushgani va vafot etgani haqidagi xabar tarqaldi. SSV matbuot xizmati uning vafot etgani haqidagi xabarni rad etdi.

Vazirlikning ma'lum qilishicha, haqiqatan ham shu yilning 23 fevral kuni soat 19:25ga yaqin dorbozlik bilan shug‘ullanuvchi E. ismli fuqaro dordan yiqilishi natijasida jarohatlanib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib kelingan.

Markaz mutaxassislari uni zudlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan. Bemorga o‘ng peshona va burun bo‘shlig‘i suyaklarining parchalanib sinishi, bosh miya lat yeyishining og‘ir darajasi, bosh miya o‘ng yarim shari peshona bo‘lagi epidural gematomasi, subaroxnaidal qon quyilishi, pnevmotsefaliya, bosh yumshoq to‘qimalari lat yeyishi va teri osti gematomasi tashxisi qo‘yilgan va bemorda zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Markaz mutasaddilarining ma'lum qilishicha, bemorning ahvoli barqaror bo‘lib, hozirda neyroreanimatsiya bo‘limida malakali mutaxassislar nazoratida belgilangan standartlar bo‘yicha davo muolajalarini olmoqda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda siam egizaklari dunyoga kelgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan, SSV bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma'lum qilgandi.

Top