16:30 / 25.05.2020
16161

O‘zbekistonda bemorlar va karantinga olinganlar uchun 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi

O‘zbekistonda 23 may holatiga ko‘ra, koronavirusga chalingan bemorlar davolanib chiqishi uchun 109 milliard so‘mdan ortiq pul sarflangan. Shuningdek, karantinga joylashtirilganlar uchun 100 milliard so‘mdan ortiq xarajat qilingan. Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun sarflanayotgan xarajatlar bo‘yicha statistik ma'lumotlarni keltirdi.

Nurmat Otabekov AOKAdagi brifingda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan masala – jarimaga qo‘yilgan avtomobillar, davlat koronavirusga chalingan bemorlar uchun xarajatlarni ana shu jarimalar orqasidan qoplayotgani haqidagi gap-so‘zlar haqidagi savolga javob berdi.

«Bir narsani aniq bilish kerak: davlat bu jarimalardan tushadigan mablag‘larga muhtoj emas. Jarimalarni qo‘llashdan asosiy maqsad – bu kabi qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilishining oldini olish. Odamlarning moddiy nuqtayi nazardan mas'uliyatini oshirish bo‘lyapti. Shunday ekan, bu yerda masalaning ikkinchi tomoni turibdi.  Deylik, jarima maydonida mashinasi turgan haydovchining davlat qonunini buzishga nima haqqi bor edi? U nima uchun davlat qonunini pisand qilmadi? Siz bilan bizning salomatligimizni xavf ostiga qo‘yishga uning haqqi bormidi? Mana shu savollarni ham o‘ylab qo‘yishimiz kerak bo‘ladi», dedi Nurmat Otabekov.

Ma'lum qilinishicha, 23 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2492 bemor davolanib chiqqan. Har bir davolanib chiqqan bemor uchun davlat 32,3 million so‘mdan xarajat qilgan. Jami 80 mlrd so‘mdan oshiq mablag‘ shu maqsadga yo‘naltirildi.

Davolanayotganlar uchun (23 may holatiga ko‘ra 573 bemor) 18 mlrd so‘mdan oshiq xarajat (har bir bemor uchun 32,3 million so‘mdan) ketyapti.

Kasalligi og‘ir kechayotgan bemorlarning har biriga 64,4 million so‘mdan ajratilgan. Koronavirus pandemiyasi davrida jami 50 bemor intensiv terapiya bo‘limiga o‘tkazilgan, shundan 13 bemor vafot etgan, ayni vaqtda 3 bemor og‘ir ahvolda qolmoqda, qolgan bemorlarning ahvoli yaxshilangan. Bunday bemorlar uchun jami 3,2 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan.

Reablitatsiyaga o‘tkazilgan 2492 bemor uchun yana (2,8 million so‘mdan) 6 milliard 977 million so‘m mablag‘ sarflandi.

Hozirda 45 455 kishi karantinda va ularning har biri uchun 2,2 million so‘mdan ajratilgan, bu jami 100 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etadi.

«Bu kabi katta mablag‘larni jarimadan undirib, shuning hisobidan qoplash mumkinmi? Bularning hammasi davlat hisobidan ketayotgan xarajatlardir. Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, davlat sizning mablag‘ingizga muhtoj emas. Eng asosiysi – qonunni buzishga va boshqalarning salomatligini xavf ostiga qo‘yishga haqqingiz yo‘q. Qonunga nisbatan bepisand munosabatda bo‘ldingizmi, shunga yarasha javobini berishingiz kerak bo‘ladi», degan Nurmat Otabekov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top