22:26 / 02.09.2020
37493

Bloger Dadaxon Haydarov ozod etildi

So‘x tumanida yuz bergan ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganlikda gumon qilinib shu yilning 22 avgustidan buyon ushlab turilgan bloger Haydarjon Bobohaydarov (Dadaxon Haydarov) bugun – 2 sentabr kuni ozodlikka chiqarilgan. Bu haqida uning advokati Hamidaxon Abdunazarova Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Advokatning ma'lum qilishicha, himoyasi ostidagi shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb etish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish uchun yetarli asoslar bo‘lmagan. Shu sababdan u tergov organining qarori bilan qo‘yib yuborilgan

Eslatib o‘tamiz, may oyida So‘x tumanida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklar ortidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida bir necha kishi hibsga olingani haqida xabar berilgandi.

Keyinchalik ular orasida bosh vazir bilan uchrashuvda viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning iste'fosini so‘ragan bloger Haydarjon Bobohaydarov ham borligi ma'lum bo‘ldi.

29 avgust kuni Gazeta.uz saytida e'lon qilingan materialda blogerning otasi o‘g‘li 22 avgust kuni vertolyotda «boshiga qop kiydirib» olib ketishgani haqida aytdi.

30 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda blogerning onasi Aziza Eraliyeva videomurojaat qilib, prezidentdan farzandini afv etishni so‘radi.

31 avgust kuni Bosh prokuratura Haydarjon Bobohaydarovning hibsga olingani haqida axborot berdi. Unda Bobohaydarov jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, Jinoyat protsessual kodeksining 226-moddasi (ushlab turilganlarni saqlash joylari) tartibida ushlangani aytildi.

Top