22:28 / 10.08.2020
18576

Samaradan yana 925 nafar vatandosh olib kelindi. Rossiyaga temir yo‘l reyslari ko‘paytirilishi mumkin

9 avgust kuni Rossiyaning Samara shahridan 925 nafar o‘zbekistonlik poyezdda Toshkentga olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 13 avgustda yana 900dan ortiq vatandosh Rostovdan olib kelinishi kutilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 10 avgust kuni 918 nafar o‘zbekistonlik joy olgan poyezd Rostov shahrining «Pervomayskaya» stansiyasidan Toshkentga qarab yo‘lga chiqqan.

«Hozirda Respublika maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini vatanimizga tezroq qaytarish uchun Rossiyaning turli hududlaridan reyslarni ko‘paytirish, reyslar, jumladan temir yo‘l reyslarining yo‘nalishi va turlarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda», – deyiladi TIV axborotida.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta oxirida Samara va Orenburg oblastlaridan 1840 nafar o‘zbekistonlik ikkita poyezd orqali vatanga qaytarilgan edi.

Iyul oyi o‘rtalarida ham 2 mingdan ortiq vatandosh poyezdlarda olib kelingan, may oyida Rossiya-Qozog‘iston chegarasi yaqinida to‘plangan 1500ga yaqin fuqaro avtobuslarda vatanga qaytarilgandi.

Transport vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, hozirga qadar Respublika maxsuc komissiyasi topshiriqlari asosida, pandemiya davrida tashkil etilgan qatnovlarda 119 253 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga olib kelingan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra:

  • aviaqatnovlar orqali jami 40 428 yo‘lovchi;
  • temir yo‘l orqali jami 5 257 yo‘lovchi;
  • qo‘shni mamlakatlar bilan chegaradosh hududlardagi sanitar-karantin o‘tkazish punktlari orqali avtotransport vositasida olib kelingan fuqarolar soni 73 568 nafarni tashkil etadi.

«Xorijiy mamlakatlardan olib kelingan fuqarolarning barchasi o‘rnatilgan tartibda karantin markazlari hamda mehmonxonalarga karantinga joylashtirilgan.

Karantin muddatini o‘tab bo‘lgan fuqarolarni o‘z yashash manzillariga yetkazib qo‘yish jarayoni markazlashgan tartibda avtobus va maxsus poyezd qatnovlarini tashkil etish orqali amalga oshirilmoqda», – deyiladi Transport vazirligi axborotida

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top