11:05 / 21.09.2015
24231
O‘zbekiston Xalq artisti Obid Yunusov olamdan o‘tdi

Bugun, 21 sentabr kuni 04:50larda O‘zbekiston Xalq artisti, Obid Yunusov 81 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqdagi xabarlar dastavval ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Mazkur ma'lumotni O‘zbek Milliy Akademik drama teatri xodimlari ham tasdiqladi.

Iste'dodli teatr va kino aktyori Obid Yunusov 1934 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1956 yilda A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutining aktyorlik fakultetini tugatgach, 1996 yilgacha Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatrida aktyor sifatida faoliyat ko‘rsatib, yuzdan ortiq turli xarakterga, qiyofaga va dunyoqarashga ega bo‘lgan, turli millatga mansub obrazlarni yaratdi.

Kamol (O.Yoqubov, "Yurak yonmog‘i kerak", 1958), Bo‘rivoy (R.Bobojon, "Tog‘a va jiyanlar", 1960), Siddiqjon (I.Sulton, "Imon", 1960), Rustam (Shirvonzoda, "Nomus", 1961), Salim (Uyg‘un, "Shubha", 1961), Abbos (M.Shayxzoda, "Mirzo Ulug‘bek", 1961), Jyeyms Teylor (S.Azimov, "Qonli sarob", 1965), Laert, Fortenbrans, go‘rkov (V.Shekspir, "Xamlet",1965), Nasriddin ("Nasriddinning sarguzashtlari", 1965), Valentin (V.Shekspir, "Veronalik ikki yigit", 1966), Rikardo ("O‘limdan kuchli", 1967), Karimjon (A.Qahhor, "Ayajonlarim", 1967), Xolmat (Hamza, "Boy ila xizmatchi", 1968), Buridan (A.Dyuma, "Ajal minorasi"), Qilichbek (E.Vohidov, "Oltin devor", 1970), G‘ani (N.Safarov, "Tarix tilga kirdi", 1972), Qorategin (Uyg‘un, "Abu Rayhon Beruniy", 1973), Sobir (I.Sulton, "Ko‘rmayin bosdim tikonni", 1974), Noyman (I.Rahim, "Chaqmoq", 1974), Ma'mur (S.Ahmad, "Kelinlar qo‘zg‘oloni", 1976), Hoji Siddiq (Z.Fatxullin, "To¬mosha davom etadi", 1979), Madalixon (T.To‘la, "Nodirabegim", 1980), Garsiya (Chichkov, "Men Chiliga ishonaman", 1983), Mahmudxon (P.Qodirov, "Yulduzli tunlar"), general Gudaryan ("Marshal Jukov" 1985), Qosim (U.Nazarov, "Oyna", 1985), Yormat (Oybek, "Qutlug‘ qon", 1987), Podkolesnikov (Berdman, "Alvido hayot", 1988), Ma'mur (S.Ahmad, "Farmonbibi arazladi", 1989), Mirzarayim (Hamza, "Paranji sirlari, 1990), Sulaymon (U.Hojibekov, "Arshin mol olan", 1990), Abduvali (H.Muhammad, "Xotinlar gapidan chiqqan hangoma" 1993) kabi rang-barang obrazlar Obid Yunusovning 40 yillik ijodiy mehnati mahsulidir.

Bular orasida hayotiyligi, tabiiyligi, ta'sirchanligi, katta jozibasi bilan Rozovning "Oqshomdan tushgacha" dramasidagi Kirill, Uyg‘unning "Parvona" komediyasidagi O‘tkuriy va Sh.Xolmirzayevning "Qora kamar" dramasidagi Eshon obrazlari ajralib turadi. Obid Yunusov iste'dodini yorqin namoyon eta olgan bu obrazlar ayni paytda aktyor ijodining yetuk namunasi, o‘zbek teatr san'atining katta yutug‘i hisoblanadi.

Top