00:09 / 25.02.2021
13955
Qamchiq dovoni yuk mashinalari uchun yopildi. Harakat butunlay to‘xtatilishi ham mumkin

Yog‘ingarchilik sabab dovonda transport vositalari harakati sustlashib, qator nuqtalarda tirbandliklar kuzatilmoqda.

Qor bo‘ron tufayli Qamchiq dovonida yuk mashinalari harakatlanishi vaqtincha cheklandi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Murod Sodiqov Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Sodiqovga ko‘ra, dovonda yengil avtomobillar harakatlanishda davom etmoqda, lekin qor yog‘ishi kuchaysa va yo‘llarni tozalashga ulgurilmasa, xavfsizlik nuqtayi nazaridan harakat butunlay to‘xtalishi ham mumkin. Bunday vaziyatda rasmiy xabar beriladi.

Vazirlik zarurat bo‘lmasa Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan safarga chiqmaslikni tavsiya etmoqda.

24 fevral kuni, shuningdek, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi Taxtiqoracha dovonida transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi barcha yo‘l harakati ishtirokchilariga murojaat bilan chiqib, muzlama yo‘llarda ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamchiq dovonida ikki avtomobil ag‘darilib ketgani xabar qilingandi.

Top