O‘zbekiston | 15:33 / 14.12.2019
7642
3 daqiqa o‘qiladi

Parlament saylovida muddatidan avval ovoz berish qay tariqa amalga oshiriladi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, shahar va tuman kengashlari deputatligi uchun saylovlarda ilk marotaba muddatidan avval ovoz berish amaliyoti qo‘llanilmoqda. 22 dekabr kuni ma'lum bir sababga ko‘ra, saylovda ishtirok eta olmaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi 12-18 dekabr kunlari o‘zi qayd etilgan saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin. Agar u xorijda bo‘lsa, O‘zbekistonning chet ellardagi vakolatxonalari va bosh konsulliklarida tashkil etilgan saylov uchastkalariga borib, ovoz berish huquqidan foydalana oladi. 

Rossiyaning Moskva shahrida bo‘lib turgan Kun.uz muxbiri ham o‘zining muddatidan avvalgi ovoz berish huquqidan foydalanish maqsadida O‘zbekiston elchixonasida tashkil etilgan 31-saylov uchastkasida bo‘ldi hamda muddatidan avval ovoz berdi. 

Muddatidan avval ovoz berishga qaror qilgan fuqaro 12-18 dekabr kunlari saylov uchastkasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat (bular fuqarolik pasporti yoki chet elda bo‘lsa xorijga chiqish pasporti) bilan borib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi uchun nomzodlar tarjimai-holi va dasturi bilan tanishib, ulardan o‘zi tanlagan nomzodga yashirin ovoz berishi mumkin. 

Saylov uchastkasi mas'uli saylovchini kutib oladi, uning pasporti bo‘yicha elektron bazani tekshiradi va daftarga qayd qilgan holda ovoz berish byulleteni va konvert taqdim etadi. Saylovchi maxsus ajratilgan joyda yashirin ovoz bergach, byulletenni konvertga solib, saylov uchastkasi vakiliga keltirib beradi. Bu yerda, konvert yelimlanadi, 2 mas'ul shaxs va saylovchi tomonidan imzolanib, muhrlanadi. Mazkur konvert 22 dekabrda ovoz berish tugaganidan so‘ng, ovozlarni sanash vaqtida ochiladi. 

Markaziy saylov komissiyasi dunyoning turli mamlakatlarida jami 55ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Shundan 8tasi Rossiya Federatsiyasida, bular Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Yekaterinburg, Rostov, Novosibirsk, Vladivostok shaharlaridadir. Qayd etish joiz, elchixona va bosh konsulliklar tomonidan ko‘chma muddatidan avval ovoz berish ham yo‘lga qo‘yildi. 

Xususan, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi, Moskva hamda Qozon shahridagi bosh konsulliklari (31-, 54- va 52- saylov uchastkalari) tomonidan muddatidan avvalgi ovoz berishlar ham tashkil etilmoqda. 

Qozon shahridagi bosh konsullikning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Bosh konsullik 12 dekabrda 52-saylov uchastkasi sifatida Tatariston Respublikasining Bavla tuman markazi, Bugulma shahri hamda Leninogorsk shaharlarida muddatidan avvalgi ovoz berishlarni tashkil etgan.

Mavzuga oid