11:02 / 31.10.2020
47448

Namangan viloyatidagi suv omboridan 36 yoshli ayol va uning ikki nafar farzandining jasadi topildi

Joriy yilning 26 oktabr kuni Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Eski yer” suv omboridan 3 nafar odam jasadi topilganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning xabar berishicha, 2020 yil 26 oktabr kuni soat 17:00larda Yangiqo‘rg‘on tumani, Navkent mahallasida yashovchi ayol N.G‘. (1984 yilda tug‘ilgan, sudlanmagan, uy bekasi) shar'iy nikohdagi turmush o‘rtog‘ining oilasiga tegishli bo‘lgan, 2,0 gektar tutzor uchun ajratilgan yer maydonining 50 sotixini ukasiga berib yuborganligidan norozi bo‘lib, bu haqida xat yozib qoldirgan.

U 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan tumandagi “Yangiqo‘rg‘on eski yer” suv omboriga kelib, omborning boshlanish qismiga farzandlarini ketma-ketlikda suvga tashlab, ularni cho‘kib o‘lganligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng, o‘zini ham suvga tashlab, joniga qasd qilgan.     

Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda. 

Top