02:10 / 31.10.2020
8784

Samarqand va Andijondagi markaziy stadionlarga «Afrosiyob Arena» va «Bobur Arena» deb nom beriladi

Samarqanddagi "Dinamo" stadioni / Foto: Tribuna.uz

Samarqand va Andijon shaharlarida joylashgan markaziy stadionlarga mos ravishda «Afrosiyob Arena» va «Bobur Arena» nomlari beriladi.

2 oy muddatda aholi orasida so‘rov o‘tkazilib, hududlardagi yirik sport inshootlariga ular joylashgan hudud xususiyatidan kelib chiqib, shuningdek O‘zbekiston tarixi va sportida nom qoldirgan tarixiy shaxslarning nomlari beriladi.

Bu – prezidentning 31 oktyabr kuni e'lon qilingan sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga oid farmonida ko‘zda tutilgan.

Farmon bilan, 2021 yil 1 yanvarga qadar hududlarda yangidan barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joylarni qurish bo‘yicha tasdiqlangan amaldagi shaharsozlik normalariga quyidagilarni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritiladi:

  • aholi soni va uy-joylarning joylashuvini inobatga olgan holda, shuningdek, tashkilot va idoralarning tegishli hududlarida velosiped turar joylari va zamonaviy sport maydonchalarini (shu jumladan Workout) tashkil etish;
  • mahallalar, qishloqlar, tumanlar va shaharlarni bog‘lovchi avtomobil yo‘llari, piyoda hamda velosiped yurishi uchun mo‘ljallangan «Salomatlik yo‘laklari»ni qurish;
  • avtomobil harakati yuqori bo‘lgan va katta yo‘l kesishmalarida aholiga qulay o‘tish joylarini barpo etish.
Top