14:39 / 11.06.2018
34530

Yangi qaror: YuNeSKO ro‘yxatidan joy olgan O‘zbekistondagi tarixiy obektlar muhofazasi kuchaytiriladi

Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 9 iyun kuni “YuNeSKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasidagi hududlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 435-sonli qarorni qabul qildi.

Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya 1995 yilning 22 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan. Konventsiya doirasida Xiva shahridagi “Ichan-qal'a”, “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” obekti, Buxoro va Shahrisabz tarixiy markazlari hamda Chotqol biosferasi (tabiiy meros) Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Foto: turizm.uz

Qarorga muvofiq, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrining tarixiy markazida keng ko‘lamda qurilish va obodonlashtirish ishlarini olib borishda Konventsiya va uni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qo‘llanma qoidalariga rioya qilmasdan va ularning loyihalari YuNeSKOning Umumjahon merosi markazi bilan avvaldan kelishilmagan holda olib borilgani uning bemisl universal va umumbashariy qiymatiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatgan. Natijada, YuNeSKO huzuridagi Umumjahon merosi qo‘mitasining 40-sessiyasi qarori bilan Shahrisabz tarixiy markazi 2016 yilda Umumjahon merosining xavf ostidagi obektlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Mazkur qaror bilan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistondagi hududlarni muhofaza qilishni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarligida respublika idoralararo ishchi guruhi tuzildi.

Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan mamlakatimizdagi hududlarni muhofaza qilishni takomillashtirish va YuNeSKO huzuridagi Umumjahon merosi qo‘mitasining tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 26 ta banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Yangi qarorga muvofiq, Ishchi guruh Konventsiya, xalqaro umume'tirof etilgan normalar hamda YuNeSKO huzuridagi Umumjahon merosi qo‘mitasi tavsiyalari, “Tarixiy shaharlar manzaralari to‘g‘risida”gi YuNeSKO tavsiyanomasini inobatga olgan holda, O‘zbekistonning milliy qonun hujjatlari, shaharsozlik norma va qoidalari, tarixiy shaharlarning bosh rejalarini, shu bilan birga, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yurtimizdagi tegishli hududlarni olimlar, xalqaro ekspertlar, keng jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda tanqidiy tahlil qiladi hamda asoslangan takliflar ishlab chiqadi. 

Foto: O‘zA

Bu borada jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta'sirchan va amaliy mexanizmlari, shu jumladan, jamoatchilik kengashlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga har jihatdan ko‘maklashiladi. Olimlar, xalqaro, xorijiy va milliy tashkilotlarning malakali mutaxassislari va ekspertlaridan iborat tarkibda Xalqaro maslahat kengashi, doimiy amaliy muloqot olib borishga qaratilgan “Do‘stlar klubi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga asosan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan mamlakatimizdagi tegishli hududlar (obektlar) alohida muhofaza qilinadigan hududlar sifatida e'tirof etiladi hamda ularda rejalashtirilgan barcha qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari YuNeSKOning Umumjahon merosi markazi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan belgilangan tartibda avvaldan kelishilgan holda amalga oshirilishi shartligi, belgilab qo‘yildi.

Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan mamlakatimizdagi tegishli hududlar (obektlar)da Konventsiya talablari bajarilmaganda va ulardagi qurilish ishlarining loyihalari kelishmasdan amalga oshirilgan holatlar bo‘yicha ma'muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan tartibda kuchaytiriladi.

Foto: turizm.uz

YuNeSKO huzuridagi Umumjahon merosi qo‘mitasining tavsiyalarini inobatga olgan holda Shahrisabz tarixiy markazining bemisl universal va umumbashariy qiymatini tiklash chora-tadbirlari amalga oshiriladi.

Xiva shahridagi “Ichan-qal'a” va Buxoro tarixiy markazi va ularning muhofaza hududidagi barcha kapital qurilish ishlari, ularning loyihalari Umumjahon merosi markazi tomonidan ma'qullangunga qadar to‘xtatiladi.

Joriy yilning 10 iyuligacha Moddiy-madaniy meros obektlari davlat kadastriga kiritilgan obektlarning yangilangan ro‘yxati belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Aholining xabordorligini oshirish maqsadida ushbu ro‘yxat rasmiy-veb saytlarda e'lon qilinadi.

Har yili 18 aprel – Yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash xalqaro kunini O‘zbekistonda keng nishonlanadi, shu kun arafasida soha vakillarini munosib rag‘batlantiriladi, turli tadbirlar va respublika ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi. 18 aprel kuni respublika aholisini davlat muzeylari va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlariga bepul, xorijiy fuqarolarni arzonlashtirilgan narxlarda kirishi yuzasidan takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi hududida Konventsiya qoidalariga og‘ishmay rioya qilish, mamlakatimizdagi Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obektlar va hududlarni muhofaza qilish, ularning noyobligi, jahon madaniyati va tarixiga qo‘shgan har tomonlama beqiyos hissasini saqlab qolish,  kelajak avlodga yetkazishga hissa qo‘shadi.

Top