09:54 / 12.05.2017
6883
“Sharoit plyus” - to‘siqlardan holi va inklyuziv jamiyat qurish yo‘lida

“Sharoit plyus” nogironlar jamoat birlashmasi 2016 yil 29 dekabr Toshkent shahar Adliya boshqarmasida nodavlat-notijorat tashkilot (NNT) sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, o‘z faoliyatini boshlagan. 

Kun.uz muxbiri birlashma raisi Muhabbat Rahimova bilan suhbat qurib, ushbu tashkilot faoliyati haqida batafsil ma'lumotlar oldi.

-  Assalomu alaykum, Muhabbat opa, “Sharoit plyus” tashkilotining maqsad va vazifalari nimalardan iborat?

Birlashmamizning asosiy maqsadi - Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan insonlarni o‘zlariga bo‘lgan ishonch va salohiyatlarini kuchaytirish, natijada esa jamiyatning faol ishtirokchilari bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashish. Ushbu maqsadga erishish uchun Ustav faoliyatimizda bir nechta vazifalar batafsil ko‘rsatib o‘tilgan. 

-  Sizning tashkilotingiz qanday ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatadi? Ushbu xizmatlar kimlar uchun mo‘ljallangan?

- Trening, seminar, master klasslar o‘tkazish va “sherik maslahati” deb nomlangan individual maslahat berish orqali biz uyda o‘tirib qolgan va ayrim vaziyat tufayli ma'naviy jihatdan jamiyatdan ajralib yakkalanib qolgan imkoniyati cheklangan insonlarga yordam berishga harakat qilamiz. Bunday odamlar o‘zlariga bo‘lgan ishonch yo‘qligi, salbiy munosabat va infratuzilma bilan bog‘liq to‘siqlar borligi sababli o‘zlarinig to‘rt devoridan chiqa olishmaydi. Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan bolalar va o‘smirlarning ota-onalari ko‘p hollarda bunga o‘zlari aybdor bo‘lib qolishadi, chunki ular o‘z bolalariga qanday qilib yondashuv topishni bilishmaydi va ko‘chaga chiqarishmaydi. Ko‘chaga chiqish bola uchun xavfli bo‘lishi, uning ustidan boshqalar kulishi va oqibatda esa, uyda o‘tirish barchasidan afzal ekanini ta'kidlab ham o‘tishadi.  Men tug‘ilganimdan beri birinchi guruh nogironiman va shunday vaziyatlarni o‘zim boshimdan kechirganman.  

-  Bizni tashkilotingizning o‘ziga xos nomi katta qiziqish uyg‘otdi, u nimani anglatadi?

“Sharoit” so‘zi o‘zbek tilida ko‘p ma'noga ega bo‘lib, bizning holatimizda imkoniyati cheklangan insonlar uchun kerakli bo‘lgan sharoitlarni anglatadi. “Plyus” esa ushbu sharoitlarni ular uchun yanada yaxshilash, degan ma'noni beradi. Sharoitlar har xil bo‘lishi mumkin, lekin biz asosan imkoniyati cheklangan insonlar uchun qulay atrof-muhit, ya'ni infratuzilma bilan bog‘liq sharoitlarni nazarda tutamiz. “Nogiron” so‘zi o‘zbek tilida asosan insonning tana funksiyasi cheklanishiga e'tibor qaratgani sababli, birlashmamiz a'zolari yangi iborani kashf etishdi – “sharoiti cheklangan inson”. Bizning hayotiy tajribamizdan kelib chiqqan holda o‘ylaymizki, insonni birinchi navbatda, uning nogironligi cheklantirmaydi, balki unga kerakli bo‘lgan sharoitlarni yo‘qligi va jamiyatning salbiy munosobati cheklab qo‘yadi.

- Tashkilotingizning ramziy belgisi nimani anglatadi?

- Ramziy belgi birlashmamizning asosiy maqsadini o‘zida aks ettiradi – barcha uchun to‘siqlardan holi va inklyuziv jamiyat yaratish! Agar ahamiyat bergan bo‘lsangiz, ramzimiz turli toifadagi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlarni ifodalaydigan ko‘k, yashil, sariq, to‘q sariq “pazl” (mozaykalardan) iborat, ya'ni ko‘k pazl ichida kar-soqov va zaif eshituvchi shaxslar uchun o‘zbek imo-ishora tili, yashil pazl ichida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus yo‘lakcha (pandus), sariq pazl ichida ko‘zi ojiz va zaif shaxslar uchun olti nuqtali Brayl yozuvi, to‘q sariq pazl ichida barcha uchun va ayniqsa, aqlan zaif yoki o‘qishda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ta'lim jarayoni tasvirlangan. Oxirgi qizil pazl esa jamiyatimizni ifodalaydi. Har bir pazl o‘ziga hos shakli va rangga ega bo‘lib, jamiyatimizda turli shaxslar borligini ifodalaydi va ular bir-biri bilan qo‘shilgandagina barcha uchun to‘siqlardan holi va inklyuziv jamiyat paydo bo‘ladi. 

- O‘zbekiston, jumladan, Toshkent shahrida nogironlar jamoat birlashmalari va ularga yordam bermoqchi bo‘lgan tashkilotlar bor. Sizning tashkilotingiz ushbu sohada faoliyat yuritib  kelayotgan NNTlardan nimasi bilan farq qiladi?

- Bizning asosiy farqimiz shundaki, biz boshqa jamiyatlardan farqli o‘laroq turli toifadagi imkoniyati cheklangan bolalar va voyaga yetgan shaxslarga ijtimoiy hizmatlar ko‘rsatamiz, ya'ni misol uchun faqatgina jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun yordam berish bilan kifoyalanmaymiz. Ikkinchi farqli tomoni, ularni salohiyatini kuchaytirish orqali o‘zlariga “Jamiyat men uchun nima qilib bera oladi?” degan savolni emas, balki “Men jamiyat uchun nima qilib berishim mumkin?” degan savolni berishlariga ko‘maklashamiz. Boshqacha aytganda, biz “tayyor baliq” bermaymiz, balki “qarmoq” taqdim qilib, “baliq tutishni” o‘rgatamiz – bu esa imkoniyati cheklangan insonlarni qo‘llab-quvvatlashning umuman boshqacha yondashuvi. Xayriya qilish – bu yaxshi ish, biroq xayriyani ham imkoniyati cheklangan insonlar mustaqil va to‘laqonli hayot kechirishlari uchun to‘g‘ri yo‘naltirish kerak. 

- Muhabbat opa, mazmunli suhbat uchun rahmat. Bugun biz shahrimizda faoliyat olib borayotgan yana bir ajoyib tashkilot haqida ko‘p ma'lumotlarni bilib olishga muvaffaq bo‘ldik. “Sharoit plyus”ning kelgusidagi xayrli ishlariga ulkan zafarlar tilab qolamiz.

- Rahmat

 

Top