16:34 / 14.07.2020
22427
«O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etayotganlarning soni yashirilmayapti» – Nurmat Otabekov

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov 13 iyul kuni AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etayotganlarning soni yashirilmayotgani, aksincha, odamlarni hushyor torttirish uchun ma'lumotlar boricha e'lon qilinayotganini ta'kidladi.

«Har bitta o‘lim holati – fojia. Biz buni to‘g‘ri tushunamiz. O‘zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligidan vafot etganlar, hatto boshqa bir kasallik, aytaylik, yurak, o‘pka, yurak qon-tomir tizimidagi kasalliklar tufayli vafot etgan bo‘la turib ulardan olingan namunalarda koronavirus kasalligi aniqlangan bo‘lsa ham bular barchasi statistikaga qo‘shilayapti.

Ahamiyat berilsa, ba'zi bir kunlari O‘zbekistonda o‘lim ko‘rsatkichi 1-2ta deb ko‘rsatilmadi, balki oltitagacha o‘lim holati qayd etilgani haqida ham ma'lumot berildi. Shuning uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi kasallikdan vafot etganlarni sonini yashirmay to‘g‘ri ma'lumot taqdim etib bormoqda. Yana qaytarib aytaman, respublikamizda koronavirusdan vafot etayotganlarning soni zinhor yashirilmayapti, bundan hech qanday manfaat yo‘q. Qachonki aholimiz ushbu kasallik natijasida o‘lim yuz berishini bilib yanada hushyor tortadigan bo‘lsa, nega biz bu axborotni yetkazmaymiz. Maqsadimiz –zarur axborotlarni fuqarolarimizga yetkazish orqali sizni sergaklikka tortish. Shu bois koronavirus bilan kasallanganlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar aniq, shaffof xolda fuqarolarga yetkazilmoqda.

Kasallikka chalinganlarni qanchalik erta shifoxonaga yotqizib, erta davolash muolajalarini olishlariga imkon yaratib bersak, kutgan natijalarimiz orasida ijobiylari ko‘proq bo‘ladi», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Nurmat Otabekov, shuningdek, Navoiy viloyatida mutasaddilar tomonidan kasallanganlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni kamaytirib ko‘rsatayotgani haqidagi savolga ham munosabat bildirdi.

«Birinchidan, respublikada koronavirusga chalinayotgan bemorlarning barchasi ro‘yxatga olinayotganini e'tirof etishimiz kerak. Kasallikka chalinganlarni yashirish yoki bo‘lmasa statistik raqamlarni kamaytirib ko‘rsatishdan hech kim manfaatdor emas.

Bitta narsani unutmaslik kerak. Yuqumli kasalliklar ma'lumotlarni yashirishni kechirmaydi. Demak, biz kasallikni ro‘yxatga olmasak, statistik raqamlarda ko‘rsatmasak, kasallik o‘chog‘ida epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazilmaydi. Shunday ekan, statistik ma'lumotlarda ba'zi bir raqamlarni kam qilib ko‘rsatish holatlari bo‘ladigan bo‘lsa, bu kimning tashabbusi bilan bo‘layotganini bilmadim. Lekin respublikada bu kasallikka chalinganlar sonini, ushbu kasallikdan vafot etganlar sonini yashirishdan hech qanaqa manfaat yo‘q. Kasallar soni yuztaga ko‘p yoki kam, o‘lim ko‘rsatkichi birmuncha ko‘p yoki kam ekani ahamiyatsiz. Eng asosiysi, biz har bitta kasallik manbaini jilovlashimiz va o‘sha kasallik o‘chog‘ida epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirishimiz kerak bo‘ladi», deb aytgan u.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top