11:34 / 14.11.2018
52017
Nazarboyev O‘zbekistonning kelajagi va «umumiy muammolar» haqida gapirdi
Foto: Tengrinews

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanayotgani haqida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz. 

«Shuni aniq aytishim mumkinki, O‘zbekistonda juda ijobiy o‘zgarishlar yuz beryapti. Afsuski, o‘tgan yillar davomida iqtisodiyotimizdagi o‘zaro munosabatlar hajmi 5 foizdan oshmagan. Biz juda ko‘p vaqtni behuda yo‘qotdik. Tasavvur qila olasizmi, O‘zbekiston Qozog‘iston bug‘doyini Yevropa orqali sotib olgan. Bu haqiqatdan ham kuzatilgan», - dedi Nazarboyev Astana Club yig‘ilishi ishtirokchilariga.

Ammo so‘nggi ikki yil ichida, prezidentning so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro savdo har yili ikki barobarga ortib boryapti.

«Chegaralar ochildi, bojxona umumiy, iqtisodiyotlarning aloqasi juda faol. Men O‘zbekiston kelajagiga katta nekbinlik bilan qaramoqdaman. U yerda ko‘p o‘zgarishlar yuz berdi, iqtisodiyot yanada erkinlashdi, siyosat ham liberallashdi. Lekin hammasini juda tezlik bilan qilishning imkoni yo‘q. Hammasi orqada qolib ketgandi va prezident Shavkat Mirziyoyev, menimcha, to‘g‘ri yo‘ldan ketyapti hamda munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymoqda. Shuning uchun kelajak, menimcha, bundan ham yaxshiroq bo‘ladi», - dedi Nazarboyev.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekistonni savdo aloqalaridan tashqari, «umumiy muammolar» ham birlashtiradi:

«Orol dengizining bir avlod hayotida yo‘q bo‘lib ketishi - bir trillion tonna suv bor edi, juda katta miqdorda baliq tutilardi. Sobiq sovet ittifoqining noto‘g‘ri iqtisodiy rejalashtirishi tufayli butunboshli dengiz yo‘qoldi. Endi bu dengizning bo‘m-bo‘sh tubidan millionlab tonna tuz ko‘tarilmoqda. U Yevropaga, bizning tog‘lar cho‘qqilariga kelib tushib, muzliklarni eritmoqda. Bu bizning katta muammomiz»

Uning qayd etishicha, davlat rahbarlari bu masalani muhokama qilishdi va jahon hamjamiyatiga ushbu ekologik falokatni bartaraf etishda yordam so‘rab murojaat bilan chiqishdi.

«Rostini aytganda, u butun sayyoraniki. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bu tuz hamma joyga, hattoki, Norvegiya, Grenlandiyaga ham yetib bormoqda», – deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Top