08:18 / 30.09.2021
25505

«Moliyaviy zarar, qonunga zid va harom» – Totalizator qurbonlari va soha mutaxassislari zamonaviy firibgarlik haqida 

So‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonliklar o‘rtasida sport o‘yinlariga pul tikish ortidan o‘z joniga suiqasd qilgan, uy va mol-mulklarini sotgan va boshqa huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yayotganlar haqida ko‘plab xabarlar tarqalmoqda. Shunga qaramay, O‘zbekistonda bu turdagi o‘yinlarni qonuniylashtirish borasida harakatlar davom etmoqda.

Totalizatorlardan zarar ko‘rgan bir qancha fuqarolar bizga pullari va mollarini yutqazgani, qanday qilib qarz va o‘nglab bo‘lmas zararga kirib ketganini aytib berishdi. Ismi sir qolishini xohlagan farg‘onalik ayol qanday qilib totalizator o‘yiniga kirib qolgani va qisqa muddat ichida 50 mln so‘m yutqazgani haqida gapirib berdi.

“Boshida bir-ikki tanishlarim mening telefonimda o‘yin programmasini o‘rnatib olishdi va o‘ynay boshlashdi. Boshida oz-moz yutib turgandi, keyin yutqaza boshladi va asabiylashdi. Keyin uning o‘rnidan o‘ynab yutqazgan summasiga teng miqdorda pul yutib berdim. Shu orada o‘zim ham qiziqib ketdim. Men buning qimor ekanini bilmasdim. Bir-ikki marta yutdim va to‘satdan 1 mln so‘m atrofida yutqazdim, keyin uni qaytarib olaman deb yana o‘yinga kirib ketdim. Tanishlarim meni o‘yinga judayam berilib ketganimni ko‘rib: “10-15 kishi o‘ynaganini bilamiz, lekin ularning yutgani yutqazganidan ancha kam”, deb qaytarmoqchi bo‘lishdi. Men esa har xil usulda o‘ynab ko‘rishda davom etdim.O‘yinni boshlaganimga 5 oy o‘tgan bo‘lsa, shu vaqt ichida 50 mln so‘m yutqazdim. Shu o‘yinni o‘ynaganimga rosa pushaymon qilaman. Oxiri kelib shuncha pul yutqazishimni bilsam o‘ynamas edim. Bolalarimning rizqini qimorga tikkanimga afsusdaman”, – deydi farg‘onalik ayol.

Yana bir o‘yinga mukkasidan ketgan suhbatdoshimiz esa 50 ming dollar yutqazganini, bu pullarni to‘lash uchun hammadan qarz olaverib, do‘stlari va yaqinlari bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketganini ta'kidlaydi. U hattoki qarzlaridan qutulish uchun totalizator o‘yini tashkilotchilarini o‘ldirishni ham o‘ylagan. 

“Totalizatorga qiziqib o‘ynashni boshlaganimga 5 yilcha bo‘ldi. Birinchi marta Yevropa ligasidagi bir o‘yinga tanishim pul tikayotganini ko‘rib men ham 400 dollar tikdim. O‘yin men kutgan natija bilan tugamadi va pulimni yutqazdim. Hammasi shundan boshlanib ketdi, chunki men ketgan pulimni joyiga qo‘yish uchun yana o‘ynadim. Men tinmay o‘ynar, ziyon esa tobora kattalashar edi.

O‘zbekistondagi o‘yinlarga ham tikardim, yutqazganimda birdan pulni yechib olardi. Lekin shunday holatlar bo‘ldiki, yutgan o‘yinlarimda meni “kelishilgan o‘yin”, “firibgarlik” deb bloklab qo‘yishgan. O‘yin orqali 4-5 ming, bir marta 6 ming dollar yutgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Lekin yana o‘ynab bir soatda shuncha puldan ayrilib ham qolardim. Sal oldin yutgan o‘yinga quvonib yutsa bo‘larkan deb yanada ichiga kirib borasiz, yana kimdandir qarz olasiz, yana avval bo‘lgan jarayon takrorlanadi, yana va yana... Taxminan hammasi bo‘lib 50 ming dollar atrofida pul yutqazdim”, – deydi yana bir yurtdoshimiz. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Dima Qayum taxallusi bilan faoliyat yurituvchi faol bloger Dilshod Boltaboyev ham totalizatorlarga pul tikib uning ortidan juda katta mablag‘ yo‘qotayotgan va buning alamiga chidolmay o‘z joniga qasd qilayotganlar haqida gapirib berdi. Uning fikricha hukumat bu kabi o‘yinlarni taqiqlashi kerak.

Dima Qayum

“Menga ko‘plab insonlar yozadi, qolaversa, o‘zim ham xalq orasida yurganim uchun Rishtonda bu kabi o‘yinlarni o‘ynab qarzga botganlarni, qarzini uzolmay joniga qasd qilganlarni eshitib turaman. Masalan, bir kishi ijtimoiy tarmoq orqali yozib, 7 ming dollarga “tushganini” hikoya qilgan, yana birida 25 yashar yigitning 120 ming dollar pul yutqazgani, bu pulni to‘lash uchun uyi, mashinasi – barcha narsasini sotib ham qutula olmagan va o‘z joniga qasd qilgan, eng yomoni ortidan yosh oilasini bo‘zlatib ketgani aytilgan. Ko‘pchilikda bu o‘yinlarni taqiqlash borasida har xil fikrlar yuradi. Menimcha, hukumat bunga e'tibor qaratsa va taqiqlash bo‘yicha qaror chiqarsa bo‘ladi”, – deydi Dima Qayum.

Qonunchilikda nima deyiladi?

2019 yil 4 dekabrdagi «O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni asosida 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston hududida litsenziya olish orqali bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish va qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutildi.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ko‘ra, joriy yilning mart oyiga qadar O‘zbekiston hududida bukmekerlik va totalizator faoliyatini amalga oshirish uchun biron-bir xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga litsenziya berilmagan. O‘zbekistonda bukmekerlik kompaniyalari uchun litsenziya berish huquqiga ega Kapital bozorini rivojlantirish agentligi esa 2021 yil 1 mayda tugatilgan. Uning vakolatlari Moliya vazirligiga o‘tkazildi.

Lekin bugungi kunda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasi va Jinoyat kodeksining 278-moddasiga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Hozirda bu tartiblarga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan bukmekerlik faoliyatini qonun jihatdan tartibga solish maqsadida qonun loyihasini ishlab chiqish taklif etilganini bildirdi.

Psixolog Gulira'no Erolovaning fikricha, insonlarning bunday o‘yinlarga mukkasidan ketishining asosiy sababi ular o‘yinlarning yomon oqibatlari haqida o‘ylamaydi.

Gulira'no Erolova

“Psixologik jihatdan odamlar nazdida u kuchli, hamma narsani eplaydi, yuta oladi. Vaholanki, uning o‘yin ekani ichdan his etilmaydi va bu o‘ynovchi kishining tasavvuriga ham kelmaydi. Shuning uchun ham bu kabi o‘yinlarda mag‘lub bo‘lish yomon oqibatlarga olib keladi. Inson depressiyaga tushadi, stressni boshdan kechiradi. Odatda inson nimanidir kutsa stress holatiga tusha boshlaydi. Va natija u kutmagandek chiqqanidan keyin bosh miyada depressiya kuzatiladi. Bu holatda inson o‘zini boshqara olmaydi. Natijada xatti-harakatlari oqibati haqida o‘ylab ko‘rmaydi. O‘zini suitsid qilishgacha borishi mumkin. Shuning uchun adashibmi yo o‘ylamasdanmi totalizatorga kirib o‘ynab og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan insonlarga, avvalo, muammoni yaqinlariga aytishini maslahat beramiz. Chunki buni yashirish kerak emas”, – deydi psixolog.

Sport o‘yinlari bo‘yicha mutaxassis Jamoliddin Bobojonov esa sport o‘yinlariga pul tikishni legallashtirish hech kimga naf keltirmasligini ta'kidladi. Totalizator kompaniyalari to‘laydigan soliq – professional sport uchun arzimagan pul, bu ishlar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning birortasi totalizatorni qonuniylashtirish ortidan katta pullar sportga kelmasligini aytgan. Kazino hech qachon yutqazmaydi deganlaridek, bukmekerlar ham hech qachon yutqazmaydi, deydi u.

Jamoliddin Bobojonov

Bizga eng yaqin Rossiya misolida olib qarasak, reklama beruvchilar ko‘proq pul topyapti xolos. O‘zimizga keladigan bo‘lsak, buni legallashtirish bilan sportga pul tikib qimor o‘ynayotganlar sonini ko‘paytiramiz. Undan na davlatga, na sportga, na yoshlar tarbiyasiga biron-bir naf yo‘q. Kimdir bu pullarni professional sportga yo‘naltiramiz, qo‘shimcha pul desa, katta xato qilgan bo‘ladi, nazdimda. Bundan tashqari, bukmekerlar tushadigan pullarning 80 foizini olib ketadi, o‘sha 80 foiz pul o‘zbekistonliklarning pullari bo‘ladi. Hozir onlayn o‘ynayotganlar ham baribir pullarini o‘shalarga to‘layapti, katta ehtimol bilan legallashgandan keyin ham yana ularga pul to‘laydi. Mahalliy bukmekerlarning esa bozorda mavqega erishishi uchun uzoq yillar talab qilinadi. Umuman olganda uning ham foydasi yo‘q, chunki o‘zimizning odamlar cho‘ntagidan olib, kimnidir qaqshatib olingan pullarni sportga yo‘naltirish to‘g‘ri emas”, – deydi mutaxassis.

Asli o‘zbekistonlik, ayni paytda Rossiyada istiqomat qiluvchi B.Sh. uzoq yillar davomida totalizator o‘yinlariga qiziqqan va bu sohada faoliyat yuritgan. Uning aytishicha, totalizator O‘zbekistonda qonuniylashtirilgan taqdirda ham, kelishilgan o‘yinlarga qarshi hech nima o‘zgarmaydi. Chunki kontora qonuniy yoki qonuniy emasligining bunga umuman daxli yo‘q.

Yana bir narsa, totalizator firmalar o‘zbek futboliga investitsiya kiritishi mamlakat ichida qimor o‘ynayotgan odamlar hisobidan amalga oshiriladi.

“Totalizatorni qonuniylashtirish orqali kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashishda hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Men bunga yuz foiz ishonaman. Chunki totalizatorning kelishilgan o‘yinlarga aloqasi yo‘q.

Futbolga investitsiya haqida gapirishmoqda, to‘g‘ri, investitsiya bo‘ladi, lekin kimning hisobidan – o‘ynayotgan odamlar hisobidan bo‘ladi. Yaqinda O‘zbekistonda bo‘ldim va ko‘rdimki, ko‘plab odamlar, hatto futbolga qiziqmaydigan kontora haqida, stavka qilish, kimdir qanchadir pul yutib olgani haqida gapiryapti. Ular ham yutib olgan pulini gapiryapti xolos, lekin birortasi qancha yutqazganini aytmaydi. Hech kim: “Men bor pulimni yutqazdim, mashinamni yutqazdim, uyim ketdi”, deb aytmaydi, albatta. Bu judayam yomon narsa”, – deydi mutaxassis.

Bu kabi sport o‘yinlariga pul tikishning Islom dinidagi hukmi yuzasidan savol bilan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi xodimi Saidjamol Mirsayitovga yuzlandik.

“Alloh taolo Qur'oni karimda mo‘minlar o‘rtalaridagi mollarini o‘zaro rozichilik bilan yeyishi kerakligini ta'kidlagan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham insonlarni halol nasiba topishga buyuradi. Islom dinida har bir masala qatori bunda ham qoida berilgan. Agar bir tomon yutib ikkinchi taraf yutqizishi aniq bo‘lsa yoxud ko‘pchilik yutqizib, kamchilik yutadigan bo‘lsa, bu qimor deb ataladi. Oyatlarga qaraladigan bo‘lsa, qimor juda ham barvaqt harom qilingan, hattoki, sudxo‘rlikdan ham avval harom bo‘lgan.

Saidjamol Mirsayitov - Musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi xodimi

Alloh taolo Qur'oni karimda qimor haqida shunday deb marhamat qilgan: Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va nafrat solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni istaydir. Endi to‘xtarsizlar?! (Moida surasi, 91-oyat)

Bu illatning oqibati shundayki, insonlar orasida nafratni kuchaytiradi, inson qarzga botib yana boshqa jinoyatlarni qilishga moyilligi oshadi. Birovning moliga, joniga tajovuz qilishi holatlari uchraydi, hattoki qarzga botib o‘z joniga-da qasd qilish kabi gunohlarga olib boradi”, – deydi Saidjamol domla.

Millionlari va halovatini yutqazgan qatnashchilarimiz bu o‘yinlarga pul tikayotgan yurtdoshlarimizga qanday maslahatlar beradi?

  • Totalizator o‘ynagan odamning yaqinlariga munosabati yomonlashadi, bolasi bo‘lsa ularning tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lib qoladi, faqatgina bir narsa – nima qilib bo‘lsa-da pul yutish maqsadga aylanib qoladi.
  • Bu o‘yindan yutqazishdan ham ko‘ra eng alam qiladigani yaqinlarni, oilani, do‘stlarni yo‘qotishdir. Bir marta o‘ynab yutqazgandan odam boshqa birovdan qarz olib yana o‘ynashni davom ettiradi: shuning orqasidan yaxshi do‘st yomonga, qadrdonlar firibgarga aylanadi. Yolg‘on ketidan yolg‘onlar to‘qib, do‘stlardan qanday ayrilib qolganini ham bilmay qoladi kishi. Hozir juda ko‘p yoshlar mana shu o‘yin tufayli ayanchli holatga tushib qoldi.
  • O‘yin insonni real hayotdan uzoqlashtira boradi, faqat yo‘qotilgan pullarni qaytarish dardida yashaydi, hech kim bilan gaplashgisi kelmaydi. O‘zim mimsolimda aytishim mumkinki, oilamdagilar bilan gaplashmaslik, yuzlasha olmaslik ahvoliga kelib qolganman.
  • Bu o‘yinda yutishning yagona yo‘li – uni o‘ynamaslik. Chunki bugun bir marta o‘ynab 100 ming yutqazsa va bu o‘yinni qayta o‘ynamasligi o‘zining millionlarini yutganligi hamda qayta yutqazmasligining garovidir.
  • Agar hayotni uzun bir lineykaga qiyos qilsak, yoshlarga aytardimki, hozir necha yoshdasiz, 20 yoshmi, balki, 35 yashardirsiz? Yana necha yil umringiz qoldi, kun kelib shu o‘tkazgan umrga achinmaslik uchun hozir bu yo‘ldan qayting. Vaqtingiz va pulingizni ilm olishga yoki hayotiy va halol biznesga sarf qiling.
  • Xulosa qilib aytamanki, dunyoda hech kim yo‘qki, kontoradan yutib plyus bilan chiqqan bo‘lsin. Unaqa odam yo‘q. Agar kimdir men plyusga kirganman, desa unga ishonmang, yolg‘on gapiryapti. Kontora hech qachon siz uni yutib yurishingizga qo‘ymaydi.

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulot to‘g‘risida axborot tarqatish taqiqlanadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, nafaqat bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanish, balki uni reklama qilish ham qonunlarga ziddir. Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bukmekerlik kompaniyalari faol reklama qilinmoqda.

Bundan tashqari, Musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limiga ko‘ra, bu kabi ishlarni targ‘ib qilayotganlarning barchasi barobar gunohkor hisoblanadi.

“Bu kabi harom ishlarni targ‘ib qilayotganlar: xoh OAV orqali, xoh ijtimoiy tarmoqlar yoki boshqa usulda bo‘lsin – barchasining hukmi o‘sha ishni qilayotganlar bilan bab-baravar bo‘ladi, ular kabi gunohkor hisoblanadi. Zero, Alloh gunoh va zulm yo‘lida bir-biringiz bilan hamkorlik qilmanglar, deya insonlarni yomonlikdan qaytargan. Bu narsalarni targ‘ib qilayotganlar Allohdan qo‘rqishsin.

Xulosa qilib aytganda, turli nomlar bilan bukmekerlik kompaniyalarida ishlayotgan yoki totalizatorlik bilan shug‘ullanayotgan shirkat yoxud yakka shaxslar bo‘lsin, barchasinig ishlari shar'an harom hisoblanadi, bu orqali topayotgan mol-dunyolari harom bo‘ladi. Agar hayoti dunyosida bu ishlarini to‘xtatib tavba qilmaydigan bo‘lsa, oxiratda Allohning qattiq azobiga duchor bo‘lishi mumkin. Aksincha, Allohning yo‘lida halol kasb qilib to‘g‘ri yo‘lda yursalar, silayi rahm qilsalar, Allohning rahmatiga erishishlari mumkin”, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili.

Nima ham derdik, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz hayotini barbod qilib, ularni yana ham kambag‘allik botqog‘iga botirayotgan bu illatga ruxsat berishdan avval hurmatli xalq vakillari – deputat va senatorlarimiz o‘zi bunday qonunga ehtiyoj bor-yo‘qligini yana bir o‘ylab ko‘rishlari kerak!

Bundan tashqari oson pul topish ilinjida yurgan insonlar ham bu narsadan pul topishning umuman iloji yo‘qligini, yutganlar ham aslida mag‘lub ekanligini tushunishlari lozim.

Farrux Absattarov, Doston Ahrorov, Sarvar Ziyayev – Kun.uz muxbirlari
Tasvirchilar: Muhammadjon G‘aniyev, Muhiddin Qurbonov
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosasi asosida tayyorlangan.

Top