16:08 / 02.08.2022
44294
«Sun’iy» Qozog‘iston va «mavjud bo‘lmagan» Gruziya. Medvedevning sahifasida navbatdagi shov-shuvli post chiqdi

Rossiyaning sobiq prezidenti va sobiq bosh vaziri, hozirda Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari bo‘lgan Dmitriy Medvedevning «VKontakte»dagi akkauntida e’lon qilingan postda siyosatchining nomidan Rus «yana birlashishi», «qo‘shib olinguniga qadar Gruziya umuman mavjud bo‘lmagani», Qozog‘iston esa - sun’iy davlat ekani haqida yozilgan. Keyinroq post o‘chirilgan, uning tarmoqda paydo bo‘lishi esa akkaunt buzib kirilgani bilan izohlangan.

Foto: Yekaterina Shtukina/AP

Medvedevning akkauntidagi yozuvlar 2 avgustga o‘tar kechasi yarim tunda paydo bo‘ldi. Muallif «bundan buyon hech qanday suverenitetlar paradlari bo‘lmasligi», sovetlar ittifoqi tarkibida yashagan barcha xalqlar esa «yana birgalikda, ahil va inoq bo‘lib yashashi» haqida yozadi.

«Buning uchun biz kuch va vositalarni ayamasligimiz kerak. Kiyev va Marorossiyaning barcha hududlari natsionalistlar qo‘lidan ozod etilgach (...) Rus yana birlashgan, qudratli va yengilmas bo‘lib qoladi», deyiladi postda.

Matn muallifi Moskva «slavyan xalqlari yetakchiligida»gi «sarhadlari hech qayerda tugamaydigan» o‘z chegaralarini tiklash bo‘yicha navbatdagi kampaniyani boshlashini va’da qiladi.

Namuna sifatida u Gruziya va Qozog‘istonni keltirgan.

Postda yozilishicha, Rossiya tarkibiga qo‘shib olinmagunicha, Gruziya degan davlat umuman bo‘lmagan — alohida ta’kidlanishicha, 1801 yili hozirgi Gruziya o‘rnida beshta suveren siyosiy tuzilma bo‘lgan: poytaxti Tbilisi bo‘lgan Kartli va Kaxetiya, poytaxti Kutaisi bo‘lgan Imeretiya, Qora dengiz sohilidagi ikki knyazlik - Megreliya va Guriya hamda tog‘li hududlardagi Svanetiya knyazliklari. Ta’kidlanishicha, ular Rossiya imperiyasi tarkibidagina hozirgi Gruziya ko‘rinishiga kelgan.

Qayd etilishicha, «Shimoliy va Janubiy Osetiya, Abxaziya va Gruziyaning hozirgi hududi faqat Rossiya bilan yagona davlat tarkibidagina birlashishi mumkin».

Postda Qozog‘istonga «rus yerlarida tuzilgan sun’iy davlat» sifatida ta’rif beriladi. «Qozog‘iston — bu sun’iy davlat, sobiq rus hududlari, masalan, Gurev, Semipalatinsk shaharlari, hatto Olmaota ham 1924 yilgacha Verniy deb atalgan», deya yozadi Medvedev.

Muallif fikricha, Qozog‘iston hukumati XXI asrda «respublikadagi turli etnik guruhlarni ko‘chirish bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshira boshlagan» va buni «ruslarga nisbatan genotsid» deb baholash mumkin. «Biz bunga jim qarab tura olmaymiz. U yerga ruslar bormas ekan, tartib ham bo‘lmaydi», deya xulosa qiladi u.

Postga teleboshlovchi Kseniya Sobchak e’tibor qaratdi va undan skrinshotlar e’lon qildi. «Men Dmitriy Medvedevning VKdagi sahifasi buzib kirilganiga tikaman», deya yozadi u telegram-kanalida.

Tongda Medvedevning posti bo‘yicha xuddi shunday izoh berildi. «Sahifani buzib kirib, post yozib, uni e’lon qilganlarga esa «VKontakte» ma’muriyati va shunday vakolatga ega bo‘lganlar chora ko‘radi», dedi RIA Novosti muxbiriga Medvedevning yordamchisi Oleg Osipov.

«Medvedevning «VKontakte»dagi so‘nggi posti 31 iyulda joylangan bo‘lib, Harbiy-dengiz floti kuni munosabati bilan tabrikdan iborat», deya aniqlik kiritdi u.

«VKontakte»da Medvedevning 2,2 mln o‘quvchisi bor, Telegramda esa - qariyb 672 ming. U Telegramdagi sahifasini Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin ochgandi.

Ukraina bilan urush boshlangach, Medvedev ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga xos bo‘lmagan darajada faollik ko‘rsata boshladi, u asosan bo‘layotgan voqealarga nisbatan agressiv sharhlar bildirib keldi.

Masalan, iyun oyida u telegram-kanalida o‘z nafrati haqida yozgan, lekin kimga nisbatan ekaniga aniqlik kiritmagan. «Mendan tez-tez nima uchun Telegramdagi postlarim bu qadar keskinligi haqida so‘rashadi. Javob beraman - men ulardan nafratlanaman. Ular pastkashlar va razillar. Ular bizning, Rossiyaning o‘limini istashadi. Men tirik ekanman, ular yo‘q bo‘lib ketishi uchun barcha ishni qilaman», deyiladi postda.

30 may kuni esa Medvedev Rossiya shaharlariga raketa zarbalari berilgudek bo‘lsa, Rossiya «jinoiy qarorlar» «qabul qilinadigan markazlar» bo‘ylab javob zarbalari yo‘llashi mumkinligi, bunday markazlar faqat Kiyevdagina emasligini aytgandi.

Medvedev 2020 yil yanvarida kutilmaganda bosh vazirlik lavozimini Mixail Mishustinga bo‘shatib berib, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimini egallagandi. Bu lavozim uning uchun maxsus tashkil etilgan - unga qadar bu organda o‘rinbosarlik lavozimi bo‘lmagandi. Xavfsizlik kengashi raisi esa Vladimir Putindir.

Mavzuga oid
Top