08:48 / 06.02.2021
29053

Yakka tartibda uy-joy qurilishi bo‘yicha ba'zi cheklovlar kiritiladi

Vazirlar Mahkamasining “Yakka tartibdagi uy-joy qurilishi sohasidagi seysmik va yong‘in xavfsizligini ta'minlash hamda sohani tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qaror loyihasi bilan Yakka tartibdagi uy-joy qurishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash va O‘zbekiston hukumatining ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash nazarda tutilgan.

Yangi nizom “Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash (kelishish), qurilishni amalga oshirish”, “Qurilishi tugallangan uy-joylarni foydalanishga qabul qilish va ularga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish” kabi bo‘limlar bilan to‘ldirildi.

Nizomda:

uy-joy quruvchiga yakka tartibdagi uy-joy qurilishining borishi ustidan texnik nazorat funksiyasini olib borish uchun shartnoma asosida ixtisoslashgan tashkilot (yuridik shaxs)ni yoki maxsus sertifikatlangan texnik nazoratchi (jismoniy shaxs)ni yollash huquqi berilmoqda;

yakka tartibdagi uy-joy qurilishida shaharsozlik normalari va qoidalariga hamda tasdiqlangan (kelishilgan) loyiha hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazorat qurilish vazirligining tuman (shahar) bo‘linmalari zimmasiga yuklatilmoqda;

fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida yakka tartibdagi uy-joy qurish (qayta qurish) uchun loyihalarni ishlab chiqish huquqi litsenziyalangan loyiha tashkilotlari bilan bir vaqtda Qurilish vazirligining hududiy bo‘linmalariga berilmoqda.

Shu bilan birga, yakka tartibda uy-joy qurilishida konstruktiv va zilzilabardoshlik xavfsizligi omillarini ta'minlash maqsadida ba'zi cheklovlar kiritilmoqda. 

Jumladan:

ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joylarni qurish (qayta qurish) loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o‘tkazilgan hamda obektning Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati o‘rnatilgan holda amalga oshirilishi;

uy-joy quruvchilar tomonidan ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni qurilish tashkiloti bilan qurilish pudrati shartnomasini tuzmasdan qurish (qayta qurish) ishlarini amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi;

jismoniy shaxslar bo‘lgan uy-joy quruvchilari xo‘jalik usulida amalga oshirishi mumkin bo‘lgan qurilish ish turlari belgilab qo‘yilmoqda.

Tasdiqlashi ko‘zda tutilgan nizomning kuchga kirishi yakka tartibda uy-joy qurilishida tartib o‘rnatish, past qavatli uy-joylar hududida noqonuniy ravishda ko‘p qavatli ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishining oldini olish, turar joy binolarida konstruktiv, seysmik va yong‘in xavfsizligini ta'minlashga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi aytiladi.

Top