16:51 / 16.01.2019
13171
Yuliy Yusupov: Muammolarni tan olish – rivojlanish sari qadam

Kun.uz tahririyati Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashuv markazi rahbari Yuliy Botirovich Yusupov bilan turkum suhbatlarni davom ettiradi. «Yuliy Yusupov bilan natijalar haqida» deb nomlangan suhbatning ikkinchi qismini e'tiboringizga havola etamiz.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Sh.Sh. – Mana, siz hammasi kamchiliklarni tan olishdan boshlanishini aytdingiz. Biz nega kamchiliklarimizni hech tan ololmayapmiz?

Yu.Yu. – Tan olyapmiz. Prezident bizga chiroyli raqamlarni taqdim etgan statistikaning yolg‘on ekanligini aytdi. Shuningdek, prezident turli masalalar xususida gapirar ekan, kamchiliklarni ko‘rsatib berdi va o‘zgarishlar qilish kerakligini, islohotlar o‘tkazmasdan 20 yilni yo‘qotganimizni aytdi. Ya'ni bizga islohotlar kerakligi e'tirof etildi. Shuning uchun ham islohotlar o‘tkazilmoqda.

Ammo bir narsada sizning fikringizga qo‘shilaman, jamiyat va hukumat biz qanday vaziyatga tushib qolganimizni to‘liq anglab yetmayapti. Nimaga? Chunki uzoq yillar davomida statistika bizga chiroyli raqamlarni ko‘rsatib kelgan – biz iqtisodiyotning barcha o‘sish sur'atlari bo‘yicha sayyorada yetakchi edik va bizda inflatsiya ham past edi. Bizga islohotlar sababli boshqa davlatlar qashshoqlikda yashayotgani va ularda hamma narsa tanazzulga uchraganini aytishardi. Bu esa yolg‘on edi. Biz joyimizda turaverdik, chidadik, islohotlar o‘tkazmadik va shuning uchun bizga qoyil. Shunday deyilmasdi, ammo shunday mazmun kelib chiqadi.

Va butun omma ongida ham bu fikr muhrlanib qolgandi. Shuning uchun bizga «nima, biz ham Qirg‘izistondek bo‘lib qolishimizni istaysizmi?», deyishadi. Ha, Qirg‘iziston islohotlar o‘tkazish borasida eng yaxshi namuna emas. Ammo Qirg‘iziston bilan solishtirganda ham biz ortda qolganmiz. Agarda 2017 yildagi YaIMni hisoblaydigan bo‘lsak, bizda bir kishiga 1000 dollardan kamroqqa to‘g‘ri keladi. Biz dunyodagi eng qashshoq o‘ttiz mamlakat orasidamiz. Bu ro‘yxatga bizdan tashqari Afrikaning 25 mamlakati, Nepal, Yaman, Tojikiston va Gaiti kiradi. Mana biz qanday mamlakatlar orasidamiz. Bir yuz saksondan ortiq davlat ichida.

Bu esa muammolarni uzoq vaqt davomida inkor qilib kelganimiz natijasidir. Biz iqtisodiyotni rivojlantirishga xalaqit beradigan yomon institutlar bilan iqtisodiyot yaratdik. Ha, biz rivojlandik, butun dunyo rivojlandi, ammo biz o‘zimizda mavjud o‘yin qoidalari asosida emas, qoidalarga qarshi tarzda rivojlandik. Biz tabiiy resurslarga boymiz va mehnatkash, tadbirkor xalqimiz bor. Biz shuning evaziga va tashqaridan keladigan texnik o‘sish sababli rivojlandik. Boshqa davlatlarda zamonaviy texnologiyalar o‘ylab topilyapti, biz esa ularni sotib olyapmiz va ishlatyapmiz. Qarang, texnologiya, masalan, IT-texnologiya yildan yilga rivojlanib bormoqda. Bundan 10 yil oldin kompyuterlarning samaradorligi qanday edi va hozir qanday. Biz esa ularni o‘sha eski narxda, aytaylik, 300 dollardan sotib olyapmiz. Va bu bizning xizmatimiz emas, biz shunchaki ulardan foydalanyapmiz xolos. Shuning evaziga bizdagi yomon qoidalarga qaramasdan rivojlanish bo‘lmoqda.

Agarda O‘zbekiston va sobiq ittifoq mamlakatlaridagi 1995 va 2017 yildagi aholi jon boshiga YaIM ko‘rsatkichi statistikasiga nazar tashlasak va solishtiradigan bo‘lsak, eng kam o‘sish bizda bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Barcha mamlakatlarda o‘sish bizga nisbatan yuqori bo‘lgan. Bu esa 9 foizlik iqtisodiy o‘sishni qog‘ozda ifodalagan statistikamizning qanday ahvolda bo‘lganini ko‘rsatadi.

Buni anglab yetish va biz aslida juda ayanchli ahvolda ekanligimizni keng jamoatchilikka, aholiga yetkazish kerak. Ko‘pchilik, ayniqsa, Toshkentda yashaydiganlar buni tushunishmaydi, chunki ular Toshkentdagi hayotni ko‘rishadi. Aslida Toshkent va qolgan viloyatlar – ikkita turli davlatlar. Viloyatlarda turmush darajasi ancha past. Agarda O‘zbekistondagi o‘rtacha yashash darajasini oladigan bo‘lsak, biz juda ayanchli ahvoldamiz. Bu esa yomon o‘yin qoidalarining natijasidir. Shunga muvofiq, agarda kelajagimiz bo‘lishini, muvaffaqiyatli rivojlanishni istasak, o‘yin qoidalarini o‘zgartirishimiz shart. Bu islohotlar o‘tkazish degani.

Sh.Sh. – Siz muammolar tan olinyapti deyapsiz. Balki bu tan olish qandaydir umumiydir, muammolar batafsil e'tirof etilmayotgandir? 

Yu.Yu. – Har bir muammoni bittama-bitta tan olib chiqish kerak deb o‘ylamayman, zero prezidentning so‘zlariga diqqat bilan e'tibor bersangiz, u muammolar haqida aniq-oshkor gapiryapti.

Ammo muammolarni tan olishning o‘zi yetarli emas, bu muammolar sababini anglab yetish lozim. Va ularni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar dasturini tuzish kerak. Asosiysi, muammo sababi nimadaligini aniqlash. Aniq sabablarni aniqlab olsak, shundagina nima qilishimiz kerakligini tushunamiz. Bu esa ancha murakkab jarayon. Biz qashshoqligimiz, jamiyat qashshoqligini tan olish borasida hech qanday muammo yo‘q.

Sh.Sh. – Agarda huquqqa nisbatan munosabatimizni tubdan o‘zgartirmasak, oldinga siljiy olmaymiz deb o‘ylayman. Siz bu borada qanday fikrdasiz?

Yu.Yu. – Gapingizga to‘liq qo‘shilaman. Siz eslab o‘tgan sovet merosi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu merosning salbiy tomonlaridan biri (ijobiy tomonlari ham bor) qonunga, huquq, qonun ijrosiga nisbatan nigilistik munosabatdir. Buning sababi nima? Qonunlar qandaydir darajada rasmiyatchilik tusida bo‘lganidir. Qonunlar adolatsiz bo‘lgan. Masalan, ular odamlarni halol pul topish imkoniyatidan mahrum qilgan. Biznes bilan shug‘ullanish kapitalizm deb hisoblangan, bu esa yomon. Shuning uchun odamlar biznesdan qochishga harakat qilishgan.

Sh.Sh. – Xususiy mulkka bo‘lgan munosabat.

Yu.Yu. – Ha. Rasmiy mafkura xususiy mulk o‘g‘rilik deb tushuntirardi. Bu marksizm emas, buni boshqa muallif aytgan, ammo mulkdorlik yomon deb hisoblanardi.

Sh.Sh. – Aksariyat muammolarimizning ildizi mana shunda deb o‘ylamaysizmi?

Yu.Yu. – Xususiy mulk alohida narsa. Ammo xususiy mulkka nisbatan munosabat bilan birga, huquqqa bo‘lgan munosabat ham o‘ziga xos bo‘lgan. Masalan, parlamentarizm, hukumatni bo‘lish, zamonaviy demokratik institutlar asoslariga nisbatan salbiy qarash hukmronlik qilgan. Hammasi yolg‘onligi, u tomonlarda hammani bir hovuch boylar boshqarishi va boshqarish oson bo‘lishi uchun ular parlamentlar, mustaqil sud tizimi, «go‘yoki» mustaqil OAVni o‘ylab topishgani aytilardi. 

Bu ham ongimizga singib ketgan, bu ham siyosiy huquq institutlariga nisbatan bo‘lgan munosabatdir. Salbiy, ishonchsiz. Qonunga nisbatan ham shunday munosabat bo‘lgan – qonunni buzish mumkin. Masalan, sovetlar davrida o‘zingiz ishlayotgan korxonadan korxonangiz ishlab chiqarayotgan mahsulotni uyga olib ketishingiz normal hisoblangan. Bu qonunan taqiqlangan, ammo axloq nuqtai nazaridan bu oddiy hol, hattoki jasorat bo‘lgan.

Sh.Sh. – Umume'tirof etilgan.

Yu.Yu. – Ha. Ya'ni, bu ishni odamlar qoralamasdi. Nimaga? Chunki «buni hamma qilardi, davlat bizga oz oylik beryapti, hammayoq to‘lib-toshib yotibdi, nega olmas ekanmiz?». Mulkka, huquqqa va demokratik institutlarga bo‘lgan ana shunday munosabat sezilarli darajada saqlanib qolgan. Mana shu munosabat ayrim targ‘ibotlar orqali yana qayta tiklanmoqda, masalan, televizorda «g‘arbda hamma narsa yomonligi, institutlar ishlamayotganini» ko‘rsatishmoqda, ya'ni o‘sha sovetlar targ‘iboti ko‘chirilmoqda. Va odamlarning miyasida o‘sha narsa: «bizga bularning nima keragi bor, parlamentlar, sudlarning nima keragi bor? Baribir hamma narsa boshqacha hal bo‘ladi. Biz hammasi qanday hal bo‘lishini bilamiz». Hukumat bo‘linishini ta'minlaydigan, muammolarni hal qilishda jamiyatning ishtirok etishiga imkoniyat beradigan institutlarni tashkil qilish o‘rniga, «hamma muammolarimizni bir kishi hal qilib beradi», demoqdamiz.

Huquqqa nisbatan munosabat ham xuddi shunaqa. Hammasi qanday hal etilishini biz oldindan bilib turadigan sud tizimiga qanday ishonish mumkin? Shartnomalar oddiy qog‘oz bo‘lgani uchun unga rioya qilib nima qilamiz? Va shu tarzda davom etadi.

Bozor iqtisodiyoti xususiy mulk, kelishuv, shartnomalarning himoya qilinishi, kafolatlanishi asosiga quriladi. U busiz ishlamaydi. Chunki agarda huquqlaringiz himoyalanmagan bo‘lsa, siz tadbirkor sifatida biznesga investitsiya kiritmaysiz. Agarda duch kelgan paytda kimdir kelib aytaylik, magaziningizni buldozerda surib tashlashidan xavotirda bo‘lsangiz yoki biznesingizni tortib olishlaridan cho‘chisangiz, ish boshlamaysiz.

Shartnomalarga rioya qilinmasa, ular tuzilmagan bo‘ladi. Masalan, siz shartnoma shartiga rioya qilmayapsiz, men esa ikkinchi tomon sifatida hech narsa qila olmayman, tabiiyki, bu yerda bozor munosabatlari ishlamaydi. Iqtisodiyot rivojlanmaydi.

Sh.Sh. – Huquqqa nisbatan munosabatni tubdan o‘zgartirmasdan turib iqtisodiyotdagi islohotlar haqida gapirish mumkinmi?

Yu.Yu. – Bilasizmi, huquqqa nisbatan munosabatni bir kunda yoki bir yilda qandaydir buyruq bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi.

Sh.Sh. – Qandaydir yo‘li bo‘lsa kerak?

Yu.Yu. – Albatta. Shunchaki bu uzoq davom etadigan jarayon. Va u islohotlarning tarkibiy qismi. Iqtisodiy, siyosiy, huquqiy islohotlar bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi kerak.

Sh.Sh. – Biror nimaga erishsak, masalan, qaysidir sohani demonopolizatsiya qilsak, lekin sudlarning yaxshi ishlashini ta'minlamasak, barcha harakatlarimiz havoga uchib ketmaydimi?

Yu.Yu. – Bilasizmi, bir narsa aniq: ilgari ishlamagan sudlar, ertadan ishlab qolmaydi – bunday bo‘lishi mumkin emas. Bu jarayon Yevropada, masalan, Angliyada yuzlab yillar davom etgan. Agarda barchasini to‘g‘ri amalga oshirsak, bizga yuz yillar emas, o‘n yillar yetadi. Aniq muddatni aytish qiyin. Ammo bu bizda sudlar hozircha ishlamagani uchun boshqa islohotlarni to‘xtatib qo‘yish kerak degani emas.

Bundan tashqari, qanday yaxshi islohotlar o‘tkazilmasin, quyidan talab bo‘lmasa, jamiyatdan talab bo‘lmasa, sudlar ishlashni boshlamaydi. Jamiyat ularni kerakli darajada silkitmagunicha. Buning uchun esa boshqa sohalarda islohotlar bo‘lishi kerak. Biznes rivojlanishi lozim. Aholi o‘z ehtiyoji, talabi va huquqini yaxshiroq bilish kerak. Ana shunda ular sudlardan samaraliroq ishlashni talab qila boshlashadi. O‘rta sinf shakllanishi darkor. Iqtisodiy islohotlarsiz o‘rta sinfni qanday shakllantirib bo‘ladi? Busiz sudlarni ishlashga majbur qilib bo‘lmaydi. Qandaydir o‘zgarishlar qilishingiz mumkin, ammo asosiysi jamiyat talab qilishidir.

Sh.Sh. – Siz «qandaydir o‘zgarishlar» haqida gapirdingiz. O‘zgarishlar kiritilmoqdami?

Yu.Yu. – To‘g‘risini aytsam, sud islohoti bo‘yicha mutaxassis emasman.

Sh.Sh. – Balki bu masalada ham qiziqib ko‘rish kerakdir?

Yu.Yu. – Gapingizga qo‘shilaman. Ammo bu yuristlar va huquqshunoslarning ishi. Menda iqtisodiy masalalar bo‘yicha shug‘ullanadigan muammolar yetarli.

Men boshqa misolni keltirmoqchiman. Ta'lim islohoti. Ta'limni isloh qilmasdan turib va umuman yaxshi ta'limsiz kelajak bo‘lmaydi. Biz XXI asrda, rivojlangan davlatlarda sanoat, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning 20 foizdan kamrog‘ini tashkil etayotgan davrda yashayapmiz. Iqtisodiyotning 90 foizi xizmatlar ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri keladi. Birinchi navbatda, axborot xizmatlari. Raqobatbardoshlik, istiqbolga esa faqatgina miya orqali erishish mumkin. Samarali, o‘ta samarali ta'lim tizimisiz hech qanday imkoniyat yo‘q.

Nima qilish kerak? Yuqorida ta'lim islohotini o‘tkazish, o‘qituvchilarning maoshini oshirish, ideal dasturlar tuzish (buni qilish qiyin, chunki bunday odamlar yo‘q yoki juda kam), umuman olganda, rivojlanish uchun yuqoridan sharoitlar yaratish mumkin. Ammo yaxshi ta'lim olish uchun pastdan talab bo‘lmasa, bu kerakli samarani bermaydi.

Talab qayerdan paydo bo‘ladi? Talab iqtisodiyot tomonidan paydo bo‘ladi. Agarda o‘smir o‘qib injyener bo‘lganidan keyin ish topolmasligini yoki yaxshi maosh olmasligini bilsa u injyenerlikka o‘qimaydi. Qayerda yaxshi pul topish mumkin bo‘lsa, o‘sha tomonga hattoki noto‘g‘ri yo‘llar bilan bo‘lsa ham yo‘l oladi. Unga bilimning ham keragi bo‘lmaydi. Shunchaki diplomli bo‘lsa bo‘ldi.

Ya'ni, yaxshi dasturlar bilan ta'minlangan yaxshi o‘quv muassasalari tashkil qilib, ularni kompyuterlar bilan ta'minlasangiz ham, iqtisodiyot tomonidan talab bo‘lmasa, bu befoyda. Buning uchun esa biznesni rivojanishga majbur qiladigan sof iqtisodiy islohotlar kerak. Tadbirkorlar raqobatbardosh bo‘lish uchun yangi jihozlar, ularni ishlata oladigan injyenerlar kerakligini tushunib yetishadi. Mana shu talab paydo bo‘lganida, yoshlar injyenerlar qancha pul topishini anglab yetishganida o‘sha yerga bo‘lgan oqim o‘sadi. Va diplom olish uchun emas, bilimli bo‘lish uchun o‘qiydi, chunki tadbirkorga diplom emas, bilim kerak. Shunda ta'lim olish uchun talab paydo bo‘ladi. Ana shunda odamlar o‘quv dargohidan tegishli darajani talab qila boshlaydi, «sizga shartnoma bo‘yicha shuncha pul to‘ladik, jihozlarda ishlay olishimiz uchun siz bizni yaxshi o‘qitishingiz kerakmi? O‘qiting» deyishadi.                          

Suhbatning birinchi qismi bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Top