09:31 / 24.09.2020
9333

YuNeSKO Shavkat Mirziyoyevning tashabbusini qo‘llab-quvvatladi

Tashkilot rahbari Xivada xalqaro madaniy forum o‘tkazish haqidagi taklifni qabul qilganini bildirdi.

YuNeSKO bosh direktori Odri Azule O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro madaniy forum o‘tkazish tashabbusini qabul qilishini bildirdi. Bu haqida u “Tvitter”dagi sahifasida ma'lum qilgan.

“Men prezident Mirziyoyevning 2021 yilda Xivada Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro madaniy forum o‘tkazish tashabbusini mamnuniyat bilan qabul qilaman”, deb yozgan Odri Azule.

YuNeSKO rahbarining fikricha, xalqaro forum Markaziy Osiyoning umumiy madaniyatiga sho‘ng‘ish imkoniyatini yaratadi.

O‘zbekiston prezidenti 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasidagi chiqishida 2021 yilda YuNeSKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro forumni o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan va bunga O‘zbekiston tayyorligini ma'lum qilgan edi.

O‘zbekistonning YuNeSKOdagi doimiy vakili Umid Shodiyevning bildirishicha, mazkur taklifga tashkilot tomonidan qiziqish bildirilishining bir necha sabablari mavjud.

Birinchidan, forum YuNeSKO mandatiga kiruvchi asosiy yo‘nalishlar – ilm-fan va madaniyatni targ‘ib qilishga qaratilgan.

Ikkinchidan, tashabbus tashkilot amalga oshirayotgan faoliyatga to‘la mos tushadi. YuNeSKO bir necha o‘n yillar davomida Markaziy Osiyo madaniyati va tarixi haqida ulkan tadqiqotlar qilmoqda. Tashkilotning “Buyuk ipak yo‘li” maxsus onlayn platformasida mintaqaga tegishli ko‘plab madaniy va ilmiy artefaktlarning nusxalari to‘plangan.

Uchinchidan, bu YuNeSKO va O‘zbekiston o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan o‘zaro aloqalar mahsulidir. YuNeSKO rahbariyati O‘zbekiston hukumatining o‘zaro aloqalarni kengaytirishga bo‘lgan intilishlarini har doim yuqori baholab keladi.

To‘rtinchidan, YuNeSKO O‘zbekiston bilan hamkorlikda yirik xalqaro madaniy-ma'rifiy va ilmiy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega. Mamlakatda oxirgi yillarda o‘tkazilgan “Sharq taronalari”, “Baxshi”, “Maqom” kabi xalqaro forumlar shu tashkilot shafeligida o‘tkazildi.

Top