11:13 / 01.07.2022
12787

Dam olish kunlari issiq bo‘ladi

O‘zbekiston hududi bo‘yicha iyun oyi oxirida kuzatilgan anomal issiq ob-havodan so‘ng, kecha va bugun issiq asta-sekin pasayib bormoqda.

Foto: Kun.uz

Bugun kunduzi respublika bo‘yicha havo harorati 35-38 daraja issiq atrofida bo‘ladi. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, dam olish kunlari issiq yana ko‘tarila boshlaydi. Yakshanba kuniga kelib, harorat 38-41 daraja issiqqacha yetadi. Ushbu kunlarda janubiy hududlar eng chekka qismida 43-45 daraja issiqqacha bo‘lgan harorat bilan juda issiq ob-havo saqlanib turadi.

Bu issiq uzoq vaqt davom etmaydi. Keyingi hafta boshidan respublika hududiga Volgabo‘yi hududlaridan salqin havo kirib keladi. Dushanba kunidan harorat asta-sekin pasayishni boshlaydi va hafta katta qismida 30-35 daraja issiq atrofida, ba’zi joylarda 37-38 daraja issiqqacha bo‘ladi.

Respublika hududi katta qismida bugun va dam olish kunlari asosan kam bulutli ob-havo kuzatiladi, faqat Qoraqalpog‘istonda 3 iyulda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi, ba’zi joylarda chang-to‘zonlari kuzatilishi mumkin. 3 iyulda shimolda va cho‘l hududlarda shamol 23-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

1-3 iyulda Farg‘ona viloyati tog‘oldi va tog‘li hududlarida glyatsial (muz) sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Mavzuga oid
Top