09:22 / 24.11.2017
56728
OTMda maxsus sirtqi va kechki ta'limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Oliy ta'lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) ta'limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarorni chiqardi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Oliy ta'lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

Oliy ta'lim muassasasida kechki (smenali) ta'limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar.

Oliy ta'lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalarida sirtqi (maxsus sirtqi) ta'lim O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq tashkil etiladi.

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta'lim quyidagi shakllarda olib boriladi: sirtqi shakl, maxsus sirtqi shakl, ikkinchi va undan keyingi oliy ma'lumot berishning sirtqi 
shakli.

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limga talabalarni qabul qilish:

sirtqi shaklda - umumiy o‘rta (10-11-sinflar negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumoti to‘g‘risidagi tegishli hujjatga ega bo‘lgan va test sinovlaridan (kirish imtihonlaridan) muvaffaqiyatli o‘tgan;

maxsus sirtqi shaklda - faqat tegishli yoki turdosh ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumotiga va ta'lim yo‘nalishiga muvofiq soha, kasb, lavozimlarda kamida uch yillik amaliy ish stajiga (pedagogika yo‘nalishlari uchun pedagogik stajga) ega bo‘lgan, tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega, test sinovlaridan (kirish imtihonlari yoki kasbiy suhbatdan) muvaffaqiyatli o‘tgan;

ikkinchi va undan keyingi oliy ma'lumot berishning sirtqi shaklda - oliy ma'lumotga ega bo‘lgan (agar xorijiy oliy ta'lim muassasasini tugatgan bo‘lsa, oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjati belgilangan tartibda tan olingan (nostrifikatsiya qilishgan) bo‘lishi kerak) va test sinovlaridan (kirish imtihonlaridan yoki kasbiy suhbatdan) muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar hisobidan amalga oshiriladi.

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limda o‘qish muddati:

sirtqi shaklda - kamida 5 yil;
maxsus sirtqi shaklda - kamida 3 yil;
ikkinchi va undan keyingi oliy ta'lim negizidagi sirtqi shaklda - kamida 3 yil. 

Bunda, o‘qish o‘quv rejalaridagi fanlar farqidan qat'i nazar, bakalavriat ta'lim yo‘nalishining 2-kursidan boshlanadi.

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta'lim talabalari oliy ta'lim muassasasining barcha o‘quv jihozlari, auditoriyasi, laboratoriyasi, kutubxonasi, axborot-resurs markazlari hamda o‘quv-yordamchi tuzilmalari xizmatidan bepul foydalanadi.

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limda o‘qish bo‘yicha oliy ta'lim yo‘nalishlariga qarab bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbati 1:20 etib belgilanadi.

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta'lim talabalarini talabalar safidan chetlashtirish va o‘qishini qayta tiklash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limdan kunduzgi ta'limga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limning bir ta'lim sohasidan ikkinchisiga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta'lim talabasi uchun o‘qishga qabul qilingan o‘quv yili boshida (odatda, sentabr-oktabr oylarida) bevosita oliy ta'lim muassasasida 10 kunlik o‘quv jarayoni bilan dastlabki tanishtiruv hamda semestr davomida o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha qisqacha (ishchi o‘quv rejasida belgilangan hajmda) ma'ruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Talabalarga mavzular bo‘yicha topshiriqlar va ularni bajarish yuzasidan metodik ko‘rsatmalar beriladi.

O‘quv sessiyasigacha bo‘lgan muddatda sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limda o‘qish mustaqil, jumladan, masofadan turib ta'lim olish shaklida amalga oshiriladi. Bunda talaba metodik ko‘rsatmalardan foydalangan holda ishchi o‘quv rejada semestr uchun rejalashtirilgan fanlarning dasturlarida belgilangan mavzularni mustaqil o‘zlashtiradi.

Talaba fan bo‘yicha topshiriqlarni bajargandan so‘ng, uni fan o‘qituvchisiga belgilangan muddatlarda (odatda, masofadan turib Internet orqali) yuboradi hamda qayddan o‘tkazadi. Fan o‘qituvchisi talaba yuborgan materiallarni tekshirib, oraliq ishi sifatida baholaydi. Fan o‘qituvchisi mavzular bo‘yicha navbatdagi topshiriqlar va ko‘rsatmalarni yuborishi, shuningdek, onlayn rejimida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishi mumkin.

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta'lim talabasi har bir semestr davomida bir marta oliy ta'lim muassasasiga o‘quv sessiyasiga chaqiriladi. Buning uchun unga o‘quv sessiyasi boshlanishiga qadar (kamida 10 kun oldin) belgilangan shaklda xabarnoma yuboriladi.

Oliy ta'lim muassasasida kechki (smenali) ta'limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, kechki (smenali) ta'limda o‘qish muddati - kamida 4,5 yil. Kechki (smenali) ta'limda o‘qish bo‘yicha oliy ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga qarab bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbati kunduzgi ta'lim bilan bir xil nisbatda belgilanadi.

Kechki (smenali) ta'lim talabalarini talabalar safidan chetlashtirish va o‘qishini qayta tiklash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.

Kechki (smenali) ta'limdan sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limga hamda kechki (smenali) ta'limning bir ta'lim sohasidan ikkinchisiga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi,

Kechki (smenali) ta'limda o‘qish (kunduzgi ta'limdan farqli ravishda) bir haftada, odatda, besh kun amalga oshiriladi va haftalik o‘quv soati hajmi 20 akademik soat qilib belgilanadi. Kechki (smenali) ta'limda masofadan turib o‘qitish talabalarning asosiy ish joyidan ajralmagan holda o‘quv rejasidagi barcha fan dasturlarida belgilangan bilimlarni mustaqil masofadan turib o‘zlashtirish asosida amalga oshirilishi mumkin.

Top