15:00 / 07.07.2020
29143

Viloyatlarni ham internet bilan ta'minlash keyingi maqsadimiz – Bepul, sifatli internet tarmog‘i loyihasi «Sola» haqida

«Sola» loyihasi poytaxtning katta qismini sifatli internet bilan ta'minlayotgan va ko‘pchilikning ishonchiga kirayotgan tarmoqlardan biri. Loyiha rahbari, kompaniya bosh direktori Behzod Ahmedov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda kompaniya tarixi, loyiha oldiga qo‘ygan maqsadlar, tashkilotning kadrlarga qo‘ygan talablari va telekommonukatsiya sohasida qilingan o‘zgarishlar haqida gapirib berdi.

Foto: KUN.UZ

«Sola» loyihasi tarixi. Hammasi qanday boshlangan edi?

Behzod Ahmedovning aytishicha, «Sola» loyihasi hozircha Toshkent shahri hududida aholiga hamda tashrif buyurgan turistlarga tekin va pullik Wi-Fi qurilmalari orqali internet yetkazib berishni maqsad qilgan.

Loyihaning tarixi esa juda uzoq. Loyihani uning muallifi 2014 yillarda Huawei kompaniyasida simsiz internet yo‘nalishi bo‘yicha ishlab yurgan paytlaridayoq rejalashtira boshlaganini va keyinroq 2017 yilda ilk faoliyati yo‘lga qo‘yilganini ma'lum qildi.

«Biz loyihani boshlayotganimizda O‘zbekistonda xalqaro internetga ulanish tezligi yuqori emas edi. «Sola» haqida aytish uchun vazirlikka borganimizda buni amalga oshirish uchun hali 3-4 yil bor, deyishgandi. So‘ng «Men agar internetning o‘zini olib kelib bersam-chi?» degandim. Ular «Mayli, qanaqa qilib?» deb so‘rashgan.

O‘shandan so‘ng yana bir loyihamizni Qirg‘izistonda amalga oshirishni boshladik. Bu O‘zbekistonga alternativ liniya qurish loyihasi hisoblanadi. U 2017 yilda amalga oshdi. O‘shanda O‘zbekistonga internet Qozog‘iston orqali uzatilardi. Biz ham Qirg‘iziston orqali internet uzata boshlagach, qozog‘istonliklar ham narxlarni keskin tushirishdi. Bozorda raqobat boshlandi. Ilk faoliyat boshlaganimizda real ishlatilayotgan internet miqdori bor-yo‘g‘i 60 gigabayt edi, hozir bu ko‘rsatkich 750 gigabaytni tashkil etmoqda», - deya eslaydi Behzod Ahmedov.

Ma'lum bo‘lishicha, hozirda Toshkent shahrida hamma savdo va biznes markazlari, universitetlar, aeroport va mashina bozori, shuningdek, 10 ta ko‘chaga jami 3 mingdan ortiq «Sola»ning internetga ulanish nuqtalari (tochka dostup) ishga tushirilgan.

Behzod Ahmedov

Asosiy xizmat turlari

Hozirgi kunda «Sola» kompaniyasi mijozlar uchun 3 xilda xizmat turlarini taqdim etadi:

  • Mijozlar reklama asosida xizmat turlaridan foydalanishi mumkin. Bunda ular avtorizatsiyadan o‘tishlari lozim bo‘ladi. Avtorizatsiya yakunlangach, ularga bir nechta reklama roliklari taqdim etiladi. Ularni ko‘rib bo‘lishgach, mijozlarga 30 daqiqa bepul internet taqdim etiladi.

Bunda internetdan foydalanish uchun avval abonent telefon raqamini kiritishi lozim bo‘ladi. So‘ng foydalanuvchining telefoniga kod yuboriladi. Bu kod kiritilgach, reklamalar taqdim etiladi.

  • Internet paketlarini sotib olish orqali xizmatdan foydalanish usuli. Buning uchun ham avtorizatsiyadan o‘tiladi. So‘ng bir nechta internet paketlari taqdim etiladi. Narxi juda qulay paketlarni mavjud elektron to‘lov tizimlari orqali sotib olish mumkin.
  • Doimiy foydalanuvchilar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar. Ular ofislar, uylar, umuman, tarmoq mavjud bo‘lgan barcha nuqtalarda xizmatdan foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekistonga eng ko‘p turistlar tashrif buyuradigan 10 dan ortiq davlat raqamlari bazamizga kiritilgan. Ular xuddi o‘zbekistonlik abonentlar singari sms kod yordamida internetga ulanishi mumkin.

Nega tarmoqqa ulanish vaqtida cheklovlar bor?

Kompaniya direktorining aytishicha, hozirgi kunda Toshkent shahri bo‘yicha 1 milliondan ortiq odam «Sola» tarmog‘iga ulangan.

«Foydalanuvchilarda nega internet «tochka»siga ulanishda cheklovlar bor, degan savol bo‘lishi mumkin. Bu haqida talabalar ko‘proq so‘rashadi. Sistemaning bu tarzda ishlab chiqilganiga sabab turli operatsion xarajatlar, to‘lovlarimiz bor. Bularni qoplash uchun kuniga 5 marta qo‘yiladigan umumiy 2 soatlik cheklovimiz bor. Ba'zi joylarda bu cheklov 3 soatni tashkil qiladi.  

Jamoat joylariga, masalan, kafelarga borganda odamlarda bemalol internetga ulanish imkoni bo‘ladi. Agar kino ko‘rishmoqchi bo‘lsa yoki ko‘proq internetda bo‘lishni xohlashsa, unda obuna asosida undan yuqoriroq tezlikdagi internetdan foydalanish imkoni taqdim etiladi», - deydi Behzod Ahmedov.

«Sola» rahbari endi internet haqida jiddiy bosh qotirish kerak emas, u odatiy hayotimizning bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan, 4-5 yil oldin sotib olingan internet trafigidan foydalanish vaqti bilan hozirgining ancha katta farqi bor, bundan tashqari, internet hozir ko‘pchilikning tirikchiligiga ham aylangan, shuning uchun agar internet rivojlansa, boshqa biznes turlari rivojiga ham yordam beradi, deb hisoblaydi.

«Sola»ning asosiy muvaffaqiyati haqida

«Dastlab, bozorlarda bepul internet o‘rnatganimizda odamlar tushunishmadi. Tekin internet deganimizda odamlar hatto dastlab aldashyaptimi, deb ham o‘ylashdi. Ko‘pchilik ulanmadi. Keyin turli videolar bilan internetdan qanaqa qilib foydalanish mumkinligini ko‘rsatib berdik. Shundan so‘ng birdaniga trafigimiz 65 foizga oshib ketdi.

Muvaffaqiyatimizning yana asosiylaridan biri uyda o‘rnatilgan Wi-fi’ni ko‘chada ishlatish imkonining borligidadir. Bizning boshqa internet provayderlardan farqimiz ham shunda. Hozir shaharda 3 mingdan ortiq tarmoqqa ulanish nuqtalari o‘rnatilgan. «Sola»ga obuna bo‘lib, ulangan login tarmoqqa bir marta kiritiladi. So‘ng shahar ichida tarmoqlararo internetdan foydalanaverish imkoni bo‘ladi», - deya muvaffaqiyatlar haqida gapirdi Behzod Ahmedov.

«Sola» kompaniyasi o‘zi haqida har qanday xabarni, hatto u salbiy bo‘lsa-da, qabul qilishga va uni o‘rganib chiqishga tayyor. Bunday xabarlar tashkilot faoliyatini takomillashtirish uchun yordam beradi, deb hisoblaydi.

«Sola» loyihasining oldiga qo‘ygan asosiy rejalaridan biri esa uni faqat Toshkent shahrida emas, balki viloyatlarda ham ommalashishiga erishishdan iborat. Agar hammasi ko‘ngildagidek bo‘lsa, yaqin 3 yilda Toshkentdagi login bilan foydalanuvchi Qoraqalpog‘istonda ham tekin internetga bemalol ulanish imkoniga ega bo‘lishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar loyiha uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri 8 million AQSh dollari ajratilgan. Bundan tashqari, 4 million dollar kredit mablag‘lari sarflangan. Bundan keyingi rejalarga ko‘ra, loyihani butun respublika bo‘ylab amalga oshirish uchun 100 million dollarga yaqin mablag‘ kerak bo‘ladi.

Xodimlar rahbardan ham ko‘p maosh oladi

Behzod Ahmedov xodimlariga qancha maosh to‘lashi haqida ham ayrim faktlarni ma'lum qildi.

«Ko‘p xodimlar mendan 2 barobar ko‘p maosh oladi. Masalan, hozir yaxshi dasturchilar kam bo‘lgani uchun bunday xodimlarning maoshi 20 milliondan boshlanadi. Xodim jamoaning maqsadlarini tushunishi va o‘zi ham unga qo‘shilib keta olishi kerak. Masalan, har bir loyihaning topshirilishi vaqtidan kechikmasligi, «deadline»ga amal qilishlari kerak. Shuning uchun kompaniyaga ishga kirmoqchi bo‘lganlarda mana shu jihatlar bo‘lishi kerak», - deydi kompaniya direktori.

«Muammodan qo‘rqish emas, uni hal qilish uchun harakat qilish kerak» – «Sola» rahbaridan tavsiyalar

Shuningdek, Behzod Ahmedov telekommunikatsiya yo‘nalishiga qiziquvchi yoshlar uchun ham maslahatlar berdi.

«Telekommunikatsiya yo‘nalishida qiyinchiliklar ko‘p bo‘ladi. Bundan qo‘rqish emas, hal qilish yo‘lini topish uchun harakat qilish kerak. Bundan tashqari, telekommunikatsiya yo‘nalishida ish boshlamoqchi bo‘lgan odam eng kichik xodim sifatida faoliyatini boshlab ko‘rishi lozim, menimcha. Sababi sohadagi muammolarni ichidan bilmagan odamning katta natijalarga erishishi qiyin», - deydi O‘zbekistondagi yirik internet tarmog‘i rahbari.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Top