14:25 / 17.08.2019
48697
G‘uzorda tadbirkorlar milliardlab pullarini ololmayapti

O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini yanada kengaytirish va haq-huquqlarini qonun bilan himoyalashga doir ishlar sur'ati tezlashib ketdi. Ammo, taassufki, joylardagi hanuz uchrab turadigan ayrim holatlar ko‘ngilni xira qiladi.

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidan Kun.uz tahririyatiga yuborilgan murojaat ham tadbirkordan. Tezda chora ko‘rilmasa, u 1 milliard 600 million so‘m puliga kuyib qolishi mumkin. Ushbu tadbirkor bilan bog‘liq muammo faqat tuman yoki viloyat kesimida emas, qaysidir ma'noda respublika miqyosida ham o‘z yechimini kutmoqda.

Ushbu tumanning Quduq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi tadbirkor Hamza Toshtemirov va boshqa tadbirkorlar bank kreditlari orqali aholiga tarqatilgan mayda va yirik shoxli mollar uchun to‘rt oydan buyon pullarini ololmayotgani yuzasidan murojaat qildi.

Hamza Toshtemirov «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori va «Har bir oila – tadbirkor» dasturida belgilab berilgan vazifalar asosida bank kreditlari hisobiga aholiga mayda va yirik shoxli mollarni tarqatgan.

Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, tadbirkor joriy yilning 10 va 28 may kunlari «Agrobank» orqali 44 nafar fuqaroga, «Milliy bank» orqali 33 nafar va boshqa banklar orqali 10 nafardan ziyod fuqaroga mol bergan. Ammo ushbu chorva mollari uchun u hamon mazkur banklardan pul olganicha yo‘q.

— Bankning qarorida ko‘rsatilishicha, ta'minotchi molni oldindan ta'minlab bersa, biz monitoring qilib pulini tushirib beramiz deyishdi, — deydi tadbirkor H. Toshtemirov. — 10 kun muddatga deyilgan narsa 5 oyga qarab ketyapti. Banklar «resursimiz yo‘q» deb pulimizni tushirib bermayapti. Borgan sari bankrot bo‘lyapmiz.

Ma'lumotlarga ko‘ra, u shu kunga qadar 300 nafarga yaqin fuqaroga qoramol bergan bo‘lsa, shulardan 200 nafarining pulini olgan, qolgan 100 nafarining pullari esa, yuqorida tadbirkor ta'kidlaganidek, «resurs yo‘q»ligi sabab berilmayapti.

Yuqori turuvchi tashkilotlarning bu muammoga nisbatan munosabati qanday bo‘lyapti, dersiz?

— Hozirgi kungacha Prezident virtual qabulxonasiga, moliya vazirligiga, viloyat va tuman hokimligiga, tuman prokuraturasiga va boshqa tuman, viloyat va Respublika darajasidagi tashkilotlarga yo‘llagan murojaatlarimizning birortasiga jo‘yali javob bo‘lmadi. Bank menga ta'minotchi sifatida pul o‘tkazib berishi kerak edi, ammo bunday bo‘lmayapti. O‘zimiz borib mollarimizning hozirgi egalaridan qaytarib ololmaymiz. Bunga qonuniy haqimiz yo‘q, — deydi tadbirkor.

Bu hali hammasi emas. Tadbirkor Hamza Toshtemirovning ta'kidlashicha, u shu kunga qadar 100 nafarga yaqin tadbirkor va aholi bilan ishlagan. Bularning ichiga ustalar, mollarga qarovchi va ularni boquvchilar kirgan. Tadbirkorlik faoliyat turi dala va do‘konni qo‘shganda ko‘p tarmoqli etib kengaytirilgan. Hozir esa bu ishlarning barchasi deyarli to‘xtab qolgan. Yana uning so‘zlariga quloq tutamiz.

— Tadbirkorligimning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha inqirozga kelib qoldim. Hatto 22 nafar ish boshqaruvchimga ham maosh to‘lay olmayapman. Menga o‘xshagan ta'minotchilardan tumanimizda 10 nafarga yaqini bor. Ular 300 milliondan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdorda zararda turishibdi. Ayni damda qayerga murojaat qilishni ham bilmayapmiz.

Banklarga kredit so‘rab murojaat qilayotgan aholining ko‘pligi sabab, balki pullarimizni ololmayotgandirmiz. Bir safar jonimizdan o‘tgach, fuqarolarning oldiga borib, mollarimizni qaytarib olmoqchi bo‘ldik, o‘rtada katta janjal kelib chiqdi. «Men molni 3 oy boqqanman, 5 millionga yaqin pulim ketgan, pulimni ber yoki molni tushingda ko‘r», deb javob qaytarishdi. Tushunaman, ular haq, ammo biz pullarimizga kuyib qolaveramizmi?

Tadbirkorning o‘z rejalari ham bor edi. U kelajakda 200 bosh qoramol olib kelib, sutni qayta ishlovchi korxonani ishga tushirmoqchi va bu orqali 50 ish o‘rni yaratmoqchi edi. Chunki ular yashab turgan hududda aholining juda kam qismi davlat ishida ishlaydi. Asosan, chorva bilan shug‘ullanishadi. O‘zbekistonning turli hududlariga chorva mollari yetkazishadi. Tadbirkorning ushbu rejasini tuman hokimi, tuman prokurori ma'qullagan. Ammo Hamza Toshtemirovning pullari yo‘q, ular banklarda...

«Har bir oila — tadbirkor» davlat dasturi asosida tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari bilan shug‘ullanganlar va shug‘ullanayotganlar anchagina. Ular bilan suhbatda ham yuqorida tadbirkor ta'kidlab o‘tgan muammoli holatlar uchrayotgani sir emas. Ushbu tadbirkorlar, avvalo, o‘z ishlarini yanada kengaytirish, qolaversa, Davlat rahbari olib borayotgan iqtisodiy siyosatga asosan xalqni yanada boy qilish uchun harakat qilishgan. Endi davlat ularni himoya qilishi, qo‘llab-quvvatlashi lozim, nazarimizda.

Mazkur masala yuzasidan murojaatda aks etgan tijorat banklari filiallarining Respublika boshqaruvi va boshqa mas'ul idoralar tomonidan tegishli munosabat bildirilishiga umid bildirib qolamiz.

Sarvar ANVAR o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top