18:42 / 24.02.2021
52184
Qo‘yliqqa eltuvchi metro yo‘lida teshik paydo bo‘lgani muhokamalarga sabab bo‘ldi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» izoh berdi

Ma'lum bo‘lishicha, bekatlarga elektr kabel o‘tkazish ko‘prikchalari («kabelniy mostik») o‘rnatilmoqda. Estakadaning ostki qismi shu maqsadda tungi vaqtda, belgilangan loyiha asosida teshilgan.

Bugun, 24 fevral kuni, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent yerusti halqa metrosining “Do‘stlik-2” bekatidan “Qo‘yliq” bekatigacha bo‘lgan yo‘nalishning poyezd yo‘li qismidagi betonning bir bo‘lagi “ko‘chib tushgani”ga oid videolavha tarqaldi.

“Mana ahvol, bu birovning boshiga tushsa nima bo‘lardi?” - deya savol bilan murojaat qilgan lavha muallifi.

Hali foydalanishga topshirilganiga bir yil ham bo‘lmagan inshootlarning bunday holga kelishi ko‘pchilikda norozilik uyg‘otdi. Vaziyatga “O‘zbekiston temir yo‘llari” rasmiy saytida izoh berildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda “Do‘stlik-2” – “Qo‘yliq” yo‘nalishi bekatlarida kabel uchun o‘tkazish ko‘prigi (“kabelniy mostik”) qurish ishlari loyiha hujjatlariga asosan qurilishning II-bosqichida amalga oshirish rejalashtirilgan. Elektr kabellarini estakada ostki qismidan o‘tkazish inshootlari qurilishi loyihalari ishlab chiqilib, o‘rnatilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgan va ijobiy xulosa olingan. Bugungi kunda bekatlarda kabel o‘tkazish ko‘prigini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan “o‘pirilish” yuzasidan. Metroning 4-bekatida quruvchilar tomonidan 24 fevral kuni tungi soat 00:00dan keyin, ya'ni metro poyezdlari harakati to‘xtatilgandan so‘ng, kabel o‘tkazish ko‘prigini qurish uchun maxsus uskuna yordamida loyiha hujjatlariga asosan betonning bir qismi ochilgan.

Metro estakadasi ostidan harakatlanuvchi piyodalar va avtomobillar xavfsizligini ta'minlash maqsadida tungi paytda ishlar tashkil qilinib, qurilish me'yor va qoidalari asosida amalga oshirilmoqda va mutaxassislar tomonidan nazoratga olingan xavfsizlik qoidalariga rioya etiladi. Kabel o‘tkazish ko‘prigi qurilishi estakada mustahkamligiga zarar yetkazmaydi. Maxsus darcha ochish ishlari yakunlangandan so‘ng yo‘ldagi chiqindilar tozalangan”, deyiladi ma'lumotda.

Top