21:05 / 24.02.2021
30758

«Milliy tiklanish» va «Adolat» partiyasi deputatlari taklif qilayotgan yangi qonun loyihasi jurnalist va blogerlarda xavotir uyg‘otmoqda

«Milliy tiklanish» va «Adolat» partiyalari ishlab chiqqan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi jamoatchilikda xavotir uyg‘otmoqda. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan bir qator jurnalist va blogerlar siyosatchilarning tashabbusidan tashvishda ekanini so‘zlab berdi.

Loyiha nimalarni ko‘zda tutadi?

Qonun loyihasida axborot sohasidagi bir qator harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilgan.

Jumladan, Jinoyat kodeksining 244-moddasida:

  • hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faollik bilan bo‘ysunmaslikka da’vat qilganlik;
  • ommaviy tartibsizlikka da’vat qilganlik;
  • fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Bu jinoyat uchun jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga:

  • fuqarolarni qonunchilik talablarini bajarmaslikka yoki buzishga ommaviy da’vat qilganlik;
  • fuqarolarni qonunchilik talablarini bajarmaslikka yoki buzishga OAV, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, internet, matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da’vat qilganlik uchun –

– BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solishni nazarda tutuvchi norma (201-modda 1-qism) kiritilishi mumkin.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan va o‘z pozitsiyasini ijtimoiy tarmoqlarda yozib qoldirgan jurnalist va blogerlarning fikrlaridan ular bu loyihani so‘z va fikr erkinligiga tahdid sifatida ko‘rayotganini sezish mumkin.

Otabek Bakirov: «Tanqidchilarga, «yoqimsizlar»ga kelganda boshqa hech kimga ishlamayotgan qonun va uning normalari albatta ishlatiladi»

Otabek Bakirov

Telegramdagi «bankiroff» kanali muallifi, iqtisodchi Otabek Bakirovning bu qonun loyihasiga munosabati salbiy. U buni bir nechta omillar misolida tushuntirdi.

«Birinchidan, bizda amaliyotda qonunlar ko‘proq do‘stlarga emas, nodo‘stlarga qo‘llaniladi. Boshqa qonunlar, hech bir qonun ishlamasligi mumkin, lekin tanqidchilarga, «yoqimsizlar»ga kelganda boshqa hech kimga ishlamayotgan qonun va uning normalari albatta ishlatiladi.

Ikkinchidan, mustaqil sud mavjud emas. Ya’ni, masalan Hokimiyat vakillari talabiga bo‘ysunmaslik vaji bilan mahkama ochilganda ayblanayotgan shaxs o‘zining aybsizligini yetarli dalillar bo‘lgan taqdirda ham isbotlashi juda qiyin. Sud ijro hokimiyatining bir ilovasiga aylantirilgan sharoitda bu juda katta manipulyatsiyalar yaratadi» – deydi u.

Blogerning xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda qonunning barchaga barobarligi, mustaqil sud va barcha bo‘g‘inlarda saylanadigan va xalqqa hisobdor hokimiyat tizimi yaratilmaguncha, Hokimiyat vakillari talabiga bo‘ysunmaslikka da’vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi – yakkahokimchilikka, o‘zgacha fikrga nisbatan zo‘ravonlikka va biqiqlikka tomon tashlangan katta qadam bo‘ladi.

Navbahor Imomova: «Orqaga qadamlar...»

Navbahor Imomova

«Amerika ovozi» jurnalisti Navbahor Imomova Facebook'dagi sahifasida ushbu qonun loyihasiga munosabat bildirdi (munosabatni to‘liq holda jurnalistning feysbukdagi sahifasida o‘qish mumkin – tahr). U loyihani «orqaga tashlangan qadamlar» sifatida baholaydi.

«Orqaga qadamlar... Shu mavzuda bugun ketma-ket uchinchi postim. Oldingilari inglizcha edi. O‘zbekiston qonunchilari va mutasaddilari izohlar berib, masalani tushuntirishlari mumkin, eshitamiz albatta, lekin tashqaridan ham, ichkaridan ham qaraganda, xavotir uyg‘otadigan holatni kuzatyapmiz.

«Axborot xavfsizligini» ta’minlash uchun xalqaro media va ijtimoiy tarmoqlarga tahdid deb qarash; odamlar qonuniy hokimiyatga qarshi bosh ko‘tarishi mumkin deb, keskin choralar ko‘rish – pildirab orqaga ketish bo‘ladi.

Hammaning o‘z erkinlik va burchlari bor. Qonun ustuvorligi fuqaro va davlat orasida o‘zaro ishonch va hurmat talab qiladi. O‘tgan yillar ichida agar shunday sog‘lom aloqa bir qarich bo‘lsa-da rivojlangan bo‘lsa, shu kunlarda parlament va yuqori idoralarda ketayotgan harakatlar uni yakson qiladi», – deydi Navbahor Imomova.

Doniyor Ro‘zmetov: «O‘zgarishlardagi jumlalar o‘ta mujmal, tushunarsiz va o‘ta keng talqinlarni keltirib chiqaradi»

Doniyor Ro‘zmetov

Siyosiy tahlilchi, bloger Doniyor Ro‘zmetovga ko‘ra, kiritilayotgan o‘zgarishlardagi jumlalar o‘ta mujmal, tushunarsiz va o‘ta keng talqinlarni keltirib chiqaradi. Bu esa qator savollarni paydo qiladi.

«O‘zbekistonda amalga kiritish taklif qilinayotgan qonun loyihasidan quyidagi xulosalar kelib chiqadi:

Birinchidan, ommaviy tartibsizlikka da’vat qilish noqonuniy, ammo uni jazolash uchun O‘zbekiston qonunchiligida yuridik asoslar allaqachon mavjud. O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunlari, Inson huquqlari xalqaro deklaratsiyasi O‘zbekistonda namoyishlar o‘tkazishga ruxsat beradi va ruxsat berilmagan namoyishlarning tashabbuskorlari va o‘tkazuvchilari jazolanadi. Uni ko‘chada qiladimi, ijtimoiy tarmoqlar orqali qiladimi, ahamiyati yo‘q.

Ikkinchidan, kiritilayotgan o‘zgarishlardagi jumlalar mujmal, tushunarsiz va juda keng talqinlarni keltirib chiqaradi. Bu degani isbotlashning imkoni bo‘lmagan holatlarda, masalan kimningdir umumiy gaplarida «ommaviy tartibsizlikka chaqiruv ko‘rdik» deb so‘z va vaziyatlarni o‘zlaricha talqin qilib, ayblash va jazolash mumkin bo‘ladi.

Uchinchidan, so‘z erkinligi va inson huquqlari – muqaddas tushunchalar. Ularni cheklash, shaxsiy ma’lumotlarini va ularning fikr erkinliklarini nazorat qilishga intilish xalqaro huquq normalariga va O‘zbekiston respublikasi konstitutsiyasiga zid bo‘ladi».

Behzod Mamadiyev – AQSh tajribasi misolida

Behzod Mamadiyev

«Amerika ovozi» media kompaniyasining boshqa bir o‘zbek jurnalisti Behzod Mamadiyev yangi qonun loyihasi yuzasidan berilgan savolga Amerika Qo‘shma Shtatlarida amal qiladigan qonun misolida javob berdi.

«AQSh tajribasida bu kabi masalalarning hammasi so‘z erkinligiga oid, Konstitutsiyaning birinchi tuzatishi asosida ishlaydi.

Birinchi tuzatishda esa «Davlat so‘z erkinligi, vijdon erkinligi yoki uyushish va namoyish qilish huquqini cheklovchi qonun qabul qilishi mumkin emas», deb belgilab qo‘yilgan.

Bundan boshqa qonun mavjud emas: na jurnalistikaga oid, na namoyishlar yoki fikrni ifoda qilish haqidagi boshqa harakatlarga oid.

Davlat organlari va fuqarolar orasida qandaydir kelishmovchilik paydo bo‘lsa, buni sud hal qiladi. Sud qo‘lida esa mana shu birinchi tuzatishdan boshqa qonuniy hujjatning o‘zi yo‘q va albatta, shu ishga oid ilgari ko‘rilgan sud ishlari (pretsedentlar) ham hisobga olinadi.

Ya’ni so‘z erkinligi, vijdon erkinligi, uyushish va namoyish qilish huquqi masalalarida fuqarolarga maksimal erkinlik berilgan; ularning bu huquqlarini cheklash imkoniyati davlat organlarida juda minimal darajaga tushirilgan».

Anora Sodiqova: «Bu yangi cheklov va javobgarlikka ehtiyoj yo‘q»

Anora Sodiqova

Jurnalist Anora Sodiqovaning eslatishicha, bizda noqonuniy namoyish uyushtirganlik va konstitutsion tuzumga qarshi chiqqanlik uchun ham (156-modda) javobgarlik bor.

«Shunday ekan, bu yangi cheklov va javobgarlikka ehtiyoj yo‘q, deb o‘ylayman.

Agar hukumat xaqiqatan xalqni eshita olsa, xalq muammolari, xohishlari yuqoriga yetib borsa, norozilarni noqonuniy chiqishlariga ehtiyoj ham bo‘lmaydi nazarimda», ta’kidladi u.

Furqat Qurbonov: «Qonun loyihasining har bir bandi va moddalari konstitutsiyaga zid bo‘lmagan asosda ishlab chiqilib, bunda fuqarolar takliflari inobatga olinishi kerak»

Furqat Qurbonov

Bloger Furqat Qurbonov ham qonun loyihasidagi mujmallik va tushunarsiz bandlar kelgusida istalgan «qiyofa»ga kirishi mumkinligidan xavotirini bildirdi.

«Birinchidan, «qonun talablariga faollik bilan bo‘ysunmaslikka» – buni aniq belgilaydigan kriteriylari bormi?

Vatandoshlar o‘z huquqlaridan foydalangan holda, konstitutsiyaga zid ishlardan norozi bo‘lib, mas’ul joyga birgalikda borsa yoki boshqalarni bunga da’vat qilsa – ularga ham shu modda qo‘llaniladimi?

Yo‘q deyishga shoshilmaslik kerak. Sababi, hokimiyat vakili ularga: «Bu yerni tark eting, da’vo, arizalaringizni yozma ravishda bering», desa-yu, lekin fuqarolar bunga bo‘ysunmasa, nima bo‘ladi? Bu vaziyat shu modda qo‘llanilishiga asos bo‘la oladimi?

Ikkinchidan, ommaviy tartibsizlik. Bu matnda bir qarashda hammasi ravshandek. Lekin ommaviy tartibsizlik degan tushunchaning o‘zini aniqlashtirib olish kerak. Qanday holatlar ommaviy tartibsizlikka kiradi va necha kishidan iborat jismoniy shaxslar omma hisoblanadi?

Yaqinda Toshkentda, soliq idorasi yonida bir guruh tadbirkorlar hisoblari muzlatib qo‘yilgani uchun yig‘ilib, o‘z noroziliklarini bildirishgani ham ommaviy tartibsizlikka kiradimi?

Uchinchidan, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilish – bu o‘z-o‘zidan jinoyat degani. Sababi, gap zo‘ravonlik qilishga undash haqida ketmoqda. Lekin, tushunishimcha, bu yerda gap nafaqat oddiy fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilishga, balki hokimiyat vakillariga ham qarshi zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilish nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Bu ham jinoyat. Sababi zo‘ravonlik qilishga na fuqaroning, na hokimiyat vakillarining qonuniy haqqi yo‘q».

Qonunni chiqarayotganlar nima fikrda?

Alisher Qodirov

Kun.uz muxbiri fikr, so‘z va namoyish huquqlari cheklanishi mumkinligi bo‘yicha xavotirlarni uyg‘otgan mazkur qonun loyihasi yuzasidan uning hammuallif tashabbuskori – «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirovdan ham izoh oldi.

«Xokimiyat – xalqning ko‘p qismining ishonchi orqali yuzaga kelgan vakolat. Ishonch hech qachon 100 foiz bo‘lmaydi, albatta qarshi tomon bo‘ladi.

Bugungi tezkor-texnologik dunyoda qarshi ozchilikni norozi to‘daga, to‘dani esa ko‘pchilikning qarorini yo‘qqa chiqarish uchun qurolga aylantirish orqali maqsadlariga erishishni o‘rganib olgan kuchlar paydo bo‘ldi.

Bu kuchlar xuquq va majburiyatlarga, inson qadri va jamiyatlar qadriyatlariga tupurib, oldiga qo‘yilgan vazifani bajarish uchun hamma narsaga tayyor ekanliklarini ko‘p bora ko‘rsatishdi va ko‘rsatishmoqda. Afsuski, mamlakatimizda siyosiy tafakkur, axborot yaratish va uni iste’mol qilish bo‘yicha yuqori darajadagi madaniyatimiz bilan maqtanolmaymiz. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlar, ularni boshqaruvchi gigant IT-kompaniyalarning bu jarayonda halol va betaraf bo‘lolmasligi ko‘rinib qolmoqda.

Shunday davrda har qanday mamlakat, amaldagi xokimiyat davlat va xalq xavfsizligini ta’minlash uchun jamiyatning jipsligi bilan bir qatorda aniq va ta’sirchan qonunlar qabul qilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega», – dedi siyosatchi.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Top