20:38 / 19.01.2019
50331

​Bosh prokuratura «terroristik oqimga aloqador» kabi sun'iy ayblovlar avval qo‘yilganini tan oldi

Foto: knews.kg

Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish ishlari bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi va u faoliyatini boshlagan. Bu haqda Kun.uz muxbiri Bosh prokuratura vakiliga tayanib xabar bermoqda.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Sardor Karimovning aytishicha, yuqorida tasniflangan guruhlar faoliyatiga aralashib qolgan shaxslar bilan har yo‘nalishda profilaktika ishi bir xil davom etmoqda.

«Oxirgi ikki yilda faoliyati taqiqlangan tashkilotlardagi ishtiroki uchun sudlanib, jazoni o‘tayotgan shaxslar soni jami 100 foizdan 30 foizga kamaydi. Bunga oqlov, afv etish yo‘llari hamda ularga qo‘yilgan sun'iy ayblovlarni olib tashlash bilan erishilmoqda. Bularni inkor etmaymiz, bu (sun'iy ayblovlar e'lon qilinishi – tahr.) ham bo‘lgan. Lekin oxirgi 1,5 yil davomida, bunaqa holatlarga yo‘l qo‘yilmayotganini shu sohani nazorat qilayotgan boshqarma boshlig‘i sifatida ta'kidlab o‘tmoqchiman.

Mahkumlarga nisbatan sun'iy ravishda intizomiy javobgarlik  qo‘llangan, ularning yengillashtirilgan tizimga o‘tkazish masalasida taqiq bo‘lgan. Bu holatlarga ham to‘liq barham berildi», – deydi u. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, jazoni o‘tayotgan 3 ming 333 nafar, jumladan, faoliyati ma'n etilgan tashkilotlarga kirib qolgan 646 nafar mahkum afv etilib, oilasi bag‘riga qaytarildi. 2018 yilda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan va ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tagan 136 nafar shaxs afv etildi. Ularning 41 nafari aynan faoliyati taqiqlangan tashkilotlar tarkibida bo‘lgandi.

Ma'lumot uchun, so‘nggi ikki yilda 5 ming 462 nafar shaxsga nisbatan tergovda asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi, 2 ming 449 nafar shaxs esa sud zalidan ozod qilindi.

Mavzuga oid
Top