11:44 / 21.07.2021
43371

Tojikiston prezidentining singlisi vafot etdi. Uning o‘limiga koronavirus sabab bo‘lgan

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning singlisi Qurbonbibi Rahmonova 20 iyul kuni poytaxt Dushanbedagi hukumat shifoxonasida olamdan o‘tdi.

Tojikiston prezidenti matbuot xizmati prezident Imomali Rahmonning singlisi Qurbonbibi Rahmonova 64 yoshida vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlat rahbariga uning singlisi vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan.

O‘lim sababi haqida rasman ma'lum qilinmadi. Ammo RIA Novosti Tojikiston sog‘liqni saqlash vazirligidagi manbasiga asoslangan holda Rahmonovada koronavirus infeksiyasi aniqlangani, u so‘nggi vaqtlarda Dushanbedagi 5-sonli klinik shifoxonada davolanayotgan bo‘lgani haqida ma'lum qilgan. EDaily manbasi shifokorlar uning hayoti uchun 10 kun kurashgani haqida yozgan.

Rahmonovaning dafn marosimi chorshanba kuni mamlakat janubidagi Dang‘ara tumanida o‘tkazilishi aytilgan.

Qurbonbibi Rahmonova «O‘rmon va ov xo‘jaligi» DUKning sobiq direktori, 2012 yil o‘z uyi oldida o‘ldirib ketilgan Xolmo‘min Safarovning rafiqasi edi.

5 iyul kuni Tojikiston prezidentining qaynonasi O‘zbekbibi Asadulloyeva 88 yoshida koronavirus oqibatlaridan vafot etgani xabar qilingandi.

  • Tojikiston 2021 yilning yanvaridan koronavirusga chalinish holatlarini e'lon qilishni to‘xtatgan, 26 yanvar kuni prezident Imomali Rahmon mamlakat koronavirus ustidan g‘alaba qozonganini e'lon qilgandi. Iyun oyi boshida OAVda Tojikistonda koronavirus qaytadan avj olgani haqida xabarlar tarqaldi, ko‘p o‘tmay hukumat yangi kasallanish holatlarini tasdiqladi va aholini majburan emlashga kirishdi.
  • Tojikiston sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 20 iyul holatiga ko‘ra mamlakatda 14 228 ming kishida Covid-19 tasdiqlangan. Shu vaqtgacha 13 801 kishi tuzalgan (97,0 foiz), 114 kishi o‘limi tasdiqlangan.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top