22:55 / 16.04.2020
60614

«Ko‘pi bilan 200 dollar!» – Qator banklar xorijiy valuta sotishda cheklovlar o‘rnatishmoqda

O‘zbekistonda shu haftada xorijiy valutalar kursi, ayniqsa AQSh dollari kursi keskin oshishi ortidan ko‘pchilik banklar sotuvda cheklovlar o‘rnatmoqda. Bu vaqtinchalik choraligi ma'lum emas.

Aslida bunday cheklovlar so‘nggi kunlardagi «katta sakrash» oldidan ham ayrim banklar (jumladan «Turkiston» bank) tomonidan qo‘llangan, lekin bunga aytarli e'tibor berilmagandi. 14 aprel kuni AQSh dollari kursi bir sutka ichida 400 so‘mdan ortiqroq ko‘tarilganidan keyin, ya'ni 15 apreldan boshlab bu usul deyarli barcha banklar tomonidan qo‘llana boshlandi.

Bugun, 16 aprel kuni vaziyatga aniqlik kiritish uchun Chilonzor tumanidagi qator banklarda bo‘ldik.

Soat 14:00 – «Turonbank»: dollar xarid qiluvchilar 6-7 kishi, hamma navbat olib tashqarida turibdi, ammo hech kim ichkariga chaqirilmayapti. Ichkaridan chiqqan xodim dollar sotish istagida bo‘lganlar navbatsiz o‘tkazib yuborilishini, aynan ular bankka topshirgan valuta xarid qilish istagida turganlarga sotilishini bildirdi. 25-30 daqiqa kutish natija bermadi va hech kim kelib dollar sotmadi (tabiiyki hech kim bu vaqt oralig‘ida xarid ham qilmadi);

Soat (taxminan) 14:30 – «Davrbank»: navbat deyarli yo‘q, lekin turganlarning birortasi sotmayapti, hamma xarid qilyapti. Karantin qoidalariga to‘la rioya qilib, boshdan-oyoq oppoq maxsus kiyimga o‘ralib olgan kassir faqat 200 dollar sotilishini bildirdi. Holatni pul kam berilgani, barcha xohlovchilarga yetkazish kerakligi bilan izohladi;

Soat (taxminan) 14:40 – «Ipak yo‘li» banki: navbat bor, ammo juda tez yetib keldi. Kirishda militsionerlar ism-sharif va manzilni qayd etishmoqda. Bu yerdagi kassir qiz ham «karantin formasi»da. 150 AQSh dollari so‘ralganda faqat 100 dollar sota olishini, pul taqchilligi tufayli tez orada shu ham bo‘lmay qolishi mumkinligini bildirdi. Yana 50 dollargina sota qolish bo‘yicha iltimoslarga rad javobini berdi va «qolganini «Davrbank»dan oling, ana, yonimizda» deya jo‘yali maslahat berdi;

Soat (taxminan) 14:55 – «Sanoatqurilish» banki: navbat bor, ko‘pchilik ko‘p miqdorda so‘m ko‘tarib olishgan. Ichkaridan chiqqan militsioner 2000 dollargacha sotib olish mumkinligini bildirdi. Topshiriladigan naqd pullar bir xilda taxlanishi talab qilinmoqda. Navbatda turganlar istagancha xarid qilishdi, ammo o‘tgan 30-40 daqiqa davomida biror kishi sotish uchun kelmadi. Mijozlardan biri «Xalq banki»ning Chilonzor-1 kvartalidagi bo‘limiga borganini, ammo u yerda ham katta navbat borligi, ko‘pi bilan 300 dollar sotilayotganini aytdi.

«Asaka banki» vakili bu holatga shunday izoh berdi: «Bankning filiallaridagi ayirboshlash punktlari xorijiy valutani sotish va sotib olish bo‘yicha cheklovlarsiz faoliyat yuritmoqda».

Markaziy bank axborot xizmati izoh sifatida Kun.uz saytiga quyidagilarni ma'lum qildi:

«Dollar sotib olishda cheklov bormi? Aytishlaricha, odamlar bankka kelib dollar uchun navbatda turishmoqda. Aftidan, qo‘lida jamg‘armasi borlar so‘mning qadrsizlanishi, dollar kursi oshib ketishidan xavotirda. Ular orasida valuta oldi-sotdisida cheklovlar bo‘lishidan hadiksirayotganlar ham bor.

Bugungi kunda jismoniy shaxslar tomonidan tijorat banklaridan chet el valutasini sotib olish yoki sotish bo‘yicha hech qanday cheklovlar yoki to‘siqlar o‘rnatilmagan. Shuningdek, kelgusida ham jismoniy shaxslarga tijorat banklari tomonidan chet el valutasini sotish va sotib olish bo‘yicha hech qanday cheklovlar o‘rnatilmaydi.

Milliy valuta kursi valuta bozorida shakllanadigan talab va taklifning joriy darajasi asosida o‘zgaradi. Kursning qadri oshishi yoki pasayishi iqtisodiyotda va tashqi sharoitlarda ro‘y beradigan fundamental omillar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Bugungi kunda milliy valutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha banklar tomonidan taklif etilayotgan foiz stavkalari o‘rtacha 20-21 foiz atrofida shakllangan. AQSh dollari kursining yil boshidan 5-6 foizga oshganini inobatga olib hisoblaganda ham milliy valutadagi depozitlarning iqtisodiy jihatdan afzalligini ko‘rish mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, inflatsiyaning kelgusida pasayib borishi sharoitida asosiy stavka pasaygan taqdirda ham milliy valutadagi depozitlar jozibadorligi va ular bo‘yicha ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoladi».

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan onlayn brifingda banklarda xorij valutasi sotuviga cheklov qo‘yilgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.

«Ichki valuta bozorida shakllangan holatga kelsak, bir narsaga alohida to‘xtalmoqchi edim – Markaziy bank yoki hukumat almashuv kursining bozordagi talab va taklif asosida shakllanishiga aralashmaydi. Agar biz aralashib, bozor qoidalarini buzsak, keyin buni to‘g‘rilash juda ham qiyin bo‘ladi.

Bunga urg‘u berishimning asosiy sababi, so‘nggi kunlarda ijtimoiy saytlarda go‘yoki shunday cheklovlar to‘g‘risida har xil xabarlar chiqib keldi. Shuning uchun, fursatdan foydalanib, butun xalqimizga shuni yetkazmoqchimanki, valutani sotish va sotib olish bo‘yicha hech qanday cheklovlar kiritilmaydi. Faqat uning narxi bozordagi omillar asosida shakllanib boradi», degandi u.

Markaziy bank raisining bu so‘zlari yetarli tushum bo‘lmagan paytlarda banklar o‘z zaxiralarini intervensiya qilish-qilmaslik (ya'ni qo‘shimcha valuta chiqarib sotish) masalasiga oydinlik kiritmagan.

Abror Zohidov.

Top