19:30 / 23.04.2018
27747

Turkmaniston prezidenti tashrifi munosabati bilan Xorazmda ham «jonli yo‘lak» hosil qilinadi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. 

24 aprel kuni prezidentlar Xorazm viloyatiga borishadi. 

Qo‘shni davlat rahbari Urganch tumanidagi «Ulli hovli» yodgorligi, Xivadagi «Ichan qal'a» majmuasiga tashrif buyurishi va boshqa madaniy tadbirlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Yuqori martabali mehmonni qutlash uchun 30 mingdan ziyod xorazmliklar Urganch shahri va tumaniga, shuningdek, Urganch - Xiva yo‘li bo‘yiga, xiyobonlarga chiqishadi. Oliy o‘quv yurtlari va kollej o‘qituvchilari, talabalari atlas va adrasdan tikilgan maxsus kiyimlarda, gullar bilan uni bayramona kutib olishadi. 

Qo‘shni davlat rahbarini kutib oluvchi va kuzatib qo‘yuvchilar uchun bir qancha qulayliklar yaratilgan. Xususan, ular kutib olish hududiga yaqin bo‘lgan umumiy ovqatlanish nuqtalarida suv, choy va issiq ovqat bilan bepul ta'minlanadi. Bundan tashqari, har 100-200 m masofada bio-hojatxonalar ham ishga tushiriladi.

Ayni paytda, Turkmaniston prezidenti harakatlanadigan yo‘llar har ikkala davlat bayroqlari, gullar, chiroyli tungi chiroqlar bilan bezatilgan. Mahalliy artistlar va raqqosalarning chiqishlarini ta'minlash uchun chorrahalarga maxsus sahnalar barpo qilingan. Yo‘l bo‘ylarida esa katta o‘lchamdagi maxsus elektron tablolar o‘rnatilgan bo‘lib, unda o‘zbek va turkman xalqlarining abadiy do‘stligi, har ikkala davlatning hamkorligini madh etuvchi videoroliklar namoyish qilinishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni tongida asosan o‘quvchi va talabalardan iborat minglab yoshlar Gurbanguli Berdimuhamedovni kutib olish uchun Toshkentning markaziy ko‘chalariga chiqishgandi.

Foto: Toshkent Turkmaniston prezidenti tashrifi arafasida 

Top