14:11 / 14.10.2019
19
32469

«O‘zidan tashqari barchadan ayb izlash bilan cheklanish mag‘lubiyat asosi». Vazir o‘qituvchilar va maktab rahbarlariga murojaat bilan chiqdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Facebook’dagi sahifasida murojaat bilan chiqdi

Sherzod Shermatovning yozishicha, o‘ziga va atrofdagilarga talabchanlik muvaffaqiyat garovi, o‘zidan tashqari barchadan ayb izlash bilan cheklanish mag‘lubiyat asosidir. 

“Yaxshi va yomon ko‘rsatkichli maktablar orasida turli viloyatlarda bo‘lishiga qaramay, qiziq bir umumiy holatni kuzatish mumkin.

Oliy ta'lim muassasasiga davlat granti asosida kirgan bitiruvchilari ko‘p va umuman ta'lim sifati yuqori bo‘lgan maktab ma'muriyati va o‘qituvchilari bilan suhbatlashganda shu narsa ma'lum bo‘ldiki, ular asosan o‘z kasbini sevishi, talabchanlik, tartib-intizom, darsga puxta tayyorgarlik ko‘rish kabi muhim vazifalari haqida aytib o‘tishdi. Ya'ni maktab muvaffaqiyatga erishishi uchun birinchi navbatda ular o‘zlari harakat qilishlari kerakligini ta'kidlab o‘tishdi”, - deb yozadi vazir.

Ta'kidlanishicha, oliy ta'lim muassasalariga bironta ham bitiruvchisi o‘qishga kirmagan hamda ota-onalar tomonidan talab yuqori bo‘lmagan (ya'ni, markazda joylashgan va quvvatidan ko‘ra o‘quvchi soni kam bo‘lgan) maktab jamoasidan bu holatning sabablari so‘ralganda, ular o‘quvchilarning o‘qishga qiziqmasligi, bolalarning ota-onalarining o‘zi ham oliy ma'lumotli emasligi, hamda ularning ko‘pchiligi dehqon yoki hunarmand bo‘lgani sababli, ular ham o‘z navbatida farzandlarini darsga qiziqtirish o‘rniga hunarga o‘rgatayotgani, darsga proyektor yetishmasligi va h.q. kabi turli sabablarni aytib o‘tishgan. Ya'ni, maktab bitiruvchilarining muvaffaqiyatsizligida ulardan boshqa hamma aybdor ekanini tushuntirishga ancha harakat qilishgan.

“Bu o‘quv yilini “Ta'limda islohot: o‘zgarishni o‘zimizdan boshlaylik!” degan shior ostida boshlaganimiz bejiz emas.

Hurmatli ustozlar va maktab rahbarlari!

Maktabning muvaffaqiyati asosan sizning mehnatingizga bog‘liq. O‘quvchilarni motivatsiya qilish va ularni kelgusida oliy ta'lim muassasasiga qiziqtirish va yo‘naltirish, ota-onalarga ham imkon boricha farzandlarining qiziqish va salohiyatlaridan kelib chiqib, hayotda yuqoriroq marralarga harakat qilishlari muhimligini tushuntirish kerak bo‘ladi”, - deb yozadi Sherzod Shermatov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top