23:00 / 22.09.2020
39255

Jahon savdosini sanksiyalardan tozalash va BMT uchun vaksina. Putin Bosh Assambleyada chiqish qildi

22 sentabr kuni RF prezidenti Vladimir Putin BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida chiqish qildi. Koronavirus pandemiyasi tufayli ilk marta Rossiya prezidentining avvaldan yozib olingan nutqi ekrandan namoyish etildi. Putin BMT Bosh Assambleyasida beshinchi marta chiqish qildi, bu SSSR va RF tarixida rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. TJ Putinning chiqishidagi asosiy qismlarni keltirgan.

Foto: Mixail Klimentev/TASS

Vladimir Putin videomurojaatida koronavirus pandemiyasi, jahon savdosidagi sanksiyalarni bekor qilish muhimligi, kosmosga qurol joylashtirishni taqiqlash zarurati va BMT Xavfsizlik kengashi a'zolarida veto huquqi saqlab qolinishi kerakligi haqida gapirgan.

BMT barcha davlatlarning manfaatlarini hisobga olishi kerak
Putin BMT o‘zining asosiy missiyasi — tinchlikni himoya qilish va hududiy inqirozlarni hal qilishda yordam berishni munosib uddalayotganini qayd etib o‘tgan. U tashkilot «qotib qolmasligi» kerakligi, reallikka moslashishi kerakligini ta'kidlab o‘tgan. Putin BMT Xavfsizlik kengashi barcha davlatlarning manfaatlarini hisobga olishi kerakligi, lekin xavfsizlik kengashidagi besh davlatning veto huquqi saqlab qolinishi lozim deb hisoblashi haqida gapirgan.

«Ikkinchi jahon urushida g‘olib chiqqan beshta yadroviy davlatning bu huquqi bugungi kunda ham haqiqiy harbiy-siyosiy muvozanatni ifodalaydi. Asosiysi, bu bir tomonlama harakatlarga yo‘l qo‘ymaydigan zarur vositadir», degan u.

Pandemiyadan keyin iqtisodiyotni tiklash uchun nostandart qarorlar talab etiladi
Putin hozircha Covid-19 pandemiyasi tufayli ro‘y bergan «zarba ko‘lami»ni aniq hisoblashning imkoni yo‘q deb hisoblaydi. Uning baholashiga ko‘ra, global iqtisodiyot tiklanishi uchun ko‘p vaqt talab etiladi — buning uchun noodatiy vositalardan foydalanish kerak. Putin Rossiyaning oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berish uchun «yashil yo‘laklar» tashkil etish bo‘yicha taklifini eslatib o‘tdi.

«Ha, umuman olganda jahon savdosini to‘siqlar, taqiqlar, cheklovlar, noqonuniy sanksiyalardan tozalash ishsizlik qisqarishi va global o‘sish tiklanishi uchun yaxshi yordam berishi mumkin», degan u.

Raqamli texnologiyalar ekstremistlar va radikallar qo‘liga tushishi mumkin
Putin kiberxavfsizlik sohasidagi muammolar to‘g‘risida ogohlantirdi. U raqamli texnologiyalar ham oddiy qurollar kabi radikallar va ekstremistlar qo‘liga tushishi mumkinligiga e'tibor qaratdi. Putin insoniyat faravonligi uchun yangi texnologiyalardan foydalanishni o‘rganish lozimligini qayd etgan.

«Ammo, boshqa har qanday innovatsiyalar singari, raqamli texnologiyalar ham nazoratsiz ravishda tarqaladi va oddiy qurol kabi nafaqat mintaqaviy nizolar hududidagi, balki tinch davlatlardagi radikallar yoki ekstremistlarning qo‘liga tushib qolib, bu katta xavf tug‘dirishi mumkin», degan u.

Rossiya vaksinasi umidli chiqqan. U BMT xodimlariga tarqatilishi mumkin
Putin o‘z chiqishi davomida Rossiya koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqilishidan manfaatdor davlatlar va kooperatsiyalar ishtirokida yuqori darajadagi onlayn-konferensiya tashkillashtirishni taklif qilishi haqida gapirgan. U rossiyalik olimlarning Sputnik V vaksinasi umidli ekanini aytib, Rossiya BMT xodimlarini emlash uchun bu vaksina taqdim etishga tayyorligini ma'lum qilgan.

«O‘z tajribamiz bilan bo‘lishiga va barcha davlatlar hamda xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Bu hamkorlik xavfsiz va samarali deb baholanayotgan Rossiya vaksinasini yetkazib berishni ham nazarda tutadi. Koronavirus Birlashgan millatlar tashkilotining shtab-kvartirasi va mintaqaviy tuzilmalari xodimlarini ham chetlab o‘tmadi. Rossiya tashkilot xodimlariga barcha zarur yordamlarni ko‘rsatishga tayyor. Xususan, o‘z vaksinamizni tashkilot bosh ofisi va bo‘linmalar xodimlarini emlash uchun tekinga yetkazib berishni taklif etamiz. BMTdagi hamkasblarimizdan bunday murojaatlar kelishi boshlagan va biz bu murojaatlarni e'tiborsiz qoldirmaymiz», degan u.

Putin kosmosga qurol joylashtirishni taqiqlash bo‘yicha kelishuv tuzishni taklif etdi
Putin Rossiya barcha kosmiy derjavalarga kosmosni harbiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha majburiyat yuklaydigan bitim tuzilishi tarafdori ekani haqida gapirdi.

«Bundan tashqari, davlatlar yangi raketa tizimlarini joylashtirishdan tiyilishiga umid qilamiz. Qo‘shimcha qilib o‘taman, o‘tgan yildan buyon Rossiya Yevropa va dunyoning boshqa mintaqalarida o‘rta va kichik masofaga uchuvchi raketalarni joylashtirishga moratoriy e'lon qilgan», degan Putin.

Putin 2020 yilda dunyo ikki «tarixiy yubiley»ni –  Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi va Birlashgan millatlar tashkiloti tuzilganining 75 yilligini nishonlaganini eslatib o‘tgan. Rossiya prezidenti BMT nizomi «urushdan keyingi dunyo tartibi» manbayi bo‘lib qolayotganini ta'kidlagan. Putin BMT nizomi xalqlarga o‘z taqdirini o‘zi belgilash imkonini berishini ta'kidlab o‘tgan.

Putin «sayyoraning barcha xalqlariga tinchlik va farovonlik» tilagan holda o‘z chiqishini yakunlagan.

Putin so‘nggi marta BMT Bosh Assambleyasida 2015 yilda chiqish qilgandi.

O‘shanda Rossiya prezidenti Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi qator davlatlarning ichki ishlariga tashqi aralashuvlarni qoralagandi. «Men bu vaziyatni yuzaga keltirganlardan so‘ramoqchiman: hech bo‘lmaganda endi nima qilib qo‘yganingizni tushunyapsizmi?», — deya Putindan iqtibos keltirgandi o‘shanda ko‘plab nashrlar. Rossiya prezidenti IShIDga qarshi xalqaro koalitsiya tuzish tashabbusini ham bildirgandi.

Tramp nimalar dedi?
AQSh prezidenti Donald Tramp ham boshqa ko‘plab siyosatchilar qatori nutqini koronavirus pandemiyasidan boshladi.

«Ikkinchi jahon urushi tugab, BMT tashkil topganidan 75 yil o‘tib biz yana global kurashga kirishdik, bu safar ko‘rinmas dushmanga - xitoy virusiga qarshi», degan u.

Tramp Amerika Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng og‘ir zarbani qabul qilib olgan bo‘lsada, hozirga kelib vaziyatni nazoratga olganini qayd etgan. Apreldan buyon mamlakatda o‘lim darajasi 85 foizga pasaygani, yaqin kunlarda AQShda koronavirusga qarshi vaksina tarqatilishi aytib o‘tilgan. «Biz vaksina tarqatamiz, virus ustidan g‘alaba qozonamiz va yorqin kelajakni ko‘ramiz», degan AQSh prezidenti.

Tramp yana bir marta AQSh va BMT Xitoyni koronavirus pandemiyasi tarqalishida asosiy aybdor sifatida jazolashi kerakligini aytib o‘tgan. U rasmiy Pekinni virus tarqalishining erta bosqichlarida Xitoydan amalga oshiriluvchi xalqaro aviareyslarni taqiqlamaganlikda va shu tariqa virusni butun dunyoga tarqatishda ayblagan. Bundan tashqari, AQSh prezidenti Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini ham tanqid qilgan.

«Bu o‘latni butun dunyoga chiqargan davlat – Xitoyni javobgarlikka tortishimiz kerak! Xitoy hukumati va Xitoy bo‘ysinuvida bo‘lgan JSST virusning odamdan odamga yuqishining isbotlari yo‘qligi haqida yolg‘on gapirgan. Xitoy virus tarqalishining ilk kunlarida ichki reyslarni taqiqlab, shu bilan birga samolyotlarga Xitoyni tark etishga va butun dunyoni zararlashga ijozat bergan. BMT Xitoyni ushbu xatti-harakatlari tufayli javobgarlikka tortishi lozim», degan Tramp.

O‘zining 7 daqiqa davom etgan chiqishining yakuniy qismida AQSh prezidenti o‘z muvaffaqiyatlarini sanashga o‘tib ketgan, Qo‘shma Shtatlar rahbarligidagi uch yil davomida «dunyodagi eng yaxshi iqtisodiyot va eng yaxshi armiya qurgani»ni qayd etgan.

Tramp xalqaro maydondagi asosiy xizmatlari sifatida odam savdosini to‘xtatish uchun Markaziy Amerika davlatlari bilan munosabatlar yaxshilangani, IShID rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyning o‘ldirilgani, Serbiyaning Kosovo bilan yarashtirilishi va Afg‘onistondan amerikalik harbiylarning olib chiqilishini e'tirof etib o‘tgan.

O‘z navbatida XXR raisi Si Tszinpin barcha mamlakatlarni pandemiyaga qarshi birgalikda kurashishga va umumiy xavf qarshisida barcha tushunmovchiliklarni bir chetga surib turishga chaqirdi. «Bu jarayonni siyosiylashtirishga bo‘lgan har qanday urinishlar rad etilishi kerak», degan u.

Xitoy yetakchisi bugungi kunda dunyo global qishloq bo‘lib, uning barcha aholisi o‘zaro chambarchas bog‘liq ekani, shu tufayli Covid-19 va boshqa muammolarga qarshi kurashishda «umumiy manfaat mafkuraviy farqlardan ustun turishi» lozimligini qayd etgan.

Top