21:36 / 23.10.2019
0
39888

Yangiyo‘l YHXB boshlig‘i o‘rinbosariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi. U Telegram'da taksichilarni haqoratlaganlikda gumonlanmoqda

Seshanba kuni o‘zini Yangiyo‘l tuman YHXB boshlig‘ining o‘rinbosari deb tanishtirgan shaxsning haqoratga to‘la audioxabari Telegram'da tarqalib ketdi. Bosh prokuraturadan ma'lum qilishlaricha, audio egasi deb gumon qilinayotgan shaxs xizmat tekshiruvi vaqtida bu ovoz uniki emasligini aytgan.

22 oktabr kuni o‘zini Yangiyo‘l tuman YHXB boshlig‘ining o‘rinbosari Usmon deb tanishtirgan shaxs Telegram`dagi «Voditeli Yangiyulya» guruhiga 38 sekundlik audio yuborib, unda guruh a'zolari bo‘lgan kirakashlarni qo‘pol tarzda haqoratlagan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, «Voditeli Yangiyulya» guruhi a'zosi O.Mirzayev va boshqalar 23 oktyabrda tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, audioda ularni kamsitgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur ariza bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida, murojaatda ko‘rsatilgan Usmon ismli shaxs Yangiyo‘l tumani IIB YXHB boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida xizmat qilib kelayotgan leytenant Usmon Z. ekanligi aniqlanib, undan holat yuzasidan izoh so‘ralganda, u ushbu ovozli yozuvlar uniki emasligini, boshqa bir noma'lum shaxs ushbu yozuvlarni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirganini bildirgan.

Ma'lum qilinishicha, ovozli yozuv keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘layotgani bois va haqiqatga oydinlik kiritish maqsadida, tuman YHXB boshlig‘i o‘rinbosari leytenant Usmon Z.ga nisbatan idoraviy tartibda Toshkent viloyat IIBBga hamda IIB YHXBga xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Hozirgi vaqtda Yangiyo‘l tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top