O‘zbekiston | 18:10 / 14.12.2018
472568
2 daqiqa o‘qiladi

Obid Asomov olamdan o‘tdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomov vafot etdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar qilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligidagi manba ham bu ma'lumotni tahririyatga tasdiqladi. 

Taniqli qiziqchi va aktyor bundan bir necha kun muqaddam og‘ir yurak xuruji bilan poytaxtdagi 1-son shahar klinik shifoxonasining Jonlantirish bo‘limiga yotqizilgandi. 

Kun.uz manbasi xabariga ko‘ra, Obid Asomov bugun, 14 dekabr kuni o‘tkir yurak xuruji tufayli hayotdan ko‘z yumgan.

Obid Asomov 1963 yil 22 oktabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanida tavallud topgan. N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik institutida o‘qigan. 1993 yilda «Obid-A» teatrini tashkil qilgan. O‘zbekiston va xorijda mashhur qiziqchi, iste'dodli aktyor sifatida tanilgan. 

2006 yildan Rossiya televideniyesi «Rossiya-1» telekanalining «Egri oyna» («Krivoye zerkalo») hajviy ko‘rsatuvida qatnashib kelgan. Shundan so‘ng, Obid Asomov bir necha yil davomida O‘zbekiston televideniyesida ko‘rinmadi. 

2018 yil 24 may kuni Obid Asomov O‘zbekfilm qoshidagi «Multiplikatsion filmlar studiyasi» DUK direktori etib tayinlangandi.

Kun.uz tahririyati marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.

Mavzuga oid