18:04 / 01.07.2022
63812

Aholi uchun elektr va gaz tariflari oshmaydigan bo‘ldi

15 iyuldan xonadonlar uchun elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz tariflari o‘zgarmay qoladi, narxlar yuridik shaxslar uchun oshiriladi. Hukumat muhokamaga chiqarilgan qaror loyihasiga bildirilgan fikrlar inobatga olingani, aholi iste’moli uchun ijtimoiy norma kiritish masalasida esa o‘rganishlar davom etayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda energoresurslar narxlari xonadonlar uchun o‘zgarmay qoladi, yuridik shaxslar uchun esa tariflar oshiriladi. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya hamda Energetika vazirliklari bayonot tarqatdi.

Shu yil 31 may kuni yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini oshirishga oid hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan edi. Vazirliklar muhokamada faol qatnashgan fuqarolar, OAV, mustaqil iqtisodchilar va ekspertlarga minnatdorchilik bildirgan.

Qayd etilishicha, 15 iyun kuni yakunlangan muhokama jarayonida qaror loyihasiga 1 100 dan ortiq taklif va e’tirozlar kelib tushgan.

Jumladan, eng ko‘p takliflardan biri qish mavsumida elektr energiyasiga (tabiiy gaz uchun o‘rnatilgani kabi) belgilangan ijtimoiy me’yor shakllantirish bo‘yicha kelib tushgan.

Bunda asosiy sabablar sifatida isitish mavsumida gazlashtirilmagan, gaz bosimi pasaygan va tabiiy gaz yetkazib berishda uzilishlar kuzatiladigan xonadonlarda, shuningdek, ayrim ko‘p qavatli uylarning isitish tizimi talabga javob bermasligi sababli xonadonlarni isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, ijtimoiy me’yorlar miqdorini oshirish bo‘yicha takliflar kelib tushgan. Takliflarning aksariyatida ijtimoiy me’yor kiritilayotganiga e’tiroz mavjud emasligi, biroq ijtimoiy me’yor miqdorini oshirish zarurligi bildirilgan.

Shuningdek, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi hovli uy-joylarda iste’molning turlicha bo‘lishi qaror loyihasida inobatga olinmagani bo‘yicha fikrlar keltirib o‘tilgan.

Shuni ma’lum qilamizki, qaror loyihasi bo‘yicha aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, shuningdek, mazkur takliflarni inobatga olgan holda yoqilg‘i-energetika narxlarining o‘zgarishiga oid Vazirlar Mahkamasining quyidagi qarori qabul qilindi”, deyiladi rasmiy relizda.

Qaror bilan 2022 yil 15 iyuldan boshlab:

1 kVt soat elektr energiyasi uchun quyidagicha narxlar o‘rnatiladi:

  • aholi uchun o‘zgarishsiz, ya’ni – 295 so‘m;
  • NKMK, OKMK va budjet tashkilotlari uchun – 800 so‘m (hozirda 450 so‘m);
  • qolgan yuridik shaxslar uchun – 600 so‘m (hozirda 450 so‘m).

1 kub metr tabiiy gaz uchun quyidagicha narxlar o‘rnatiladi:

  • aholi uchun o‘zgarishsiz, ya’ni – 380 so‘m;
  • NKMK, OKMK va budjet tashkilotlari uchun – 1 300 so‘m (hozirda 660 so‘m);
  • avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 150 so‘m (hozirda 1000 so‘m);
  • issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 000 so‘m (hozirda 660 so‘m);
  • qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 100 so‘m (hozirda 660 so‘m).

Suyultirilgan gaz narxi ham aholi uchun o‘zgarishsiz (1 120 so‘m) qoldiriladi.

Shuningdek, korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energotejamkorlikni oshirish maqsadida joriy yil uchun yangi narxlar bilan birga, 2023 yil 1 apreldan kuchga kiradigan yangi narxlar ham mazkur qaror bilan belgilab berildi.

Bunda, 2023 yil 1 apreldan quyidagi narxlar joriy etiladi:

Elektr energiyasi bo‘yicha:

  • Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun 850 so‘m;
  • qolgan yuridik shaxslar uchun – 700 so‘m.

Tabiiy gaz bo‘yicha:

  • issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 200 so‘m;
  • Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun – 1 350 so‘m;
  • avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 350 so‘m;
  • qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 350 so‘m.

2023 yil 1 apreldan o‘rnatiladigan yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari kelgusi yillarda qayta ko‘rib chiqilishida inflatsiya darajasiga indeksatsiya qilib boriladi.

2026 yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.

“Muhokamaga chiqarilgan qaror loyihasi bo‘yicha aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, qaror loyihasida aholi uchun joriy etilishi nazarda tutilgan ijtimoiy me’yor ishchi guruh tomonidan o‘rganish jarayonida ekanini ma’lum qilamiz”, – deyiladi uchta vazirlikning qo‘shma bayonotida.

Mavzuga oid
Top