08:59 / 20.07.2019
12556

Vazirlik: Uchtepa tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri haqidagi anonim murojaat o‘z tasdig‘ini topmadi

Foto: KUN.UZ

2019 yil 2 iyul kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Toshkent shahar, Uchtepa tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri Nargiza Xonto‘rayeva anonim shaxs tomonidan korrupsiyada ayblangan. Shuningdek, uning bu ishlariga vazirlik, xususan vazir A.Shin tomonidan ko‘z yumib kelinayotganligi haqida bir necha marta anonim post qo‘yildi. 

Maktabgacha ta'lim vazirligi xabarida aytilishicha, garchi anonim murojaatlar ko‘rib chiqilmasligi qonunda ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, vazirlik bu holatni chuqur o‘rganib chiqdi.

Vazirlik kadrlar boshqarmasi hamda ichki audit xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan holatga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent shahar Uchtepa tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi xodimlari va maktabgacha ta'lim tashkilotlari (MTT) mudiralari bilan yakkama–yakka suhbatlar o‘tkazildi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida anonim murojaatchi tomonidan keltirilgan ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi.

MTVda vazir boshchiligida hamda ushbu tuman MTT mudiralari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda, tuman maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari keltirilgan ma'lumotlar tuhmat ekanligini yakdillik bilan tasdiqladilar.

O‘z o‘rnida sha'ni, qadr–qimmatini quruq tuhmat, haqoratlardan himoya qilish, ushbu ishlarni amalga oshirishda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotgan shaxsni aniqlash va uni qonuniy jazoga tortish maqsadida Uchtepa tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri  Nargiza Xonto‘rayeva tuman prokuraturasi hamda IIBga ariza bilan murojaat qildi.

“MTV tashkil topgan kunidan boshlab korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib bormoqda va bu ishlar izchil davom ettiriladi. Biz faktlar bilan tasdiqlangan, asosli murojaatlarni ko‘rib chiqishga va ular bo‘yicha darhol choralar ko‘rishga tayyormiz. Ammo, o‘z xodimlarimizni asossiz tuhmatlardan himoya qilish va bu yo‘nalishda barcha qonuniy choralardan foydalanishimizni ma'lum qilamiz.

Hurmatli fuqarolar, ijtimoiy tarmoqlar ayni kunda oshkoralik maydoni bo‘lib xizmat qilishi bilan birga, ba'zi g‘arazgo‘y insonlar uchun o‘ch olish quroliga aylanmoqda. Shuning uchun ham, sizlarni tarqalayotgan har bir ma'lumotga bosiqlik bilan, tahliliy munosabatda bo‘lishga chaqiramiz”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Ijtimoiy tarmoqlarda kasb vazifasini bajarayotgan shaxslarga nisbatan ayrim fuqarolar tomonidan kuch ishlatish holatlari aks etgan videoyozuvlar, turli haqoratli postlar tarqalmoqda. Bunday holatda qonunchilikda quyidagi javobgarlik ko‘zda tutilganligi eslatilgan:

O‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxslarga nisbatan noqonuniy harakatlarni sodir etish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xususan, bunday noqonuniy harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan:

- qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etish – 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan;

- qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish – 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;

- qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish – 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;

- o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish – 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;

- haqorat qilish – eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Top