12:43 / 03.02.2018
83697
Safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat o‘tashda fuqarolar tomonidan to‘lanadigan pul badali miqdori o‘zgardi
Foto: Mudofaa vazirligi

Mamlakat aholisiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olinadigan fuqarolar tomonidan to‘lanadigan pul badallari hajmini  kamaytirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga o‘tkazilayotgan fuqarolar uchun yengillik va qulayliklar yaratish maqsadida 2018 yilning 2 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni e'lon qilindi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Farmonga muvofiq, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilingan fuqarolar tomonidan maxsus hisob raqamiga to‘lanadigan pul badali joriy yilning 5 fevralidan boshlab eng kam oylik ish haqining 20 barobari, ya'ni 3 444 800 so‘m etib belgilandi. 

Unga qadar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilingan fuqarolar tomonidan maxsus hisob raqamiga to‘lanadigan pul badali eng kam oylik ish haqining 27,5 barobari, ya'ni 4 736 600 so‘mni tashkil etgan.

Joriy yilning fevral-mart oylarida tuman (shahar)  chaqiruv komissiyalari tomonidan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga o‘tkaziladigan chaqiruv yoshidagi fuqarolar yaratib berilgan ushbu imkoniyatdan keng foydalangan holda yangidan belgilangan pul badali miqdori bo‘yicha shartnomalar imzolab, pul badallarini to‘lashlari mumkin bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan 2003 yildan boshlab chaqiruv yoshidagi fuqarolar uchun harbiy xizmat turi sifatida safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat joriy etilgan. 

Unga muvofiq, muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli, chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga olinadilar.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat hududiy prinsip asosida oylik yig‘inlar tarzida tashkil etilgan bo‘lib, chaqiriluvchilar tomonidan maxsus hisob raqamga pul badali kiritilishini nazarda tutadi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga o‘n sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha bo‘lgan chaqiriluvchilar olinadi va ular har yilgi harbiy yig‘inlarga jalb etiladi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olingan chaqiriluvchilar tomonidan pul badallari, ularni safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinganidan keyin bir yil mobaynida Davlat-tijorat Xalq banki muassasalari orqali to‘lanadi. Tomonlarning kelishuviga ko‘ra to‘lov to‘liq hajmda bir yo‘la yoxud bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin.

Top