17:24 / 06.03.2020
9
28250
«Klaster»: U O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini o‘nglay oladimi? – «O‘zto‘qimachiliksanoat» rahbari bilan suhbat

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yangi yo‘nalish – klaster tizimiga o‘tish boshlangan. Bu tizimga soha odamlarining munosabati turlicha. Uni yoqlayotganlar qatorida tanqid qilayotganlar ham bor.

Fermerlarning yeri klasterga birlashtirilishi vaji bilan tortib olinayotgani borasidagi tanqidiy chiqishlar ham tez-tez kuzatilib turibdi.

Xo‘sh, o‘zbek tilida yangi atama sifatida qo‘llanilayotgan «klaster» o‘zi nima? Bu tizim O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga nima beradi? U ko‘p yillar «cho‘loq» bir soha bo‘lib kelgan qishloq xo‘jaligini o‘nglay oladimi? Undan kim daromad ko‘radi?

Klasterlar sohaning ayrim kishilari aytayotgani kabi monopoliyaning yangi ko‘rinishimi?

Kun.uz o‘z manziliga kelayotgan ko‘plab murojaatlar, savollarni inobatga olgan holda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi rahbari Ilhom Haydarov bilan intervyu tashkil qildi.

«Prezidentning klaster borasidagi taklifi meni qo‘rqitgan edi»

Klaster – oddiy tilda aytganda qanday tizim? U fermer xo‘jaligidan nimasi bilan farq qiladi? Ilhom Haydarovdan dastlab shu haqida so‘radik.

–Masalaga fermerlikdan klasterga o‘tish deb emas, balki qishloq xo‘jaligida, paxtachilikda bo‘layotgan islohotlarning namunasi deb qaralishini xohlardim.

Yaxshi eslayman, 2017 yil fevral oylarida prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga bordi. Shu tashrifda prezident birinchi bor klaster islohotini ilgari surgan edi. Prezident aytdiki, to‘qimachilik korxonalarimiz oyoqqa turib oldi, bu korxonalar endi paxtachilikda mustahkam manba sifatida ishlab keta oladi, deb.

To‘g‘risini aytaman, bu tashabbus meni dastlab biroz qo‘rqitdi. Chunki endi-endi oyoqqa turib kelayotgan va o‘zini dunyoga ko‘rsata boshlagan sanoatimiz katta sarmoyalar va qishloq xo‘jaligiga taklif qilindi.

Bu katta yangilik edi.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi rahbari Ilhom Haydarov

Shavkat Mirziyoyev buni oddiy qilib tushuntirib berdi. U aytdiki, «paxtachilik sanoati sohaga katta sarmoya kiritgan va endi to‘qimachilikka kafolatlangan miqdorda xomashyo kerak. To‘qimachilik sohasi ishbilarmonlari bunga bemalol kirishib keta oladi».

Bu so‘zlarning to‘g‘riligini vaqt isbotlayapti.

Masalan, 2017 yilda O‘zbekistonda 1 dona klaster ishlagan bo‘lsa, 2018 yilda 15ta va 2019 yilda bu raqam 75taga chiqdi.

Klaster bu – to‘planib ishni amalga oshirish. Masalan, paxta yetishtirildi. Mahsulot ishlab chiqarish uchun uni endi tolaga aylantirish kerak. Keyingi qadamda tola ip kalavaga, ip kalava esa matoga aylantiriladi. So‘nggi qadamda matodan mahsulot ishlab chiqariladi.

Klaster – mana shu butun tizimni shakllantirish.

Uning fermerlikdan farqi nimada? Avval fermerlarimiz bevosita «O‘zpaxtasanoat» bilan shartnoma tuzib, ularni paxta tolasi bilan ta'minlab bergan. «O‘zpaxtasanoat»dan esa to‘qimachilik korxonalari paxta sotib olardi. Endilikda fermer va to‘qimachilik korxonasi o‘rtasida uzviylik paydo bo‘lmoqda.

Klaster tizimi ikkita yo‘nalishda tashkil qilindi. Birinchisi, fermerlar va to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida bevosita shartnoma. Ikkinchi, salmog‘i yuqori bo‘lgan to‘qimachilik korxonalari fermerlikni o‘zi shakllantirmoqda. Bunga misol – Quyi Chirchiq tumanidagi «TCT cluster» korxonasi.

Klaster tizimi dunyodagi bir qancha yirik davlatlarda o‘z samarasini ko‘rsatgan. Masalan, Fransiya va Niderlandiya qishloq xo‘jaligida klaster tizimi qo‘llaniladi.

Bugun biz to‘qimachilik sohasida dunyodagi eng nufuzli «Gerse» to‘qimachilik tashkiloti bilan uchrashuv o‘tkazdik. Ular O‘zbekistondagi klaster tizimini unikal sifatida baholadi. Ya'ni, to‘qimachilik korxonalari paxta yetishtirishga aralashib, bevosita shundan manfaat ko‘rishi bu – unikal.

«Fermer endilikda hosil miqdorini oshirish orqali daromadini oshirishi kerak»

2020 yildan boshlab paxta xomashyosi ishlab chiqarish va majburiy sotish rejasi, uning narxini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Shuningdek, davlatga majburiy g‘alla sotish hajmi 25 foizga kamaytirilishi belgilangan.

Xo‘sh, bu yangi tizimda shartnoma bandlari qanday tuziladi? Narxni erkin belgilash tizimi qanday yo‘lga qo‘yiladi?

 

– Biz ham fermerlarning daromadini oshirish tarafdorimiz. Bu tizimda bizning to‘qimachilik sanoati korxonalarimiz bir kunda boyib ketishi shart emas.

Biz to‘qimachilikdan kelayotgan daromadni pastga, fermerlarga yetkazib borishimiz kerak.

To‘g‘ri, biz narxlarni oshirdik, lekin fermer endilikda hosil miqdorini oshirish orqali ham daromadini oshirishi kerak.

Davlat buyurtmasini yo‘q qilishning bir omili uning narxga aralashuvini yo‘q qilish.

Hozir shunday kelishuv ustida ishlanyaptiki, unga ko‘ra, xarajatlarga qarab narx shakllantiriladi. Bu fermer tomonidan shakllantiriladi. Albatta, bunda xalqaro bozorda shakllanayotgan narxlar ham inobatga olinadi.

Bunda fermer, deylik, Amerikadagi narxga qarab intiladi.

To‘qimachilik korxonalarimiz hozir ham pul, ham texnika-texnologiya ko‘rinishida qishloq xo‘jaligiga investitsiya kiritmoqda. Bu sarmoyalardan yutadigan – fermerdir. Chunki kiritilayotgan sarmoyadan hosil oshib boradi.

Avvallari fermerlarga paxta uchun gektariga 30 sentner reja qo‘yilardi. Hozir esa biz fermerlarga 40-50 sentner aytyapmiz. Shunga yarasha fermerlar ham o‘ziga yangi talablar qo‘yishi kerak.

«Agar fermer kafolatlangan miqdorda paxta yetkazib beraman, desa, ularga hech qanday e'tirozimiz yo‘q»

Jahon tajribasida klasterlar fermerlarning ixtiyoriylik asosida birlashuvidan yuzaga keladi. Nega bu tizim O‘zbekistonning ayrim hududlarida fermer xo‘jaliklarini majburiy tugatib yuborish va klasterlarga majburiy birlashtirish orqali joriy etildi?

Bu bosqichma-bosqich bo‘lishi kerak emasmidi?

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi rahbari savolga javob berar ekan, bizning fikrimizga qo‘shilmasligini ta'kidladi. Uning aytishicha, yaxshi ishlab kelayotgan fermer xo‘jaligini tugatish tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan ish.

– To‘qimachilik korxonalarining asosiy ishi – to‘qimachilikdan daromad topish. Bu borada bizda ayrim paytlarda uzilish paydo bo‘ldi. Ya'ni bizda kerakli paytda kerakli sifatdagi xomashyo topishda qo‘rquv paydo bo‘lgan.

Agar fermer sizga kafolatlangan miqdorda paxta yetkazib beraman, desa, biz tomonimizdan ularning faoliyatiga hech qanday e'tiroz bo‘lmaydi.

– Masalan, Quyi Chirchiq tumanida hozir fermer xo‘jaliklari deyarli saqlab qolinmadi.

– Quyi Chirchiq tumanini istisno tariqasida ko‘rishingiz mumkin. Yillar davomida bu tumanda paxtachilikda biror yutuq va yuqori hosildorlik bo‘lmagan.

Biz tomonimizdan juda katta tushuntirish ishlari olib borildi, fermerlar bilan gaplashildi.

Ularga aytdikki, sizlarga hosildorligida kafolati bo‘lmagan fermerlikdan kafolatlangan oylikli tizim ma'qul emasmi, deb.

Klaster tizimi shundan keyin, bosqichma-bosqich joriy qilindi.

Men sizga fermerlarimiz yaxshi ishlab kelgan boshqa tumanlarimizni aytishim mumkin. Samarqand viloyatining Narpay tumanida hisob-kitobni biladigan yaxshi fermerlar bizga aytganki, sizdan hech narsa kerak emas, vaqtida pulimizni to‘lasangiz bo‘ldi, deb.

Bunday misollarni yana Xorazmning Xiva, Xonqa tumanlari misolida ham keltirish mumkin.

Bu fermerlarga vaqtida ta'minot yetkizilishi va terilgan mahsulotini sotib olish kerak.

«Ishlab chiqarish muddati uzaygani fermerga pul to‘lolmaslikning uzri bo‘lolmaydi»

2019 yilda ayrim klasterlar fermer xo‘jaliklariga olingan hosil uchun to‘lovni amalga oshirolmadi. Bu kabi holatlarda fermerlarning klasterga nisbatan ishonchi yo‘qolmaydimi?

– Qishloq xo‘jaligida moliyalashtirish masalasi ma'lum vaqt talab qiladigan tizim. Masalan, mart oyida yerga qadalgan chigitni mahsuloti kuzga kelib yetishtiriladi va 5-6 oy mobaynida tolaga o‘tkaziladi. Tayyor tola to‘qimachilik mahsulotlariga o‘tkaziladi va o‘shandagina oxirgi to‘lov o‘tadi.

Bu tizimda ishlab chiqarish muddati uzaymoqda. Lekin bu narsa hech qachon fermerga pul to‘lolmaslikning uzri deb qabul qilinmasligi kerak.

Fermer yetishtirgan mahsuloti uchun o‘z vaqtida pulini qabul qilishi kerak.

Men yuqorida aytdim: fermer mahsulotni yetishtirib beradi, klaster uning pulini yetkazib beradi. Bu yerda ikkovining ham majburiyatlari va huquqlari bor.

Siz hosil uchun pullar vaqtida to‘lanmagani haqida gapiryapsiz. Bu juda to‘g‘ri. Bizda yaxshi bir ibora bor: mehnat qilgan kishiga uning peshona teri qurimasdan haqini to‘lash kerak.

Afsus bilan aytishim mumkinki, qandaydir istisno holatlari ham uchrayapti.

Men ishonch bilan ayta olamanki, mart oyiga kelib fermerlar oldidagi qarzdorliklar to‘liq uzildi. Tizimning haq-nohaqligi bunga qarab shakllanmasligi kerak.

Paxtani yetishtirmagan fermerning qarzdorligini klaster to‘lab berishi kabi holatlar ham bo‘lishi mumkin. Masalan, 80 mlrd.gacha bo‘lgan qarzdorlikni klaster o‘zini mablag‘idan to‘lab berishiga to‘g‘ri keldi.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top