19:48 / 14.04.2020
23959

Maxsus komissiya qarori: Pensiyalar plastik kartalarga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda karantin davrida pensioner va nafaqaxo‘rlarning salomatligini saqlash maqsadida, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra respublikadagi epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar may oyidan pensiya va nafaqalarni to‘liqligicha plastik kartalarga o‘tkazish orqali amalga oshirish choralari ko‘riladi. Bu Respublika maxsus komissiyasi va Maxsus shtabning 2020 yil 14 apreldagi qo‘shma yig‘ilishi qaroriga asosan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish va e'lon qilingan karantin talablariga qat'iy rioya etilishini ta'minlashga qaratilgan choralarda ko‘zda tutilgan.

Ma'lum qilinishicha, barcha hududlar naqd pul olish imkonini beruvchi bankomatlar bilan hamda ular naqd pul bilan ta'minlanadi.

Naqd pullar saqlanadigan pul omborxonalari va qayta sanash kassalari haftada 2 marta dezinfeksiya qilinadi.

Qo‘shma qarorga muvofiq, karantin davrida nogironlik muddati tugaydigan fuqarolarni qayta ko‘rikdan o‘tkazmasdan, nogironlik muddatlari avtomatik tarzda uzaytirilgan holda pensiya (nafaqa) to‘lovlari davom ettiriladi.

Shuningdek, karantin davrida pensiya va nafaqa (jumladan, dafn marosimi va bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa)larga huquqi paydo bo‘lgan fuqarolarga, karantin tadbirlari tugagandan keyin 1 oy davomida Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlariga murojaat etish huquqi taqdim etiladi, bunda ularga pensiya (nafaqa)lar karantin cheklovlari davridagi huquqi paydo bo‘lgan sanadan tayinlanadi.

Bank plastik kartalari va ishonchnoma orqali pensiya (nafaqa) olayotgan hamda tayinlangan pensiya (nafaqa)ga bo‘lgan huquqini tasdiqlash muddati kelgan, shaxsni tasdiqlovchi hujjati (pasport) muddati tugagan fuqarolardan hujjat talab etmasdan, to‘lov muddatlari 4 oy muddatga uzaytiriladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top