O‘zbekiston | 11:36 / 01.11.2022
91167
2 daqiqa o‘qiladi

Noyabr oyi uchun ob-havo prognozi e’lon qilindi

Noyabr oyi odatdagidan biroz quruqroq va sovuqroq bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Foto: KUN.UZ

“O‘zgidromet”ning dastlabki baholashiga ko‘ra, 1 noyabr kuni respublikaning barcha hududlarida 17-20 daraja iliq bo‘lgan quruq va juda iliq ob-havo kutilmoqda. Biroq 2 noyabrdan respublika bo‘yicha havo sovuqlashadi, hududlarning katta qismida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Keyinchalik O‘zbekistonda noyabr oyining birinchi haftasi davomida beqaror ob-havo kutilmoqda, 12-15 daraja iliq atrofida bo‘lgan nisbatan salqin harorat fonida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Birinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib, nisbatan sezilarli sovuq tushadi.

Keyinchalik iliq va sovuq to‘lqinlar bir-biri bilan o‘rin almashadi va harorat kechalari 5-8 daraja iliqdan 2-5 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 15-18 daraja iliqdan 5-8 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi, sovuq davrlarda qorga aylanadi.

Ma’lumot uchun, ayrim yillarda noyabr oyining eng iliq kunlarida havo harorati 22-27 darajagacha ko‘tariladi. Biroq ko‘pincha oyning birinchi yarmida kunduzgi harorat 13-18 daraja, ikkinchi yarmida esa 8-13 daraja atrofida bo‘ladi. O‘tgan 50 yilda O‘zbekiston hududida noyabr oyida juda qattiq sovuq kuzatilmagan. Faqat 2016 va 2020 yillardagi noyabr oylarining so‘nggi o‘n kunligida harorat 9-12 daraja sovuqqa, shimolda 20-23 daraja sovuqqa yetdi.

 

Mavzuga oid