8455.37 USD +4.00

9554.57 EUR +77.20

131.53 RUB +2.16

11060.5 GBP +43.26

16:00 / 23.05.2018 156499

Rossiya yoki AQSh: O‘zbekiston kim bilan hamkorlik qilgani ma'qul?

Foto: RBK-Ukraina

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15-17 may kunlari AQShga amalga oshirgan rasmiy tashrifi arafasida Rossiyaning bir qator ommaviy axborot vositalari tomonidan mamlakatimizga nisbatan uydirma xabarlar tarqatildi. Ammo... ota-bobolarimizdan qolgan bir gap bor: yon qo‘shning – jon qo‘shning. Keling, obektiv va qisqa tarzda hamda imkon darajasida ikki davlat, Rossiya va AQShni solishtirib chiqsak. Xo‘sh, O‘zbekistonga kim bilan aloqa qilish ma'qul?

Iqtisodiyot 
Amerika Qo‘shma Shtatlari iqtisodiyoti oxirgi 100 yil ichida jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Hozirgi vaqtda 2-o‘rinda. To‘g‘ri, davlat qarzi muammosi ham bor, ammo diversifikatsiya, ya'ni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish turlarning xilma-xilligi juda rivojlangan. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha har qanday imkoniyat yaratilgan. Talab esa quyidagicha: qattiq mehnat va kreativ fikrlash qobiliyati. Jahon iqtisodiy tashkilotlar ma'lumotiga ko‘ra, 2016 yil davomida AQSh 3,5 trln dollarlik eksport va 4,88 trln dollarlik import qildi. Xuddi shu yili AQSh yalpi ichki mahsuloti 18,6 trln dollarni tashkil etdi, jon boshiga esa 57,5 ming dollarni. AQShning eng yaqin iqtisodiy hamkorlari Kanada, Meksika, Xitoy, Buyuk Britaniya va Germaniya hisoblanadi. 
Jahon moliyaviy reyting ro‘yxatida 15-o‘rinni egallagan Rossiyaga so‘nggi sanksiyalar nihoyatda salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Masalan, mana so‘nggi yangilikdan biri: jahonga mashhur Morgan Stanley banki Rossiya yalpi ichki mahsuloti o‘sishi joriy yilda 2,3 foizdan 1,8 foizga tushishini ma'lum qildi. 2016 yilda Rossiya Federatsiyasi yalpi ichki mahsuloti 1,28 trln dollarni, aholi jon boshiga esa 23,2 ming dollarni tashkil etdi. 2016 yilda Rossiya 719 mlrd dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, import ko‘rsatkichi 458 mlrd dollarni tashkil etdi. Rossiya biznes sohasida asosan Xitoy, Germaniya, Belarus va Turkiya bilan hamkorlik qiladi.  

Yuqoridagi raqamlar shuni ko‘rsatib turibdiki, Rossiyaning yalpi ichki mahsuloti AQShnikidan sal kam 14 barobar kam. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari ham nisbatan past darajada. Shu o‘rinda Bureau of Economic Analysis and International Monetary Fund tashkiloti keltirgan ba'zi faktlarni yozib o‘tsak. Ma'lumotlarga ko‘ra, birgina Kaliforniya shtatining yalpi ichki mahsuloti Fransiyaniki bilan tengdir, ya'ni 2,4 trln dollar. Nyu-York shahri yalpi ichki mahsuloti esa Kanadanikiga teng bo‘lib, 1,4 trln dollarni tashkil etadi. 

Kengaytirilgan hamkorlik
Rossiya bilan yaqindan hamkorlik qiladigan davlatlar ro‘yxati Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Belarus bilan chegaralanadi. Boz ustiga ushbu davlatlarning ham Rossiyaga «ko‘zi uchib turgani» yo‘q. Turkmanistonda oxirgi rus maktabi tugatilgani va Qozog‘istonda asta-sekinlik bilan lotin alifbosiga asoslangan yozuv joriy etilishi bunga yorqin misol bo‘ladi. Hozirda Ukraina MDHdan chiqib ketish niyatida. 

O‘zbekiston AQSh bilan do‘stona, ishonchli va tizimli hamkorlik o‘rnatishi nimani bildiradi? Bu butun Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlarga eshik ochilishini anglatadi. Bizning diplomat va tadbirkorlarimiz AQSh vakillari bilan doimiy ravishda aloqada bo‘lib turishsa, AQSh ham bizni boshqa davlatlarga tavsiya etishni boshlaydi va ushbu davlatlar bilan hamkorlik yanada kuchayadi. Bular - Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Germaniya, Finlyandiya, Shvetsiya, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqalar.

Shu o‘rinda migratsiya masalasiga ham to‘xtalib o‘tsak. Bu sohada AQSh Rossiyaga bas kela olmaydi. Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, hozirgi vaqtda Rossiya hududida 2 milliondan ortiq o‘zbek fuqarolari ishlaydi. Umuman olganda, AQSh aholisi asosan migrantlardan tashkil topgan bo‘lsada, o‘zbeklarga doir aniq bir statistika topilmadi. Bundan tashqari, o‘zbek fuqarolari AQShga qonuniy yo‘l bilan faqatgina Grinkart orqali ketishlari mumkin. Amerikaga viza olish qiyin masala. Rossiyada esa o‘zbeklar ro‘yxatdan o‘tsa bas, hech qanday viza kerak emas. 

Xalqaro tashkilotlar
AQSh tashabbusi yoki hamkorligi bilan tuzilgan tashkilotlarni eslar ekanmiz, xayolimizga Jahon Banki, Osiyo Taraqqiyot Banki, Afrika Rivojlanish Banki, Xalqaro Valyuta Fondi va boshqa o‘nlab moliya tashkilotlari keladi. BMT hamda uning qoshidagi tashkilotlar haqida gapirar ekanmiz, shuni unutmaslik lozimki, AQSh ushbu xalqaro tashkilotning eng asosiy donori hisoblanadi. Masalan, AQSh oxirgi vaqtlarda BMTning 22 foizlik byudjyetini shakllantirmoqda. 

Rossiyaning xalqaro moliya tashkilotlari haqida gapirar ekanmiz, tabiiy savol tug‘iladi. Ular o‘zi bormi? To‘g‘ri, «Gazprom», «Rusal» va shu kabi yirik korporatsiyalar mavjud, ammo ular asosan davlat monopoliyasidagi tashkilotlar hisoblanib, xalqaro moliya tashkilotlari qatoriga kirmaydi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining BMT byudjyetida 3 foiz ulushi bor. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xaqida gapirar ekanmiz, bitta narsani unutmaylik, bu tashkilotda eng katta rolni Xitoy o‘ynaydi.

Siyosat
Ko‘pchilik Rossiyani maqtaydi. Mayli, bu ularning ishi. Ammo Rossiya o‘ziga juda yaqin bo‘lgan Ukrainadan Qrimni «tortib olishi» juda achinarli holat bo‘ldi. Boz ustiga, Ukrainaning ikki viloyatida hali ham fuqarolar urushi davom etmoqda. Qrimni «tortib olish» - ortdan pichoq urish bilan barobar ish bo‘ldi. Siyosat haqida gapirar ekanmiz, albatta korrupsiyani ham inobatga olish lozim. Jahonga mashhur bo‘lgan «Transparency International» tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, Rossiya korrupsiya ro‘yxatida 29 indeks bilan 135-o‘rinni egallaydi.

AQSh shu paytgacha o‘z yaqinlariga orqasidan «pichoq urmagan». To‘g‘ri, Suriya, Iroq va boshqa davlatlarda urush bo‘lmoqda, ammo AQSh hech qachon Buyuk Britaniya, Fransiya yoki Avstraliyadan tegishli hududni tortib olmaydi. Hech qachon ularning ortidan ish qilmaydi. Talab etilsa, bir stol ustida barcha muammolarni bartaraf etadi. Korrupsiya masalasida AQSh yuqoridagi ro‘yxatda 75 indeks bilan 16-o‘rinni egallagan. 

Yaqindagina ushbu masala haqida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanida gapirdi. 

«Xullas, bir narsani tushuning: nima uchun bizga AQSh sarmoyasi, texnologiyasi kerak? Chunki, unday texnologiya va ishlanmalar hali O‘zbekistonga kirmagan. Eng rivojlangan, kimgadir yoqadi, kimgadir yoqmaydi, lekin AQSh texnologiyasi kirgan davlatda hisob-kitob joyida bo‘ladi. Ularning texnologiyasi kirgan joyda korrupsiya, o‘g‘irlik bo‘lmaydi. Bu bir mezon, tarozining pallasi bo‘ladi. Shuning uchun ular osonlik bilan bironta davlatga sarmoyasini kiritmaydi», -dedi prezident.

Biznes
AQSh, uning ortidan Yevropa bizga bozor «eshik»larini ochsa, ishonavering, biznes taraqqiy etib ketadi. Tadbirkorlarimiz AQSh va Yevropaga million-million dollarlik eksport qilishlari mumkin. Bunga bitta narsa kerak: AQSh bilan tizimli, do‘stona va ishonchli hamkorlik. Shunga qaramasdan, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, hozigi holat qoniqarli emas. 2016 yilda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi tovar ayriboshlash 453 mln dollarni tashkil etdi. Bu O‘zbekiston umumiy tashqi savdo aylanmasining atigi 2 foizni tashkil etdi. 2016 yil davomida amerikaliklarning kompaniyalari O‘zbekistonga 600 mln dollarlik investitsiya kiritdi. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda 160dan ortiq AQSh kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. 2017 yilda esa tovar ayriboshlash ko‘rsatkichi tushdi va 210 mln dollarni tashkil etdi. 

Rossiya bilan biznes hamkorlik haqida gapirsak, 2017 yilda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayriboshlash hajmi 3,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda rossiyalik ishbilarmonlar yurtimizga 1,6 mlrd dollarlik investitsiya kiritishdi. Umuman olganda, Rossiya Federatsiyasining savdo reytingida O‘zbekiston 4-o‘rinni egalaydi. Boz ustiga AQShdan farqli o‘laroq O‘zbekistonda tez-tez Rossiya yarmarkalari tashkil etiladi. Shuningdek, oxirgi vaqtlarda viloyat hokimlarning Rossiyaga tashrifi hamda Rossiya gubernatorlarining O‘zbekistonga tashrifi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. 

Endi atrofingizga bir boqing. Kompyuterdagi Windows, ko‘pchilik ishlatadigan iPhone, do‘stlarimiz bilan rasmlarni ulashadigan Facebook, hamda yozning issiq kunlarida ichiladigan Coca-Cola va Pepsi. Barchasi AQSh brendi.

Bu yerda esa obektiv nazar tashlang. Rossiya Federatsiyasi o‘zining yagona brendi va jahonga mashhur bo‘lgan Telegram’ni ham sig‘dira olmadi. Rossiyada ijtimoiy messenjer rasmiy ravishda taqiqlandi, bloklandi va yo‘q qilindi.

Ta'lim
Rossiya va AQShda ta'lim olayotgan bir necha talabalardan ijtimoiy tarmoq orqali suhbat oldik. Umumlashtirilgan xulosalar quyidagicha:

Ma'lumot berishlaricha, Rossiyada o‘qish yaxshi, ammo qiyinchiliklar ko‘p. Moliyaviy masala juda qiynab qo‘ygan. Hamma narsa qimmat, narxlar osmonda. Stipendiya degan narsa yo‘q, kontrakt to‘lovi ham qimmat. Ishlashga sharoit umuman mavjud emas. Bir tomondan talaba qo‘rquv ostida yashaydi. Propiska illati o‘sha yerda ham bor. Tez-tez tekshirib turishadi. Yaqin orada talabalar O‘zbekistonga qaytib kelish niyatida.

Amerika Qo‘shma Shtatalari universitetlari hattoki samolyot chiptasigacha to‘lab bergan. Yotoqxonalar juda chiroyli. Kitoblar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. O‘qituvchilar va mahalliy aholi juda xushmuomala. Shumtakalik yoki qonunbuzarlik qilmasangiz, politsiyaning siz bilan ishi ham yo‘q. Stipendiya bir oyga yetadi.

Buyuk Britaniyaning Times Higher Education nashriyoti har yili «The World University Rankings» reyting hisobotini tayyorlaydi. Har yili ushbu reytingda dunyodagi 200ta eng yetakchi va professional oliy o‘quv yurtlari ko‘rsatiladi. Masalan, birinchi o‘ntalikdagi 6ta o‘rinni AQSh universitetlari egallagan. Bunga Kaliforniya texnologiya instituti, Stenford universiteti, Massachusets texnologiya instituti va Garvard universitetlari misol bo‘lishi mumkin. Ushbu fakt ham AQShda ta'lim rivojlanganidan darak beradi. Rossiya Federatsiyasining Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti 200ta oliy o‘quv yurtlar orasida 194-o‘rin bilan kifoyalangan.

OAV
Bir kuni Farg‘ona vodiysidagi bir qishloqqa bordik. O‘tirishda gap siyosat, ya'ni Rossiya va Ukraina munosabatlari haqida ketdi. Ishoning, o‘tirgan 3-4 kishi Rossiya va Putin uchun o‘z jonini berib yuborishiga tayyor ekanligiga amin bo‘ldik. Shunday tasavvur uyg‘ondiki, bu shaxslar o‘z Prezidentimiz va Vatanimizni ham bunchalik sevishmasa kerak. 
«E, o‘sha Amerikangni. Dushmanlar. Nima qildi ular? Hammani o‘ldirib yotibdi. Iroqni bosib oldi. Mana bizda ham revolyutsiya qilmoqchi edi. Yaxshiyam bizning baxtimizga Putin bor ekan. Agar u bo‘lmaganida, bizni allaqachon yanchib tashlashardi», - dedi bir akaxonimiz.

O‘zbekistonda prezident, hukumat, armiya, ko‘p millatli aholi bo‘la turib, Putinga rahmat ekan-da?
Ortiqcha tortishmadik. Birinchidan, barchalari uylarida kecha-yu kunduz Rossiya telekanallarini tomosha qilishadi. Ikkinchidan, ba'zilarining farzandlari Rossiyadan pul jo‘natib turishar ekan. Hammasi tushunarli.

Xulosa
Xulosani o‘zingiz qiling. Bu yerda faqat ba'zi faktlar qisqa holda keltirildi. Ota-bobolarimizning bir gapi bor. «Yomonga yaqinlashsang, balosi yuqar, qozonga yaqinlashsang – qorasi». Umid qilamizki, bizning tashqi siyosat doimo yaxshiga yaqinlashadi.

Ulug‘bek Akbarov

Top