15:37 / 01.11.2018
10801

Yuqori reytingga ega o‘zbekistonlik sportchilarga 10 barobargacha ko‘proq stipendiya to‘lanadi

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida medal qo‘lga kiritishi ehtimoli yuqori bo‘lgan sportchilarni tanlab oladi va ularga qolgan atletlarga nisbatan sezilarli darajada ko‘proq miqdorda stipendiya to‘lay boshlaydi. Bu haqda bugun, 1 noyabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida tashkil etilgan yig‘ilishda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri qo‘mita bosh kotibi Jasur Matchanovga asosan xabar bermoqda.

«Tokio-2020 Olimpiadasida haqiqatdan ham medal olishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilarni ularning reytingiga qarab ajratib oldik. Ularning Milliy olimpiya qo‘mitasidan oladigan stipendiyasi boshqalariga nisbatan kamida 15 millionga farq qiladi. Ularning stipendiyasi miqdori 15 milliondan 20 milliongacha etib belgilanadi. Qolganlarniki esa 2-5 million atrofida bo‘lishi mumkin. Maqsad – sportchilar reytingda o‘zlaridan yuqorida turgan raqobatchilariga yetishga intilishsin», - deb aytib o‘tdi Matchanov.

«Endilikda saralab olingan sportchilar yil 12 oy davomida xorijda yig‘in o‘tkazishi bo‘yicha topshiriq olganmiz. Erkin va yunon-rum kurashi bo‘lsa, Gruziyaga borishsin, Kavkazga borishsin; boks bo‘lsa, Kubada tayyorlansin, Yevropaga borsin. Har bir sport federatsiyasi haqiqatda medal olishga qodir sportchilarini biladi. Ularning jahon miqyosidagi reytingi ham baland. O‘sha sportchilarni saralab olamiz. Ularning ovqatlanish rejimi ham, ularga berilayotgan e'tibor ham, stipendiya ham alohida bo‘ladi. Uy-joy yoki mashinasi bo‘yicha muammosi bo‘lsa, buni ham hal qilamiz», - deya ta'kidladi MOQ bosh kotibi.

Majlisda, shuningdek, prezident topshirig‘i bilan Prezident Adminstratsiyasida Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha alohida sektor tashkil etilgani ham qayd etib o‘tildi.

Top