10:29 / 11.09.2018
235026
Yunusobod tumani hokimi katta miqdordagi pora bilan qo‘lga olindi
Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrining Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov qo‘lga olindi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Manbaning ma'lum qilishicha, B.Abdusamatov investorga joy taqdim etish maqsadida 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlangan. 

Qayd etilishicha, maxsus tadbir Davlat xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan. Yunusobod tumani hokimi ushbu pullar evaziga investorga yer maydoni taqdim etishni va'da qilgan.

Pora bilan ushlangan voqea ishtirokchilari bir necha kishi ekani aytilmoqda.

Baxtiyor Abdusamatov 1976 yilda tug‘ilgan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (1996) hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (2003) tamomlagan.

Turli yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining o‘rinbosari hamda Tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan.

U 2017 yilning 11 aprel kunida prezident rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor chog‘ida hayfsan olgan, bir hafta o‘tib, tuman hokimligiga tushirilgandi

Top