12:34 / 03.05.2018
37639
General Sobir Rahimov haykali avvalgi joyiga qaytariladi
Foto: mapio.net

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Norin tumani hokimiyatida viloyat faollari, hokimlar, sektorlar rahbarlari va boshqa mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. 

KUN.UZ muxbiri xabariga ko‘ra, videoselektor davomida Shavkat Mirziyoyev fashizm bilan kurashda katta matonat va qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbek generali Sobir Rahimov shaxsiga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.

“Mana, 9 may yaqinlashib kelyapti. Meni qiynab kelayotgan yana bitta masala bor. Shafqatsiz fashizm bilan kurashda urush maydonlarida qolib ketgan buyuk bobolarimiz bor. Shularni ichida birgina bo‘lgan general Sobir Rahimovning nomini eslamay ham qo‘ydik. Mana shu qahramon generalimizning haykalini tarix va adolat uchun tiklab qo‘ysak. Bu ish 9 maygacha amalga oshirilsa yaxshi bo‘lardi”, - dedi prezident.    

Eslatib o‘tamiz, general Sobir Rahimov haykali 2011 yilning qishida G‘ofur G‘ulom bog‘iga ko‘chirilgan. Bundan avval haykal Sobir Rahimov tumani hokimligi binosi oldida turgan. 2010 yilda esa tuman nomi Olmazor etib o‘zgartirildi, undan avval «Sobir Rahimov» metro bekatiga ham «Olmazor» nomi berildi.

Ma'lumot uchun: Sobir Rahimov 1902 yil 25 yanvarda (ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra 1 yanvarda) Toshkentda tug‘ilgan. Mehribonlik uyida o‘sgan. 1925 yili Bokudagi harbiy maktabni bitirib, Turkiston harbiy okrugida bir necha yil kavaleriyaga qo‘mondonlik qilgan. 

Ikkinchi jahon urushiga kelib Sobir Rahimov mayor va motoo‘qchi polki qo‘mondoni o‘rinbosari unvonida bo‘lgan. 1941 yil iyulida yaralanib, gospitalda davolangan; o‘sha yil noyabrida 56-armiyaning 1149-o‘qchi polki qo‘mondoni bo‘lib frontga qaytgan. 1943 yilda Sobir Rahimovga general-mayor unvoni berilgan. 1945 yil 26 mart kuni Sobir Rahimov boshidan yaralangan va 8 soatdan so‘ng gospitalda vafot etgan. 

Sobir Rahimovning qabri Toshkentda joylashgan.

Mavzuga oid
Top