00:00 / 12.05.2020
50776

«Jinoyatni qonuniy fosh qila olmagani uchun bunga qo‘l uradi» - Bosh prokuror tergovdagi qiynoqlar haqida

Oliy Majlis Senatining 4-yalpi majlisida qatnashgan Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev tergov jarayonlarida qiynoqqa solish holatlarining kuzatilishi haqidagi savolga javoban, bunga barham berish uchun ko‘rilayotgan choralar haqida ma'lumot berdi.

Foto: Oliy Majlis Senati Axborot xizmati

Nig‘matilla Yo‘ldoshev qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar, jumladan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (qiynoqqa solish) sanksiyasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi 7 yildan 10 yilga uzaytirilganini qayd etdi.

Bosh prokuror sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha ayrim tergov harakatlari – voqea joyini ko‘zdan kechirish, tergov ekspertizasi, voqea sodir bo‘lgan joyga chiqqan holda o‘rganish kabilar videoyozuvga tushira boshlanganiga e'tibor qaratdi; tergov hibsxonasi va tergov izolyatori, vaqtincha ushlab turish xonasi va jazoni ijro etish muassasalarida 3 mingdan ortiq ham audio, ham video yozuv uskunalari o‘rnatilganini ta'kidladi.

Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xatti-harakatlari bo‘yicha kelib tushadigan barcha xabarlar yuzasidan inspeksiya xodimlari ish olib boradi; nomunosib yo‘llarga kirganlar aniqlanib, «tozalash ishlari» olib boriladi.

«Konstitutsiyada va barcha qonunlarda inson huquqlari, sha'ni eng oliy qadriyat sifatida belgilangan. Uni kamsitish, huquqlarini buzishga hech bir idoraning, hatto huquqni muhofaza qilish organlarining ham haqqi yo‘q.

Biz prokuror sifatida bu borada kelib tushgan barcha murojaatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib, inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi materiallari bilan tanishib, huquqiy baho beramiz. Bironta holat nazardan chetda qolmaydi», deya Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh prokurorning fikricha, qiynoqqa solish holatlari o‘z kasbida yetarli malakaga ega bo‘lmagan xodimlar tomonidan sodir etiladi.

«Tergovda qiynoqqa solish bo‘yicha qonun buzilish hollari o‘z kasbida yetarli tajriba, malakaga ega bo‘lmagan, saviyasi past xodimlar tomonidan sodir etilishini ham alohida ta'kidlash kerak. Ular qonuniy yo‘l bilan jinoyatni fosh qilish yo‘lini bilmagani uchun shunga qo‘l urishadi», – dedi u.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev misol sifatida shu yil boshida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida ro‘y bergan voqeani tilga oldi.

«Chiroqchi tumanida tuman ichki ishlar bo‘limining ikki nafar xodimi – Jonqobilov va Oblayevlar o‘g‘rilikda gumon qilingan fuqaroni ichki ishlar binosida ayovsiz kaltaklab, shafqatsizlarcha tan jarohati yetkazib o‘ldirishgan. Oqibatda uning 4 nafar farzandi yetim bo‘lib qoldi.

Ular jazosini oladi, lekin bu bilan nima o‘nglanib qoladi? Shu nuqtayi nazardan, davlat rahbari tomonidan bunday holatlarning  sabablarini aniqlash, keyinchalik yo‘l qo‘ymaslik uchun tergov, tergovgacha tekshiruv va surishtiruv ishlarini takomillashtirish topshirig‘i berildi. Bu bo‘yicha prezident farmoni va qarori loyihalari ishlab chiqilgan», – dedi Bosh prokuror.

Eslatib o‘tamiz, shu yil yanvar oyida Chiroqchi tumanida mol o‘g‘irlashda gumon qilingan 32 yoshli fuqaro IIB binosida kaltaklanib, vafot etgan edi.

Shundan so‘ng ikki nafar ichki ishlar xodimi qamoqqa olinib, bir necha kundan keyin Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Samad Turdiyev iste'fo bergandi. Mart oyiga kelib, Chiroqchi tuman IIB boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari ishdan olindi.

Hodisa yuzasidan tergov tafsilotlari ma'lum emas.

Top