Rossiyadan MDH mamlakatlariga pul o‘tkazmalari bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi bo‘ldi
Joriy yilning uchinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga 1,01 mlrd dollar (ikkinchi chorakdagiga nisbatan 34,9 foizga ko‘p) yuborilgan.
Uchinchi chorakda jismoniy shaxslar tomonidan Rossiyadan MDH mamlakatlariga pul o‘tkazmalari bo‘yicha olti yillik rekord qayd etildi, deb xabar berdi «Kommersant’».
Rossiya markaziy bankining ma’lumot berishicha, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston bu borada yetakchi bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, iyul—sentyabrda Rossiyadan MDH mamlakatlariga to‘lov tizimlari orqali transchegaraviy o‘tkazmalar 2,29 mlrd dollarga yetgan.
Oxirgi marta pul o‘tkazmalari bo‘yicha yirik miqdor – 2,31 mlrd dollarlik ko‘rsatkich 2015 yilning ikkinchi choragida qayd etilgandi.
Joriy yilning uchinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga 1,01 mlrd dollar (ikkinchi chorakdagiga nisbatan 34,9 foizga ko‘p), Tojikistonga 0,53 mlrd dollar (ikkinchi chorakdagiga nisbatan 25,5 foizga ko‘p) va Qirg‘izistonga 0,43 mlrd dollar (ikkinchi chorakdagiga nisbatan 21,7 foizga ko‘p) yuborilgan.
Qayd etilishicha, pul o‘tkazmalari miqdorining o‘sishiga mehnat migrantlari oqimi, xususan, O‘zbekiston va Tojikistondan ishchi kuchini uyushgan tarzda olib kelish sabab bo‘ldi.
IIVning ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil yanvar-sentyabr oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravarga ko‘p - 1,6 mln patent rasmiylashtirilgan. Tojikistonliklar 542 ming, O‘zbekiston fuqarolariga 976 ming patent berilgan.