08:49 / 08.03.2021
9764

O‘zbekiston JICA’dan 15 mlrd iyena va 195 mln dollar miqdorida qarz olmoqchi

Foto: Paul Yeung/Blomberg

Vazirlar Mahkamasining “Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida “O‘zbekistonda shaffof va keng bozor iqtisodiyotiga o‘tishni rivojlantirish siyosatini qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Loyiha doirasida Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan ajratiladigan qarz mablag‘lari O‘zbekiston respublika budjeti xarajatlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida o‘tkazilgan qarz muzokaralari bo‘yicha erishilgan natijalar quyidagicha:

  • muzokaralar davomida JICA qarz mablag‘lari ikkita transhda ajratilishini ma'lum qilgan;
  • koronavirus pandemiyasi salbiy ta'siriga qarshi kurashish uchun tezkor yordam sifatida 15,0 milliard yapon iyenasi miqdoridagi mablag‘ni 15 yil muddatga 4 yillik imtiyozli davr bilan ajratish uchun Jahon banki va JICA tomonidan islohotlar matritsasi ishlab chiqilib, O‘zbekistonda amalga oshiriladi;
  • rivojlantirish siyosatini qo‘llab-quvvatlash uchun 195,0 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni 25 yil muddatga 7 yillik imtiyozli davr bilan ajratish maqsadida JICA tomonidan energetika sohasida islohotlar matritsasi ishlab chiqilgan bo‘lib, Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan bajarilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan muzokaralar davomida JICA tomonidan loyiha doirasida pul o‘tkazmalari jarayonlarini optimallashtirish maqsadida O‘zbekistonning moliyaviy agenti sifatida Markaziy bank belgilangan.

Qarz mablag‘laridan samarali foydalanish maqsadida qaror loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

O‘zbekiston Moliya vazirligi loyiha amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, JICA tomonidan ajratiladigan qarzdan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan mas'ul ijro etuvchi organ sifatida hisoblanadi;

JICA tomonidan ajratiladigan qarzni so‘ndirish, shuningdek qarz bo‘yicha foizlar, komissiyalar va boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilanadi;

O‘zbekistonda shaffof va keng bozor iqtisodiyotiga o‘tishni rivojlantirish siyosatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida islohotlar matritsasi, shuningdek JICA qarz mablag‘larini so‘ndirish hamda u bo‘yicha foizlar va komissiyalarni to‘lash prognoz jadvali ilovalarga muvofiq tasdiqlanadi;

Markaziy bank JICA tomonidan ajratilgan mablag‘lardan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish yuzasidan “MUFG Bank Ltd” banki (Yaponiya) bilan banklararo bitim tuziladi;

O‘zbekiston moliya vaziriga loyiha doirasida JICA direktorlar kengashi tomonidan loyihani moliyalashtirish bo‘yicha rozilik berilgandan so‘ng, O‘zbekiston hukumati va JICA o‘rtasidagi “Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida “Koronavirus pandemiyasi salbiy ta'siriga qarshi kurashish uchun tezkor yordam” va “Rivojlantirish siyosatini qo‘llab-quvvatlash” loyihalarini moliyalashtirish” yuzasidan qarz bitimlarini O‘zbekiston hukumati nomidan imzolashga vakolat beriladi;

JICA qarz mablag‘lari uchun O‘zbekiston Moliya vazirligi, Markaziy bankida qarz shartnomalari bo‘yicha alohida ikkita hisobvaraq ochadi va jalb qilingan qarzlarni Moliya vazirligi g‘aznachiligi chet el valutasidagi yagona g‘azna hisobvarag‘iga ko‘chiradi.

Top