13:02 / 15.05.2021
103468
Toshkentlik yigit Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda kutilmagan iltimosini bayon qildi

Kecha, 14 may kuni, prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi Tepaqo‘rg‘on mahallasi hayoti bilan tanishdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Uchtepa tumanining 11-mavzesida yashovchi yigit davlat rahbari bilan uchrashuvda kutilmagan iltimos bilan chiqqan.

«Yigit prezidentdan quchoqlashib ko‘rishishni iltimos qildi. Shavkat Mirziyoyev uning iltimosini yerda qoldirmadi. Yigit esa hayajondan yig‘lab yubordi», deyiladi Kun.uz muxbiri xabarida.

Mahalla ahli bilan suhbatda nuroniylar Ramazon oyi ro‘zasini shukronalik bilan tutganini, yurtimizga tinchlik-farovonlik so‘rab duolar qilganini aytishdi.

«Mana shu shukronalikni, insof sari baraka ekanini xalqimizga, yoshlarimizga yetkazish kerak. O‘z mahallangizda ko‘rib turibsizlar. Mana, intilsa, qilsa bo‘lar ekan-ku. Bunday o‘zgarishlarning eng katta zamini - yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik. Buning qadriga yetib, har bir mahallani mana shunday chiroyli, tartibli qilishimiz zarur. Balandparvoz gapsiz, mehnatimiz bilan xalqimizni rozi qilishimiz kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma'lumot uchun, Tepaqo‘rg‘on mahallasida 30ta ko‘p qavatli uy bor, 6 ming 150 nafar aholi yashaydi. Ikkita 100 o‘rinli maktabgacha ta'lim muassasasi, bitta ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyat yuritmoqda. Mahalladagi yo‘laklar, daraxtzorlar obod qilingan. Bolalar o‘yingohlari tashkil etilib, sport qurilmalari o‘rnatilgan.

Top